«Iqtisodiyot, kreditlar, Tokio merining iste’fosi sababi...» – Yaponiyadagi iqtisodchi magistrant Nurbek Omonov bilan suhbat
«Xabar.uz» xorijdagi vatandoshlarimiz bilan intervyularni davom ettiradi. Navbatdagi suhbatdoshimiz Yaponiyadagi Ritsumeykan universitetining magistratura bosqichi talabasi Nurbek Omonov bo‘ldi.
Suhbatdoshimiz Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan. Bakalavr bosqichini Soliq akademiyasida olib, hozirgi kunda iqtisodiyot yo‘nalishi magistranti hisoblanadi. U bilan suhbatimiz iqtisodiyot, kreditlar, Tokio merining iste’fosi sababi va shu kabi boshqa mavzularda kechdi.
– Nurbek, bakalavrni Soliq akademiyasida o‘qib, nima uchun magistraturani iqtisod yo‘nalishi bo‘yicha aynan Yaponiyada olishga qaror qilgansiz?
– Soliq akademiyasida asosan soliq sohasiga tegishli O‘zbekistondagi qonunchilik va buxgalteriya chuqurlashtirib o‘rgatilgan. O‘z navbatida, soliq qonunchiligi har bir davlatda har xil. Umuman soliq siyosati davlatning fiskal siyosati bo‘lib, umumiy iqtisodiyotning bir qismini tashkil qiladi. Yaponiyada esa magistraturada asosiy fanlar Makroiqtisodiyot, Mikroiqtisodiyot va Ekonometrika hisoblanib, iqtisodiyot keng doira va tahlil asosida o‘rgatiladi.
Magistratura uchun Yaponiyani tanlashimning yana bir sababi, Osiyo qit’asida iqtisodiy rivojlanishga erishgan aksariyat davlatlar, masalan, Janubiy Koreya, Singapur, Tailand kabi mamlakatlar aynan Yaponiyaning taraqqiyot yo‘lidan ketishga harakat qilishgan. Bundan tashqari hozirda YaIM kishi boshiga yillik 49 187 AQSh dollarni tashkil qiluvchi bu davlat ishlab chiqarishi va texnologik ishlanmalari bilan jahonda faqat AQSh va Xitoydan keyingi uchinchi katta iqtisodiyotga ega mamlakatdir.
Shuningdek, o‘zim tahsil olayotgan Ritsumeykan universiteti 1869-yil faoliyatni boshlagan bo‘lib, 36 mingdan ortiq talabalari bilan Yaponiyada 3-o‘rinni egallagan. Universitet faol xalqaro hamkorlikni ham yo‘lga qo‘ygan.
Xususan, London, Pekin, Dehli va Hanoyida ofislariga ega. Men o‘qiyotgan iqtisodiyot fakulteti esa, nisbatan yosh – 2002-yilda tashkil topgan. Yiliga faqat 15 – 20 ta xorijiy talabalarni qabul qiladi. Shu bilan birga, fakultetda iqtisodiyot yo‘nalishida ilmiy ish qilish uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
– Magistraturadagi ilmiy ishingiz haqida ma’lumot bersangiz. U qanday muammo yechimiga qaratilgan?
– Ilmiy ishimning asosiy maqsadi, moliyaviy sohadagi taraqqiyot hamda uy xo‘jaliklari qarzdorligining daromadlar notengligi indeksi (Gini index) ta’siriga bag‘ishlanadi.
Ilmiy ish davomida 160 dan ortiq mamlakatning 40 yillik ma’lumotlarini ekonometrik model orqali tahlil qilib shunday xulosaga keldimki, iqtisodiyotga ajratilayotgan kreditlarning keragidan ortiq ko‘paytirilishi boylar va kambag‘allar daromadalari o‘rtasidagi farqni oshiradi. Shuning uchun, iqtisodiy siyosatda kreditlar hajmini oshirishga emas, moliyaviy soha ishtirokchilari sonini oshirishga ko‘proq e’tibor berilishi kerak.
Qolaversa, kreditlar ortishi hisobiga shakllanadigan foiz daromadlari banklar va kredit tashkilotlariegalari va aksiyadorlarining boyligini yanada oshiradi. Bundan tashqari, rivojlanayotgan davlatlarda kapital bozorining rivojlanishi Gini indexiga ijobiy ta’sir qiladi. Chunki kapital bozorida ishtirokchilar soni cheklangan.
Yana shuni ta’kidlash kerakki, uy xo‘jaliklari qarzdorligining ma’lum bir miqdorda, mening hisob-kitobim bo‘yicha YaIMning 70 foizgacha ortishi iqtisodiyot uchun xavfli emas. Boisi kreditlar orqali ko‘pchilik aholi o‘z biznesini boshlashi, ta’lim olishga investitsiya qilishi hamda ko‘p yillardan buyon uy sotib olishga imkoniyati bo‘lmaganlar yangi uyga ega bo‘lishi mumkin.
Lekin, agarda uy xo‘jaliklari qarzdorligi keskin YaIMning 70 foizdan oshishi iqtisodiyot uchun xavf keltirib chiqaradi. Bu holat iqtisodiyotda samarasiz va garov bilan kafolatlangan kreditlar ortayotganidan darak beradi.
– Iqtisodchi magistrant Yaponiyaning taraqqiyot omillarini nimalarda ko‘radi?
– Kuzatishlarim bo‘yicha, Yaponiyaning taraqqiyoti ko‘p omillarga bog‘liq. Lekin mening nazarimda asosiy omil bu – hukumat va xalq o‘rtasidagi kuchli ishonchning mavjudligi. Qachon oddiy xalqda davlatga bo‘lgan ishonch kuchli bo‘ladi? Qachonki, hukumat o‘z vazifalarini ochiqlik va oshkoralik bilan olib borsa, qabul qilingan qonunlarga avvalo hukumat darajasida o‘zlari amal qilsa, o‘shandagina xalqda mavjud hukumatga nisbatan ishonch ortadi.
Hukumat darajasida qonunlarga amal qilish va oshkoralikka misol sifatida Yaponiyada hamma hukumat a’zolari har yili 1-aprelgacha yillik daromadlari to‘g‘risidagi hisobotni taqdim etishlari lozim. Yana bir aniq misol, yaqinda Tokio shahar meri hukumat mashinasida o‘z shaxsiy dala hovlisiga ikki marta borganligi aniqlandi hamda hukumat mashinasini o‘z shaxsiy ehtiyojlari uchun foydalanganligi tufayli lavozimidan chetlatildi.
Yana bir asosiy taraqqiyotining omili, yaponlar kasbiy faoliyatida o‘z vazifalarini qandaydir hisobot yoki yuqoridagi rahbarga yoqish uchun emas, balki chin yurakdan astoydil va o‘z vaqtida bajarishga harakat qilishadi. Yaponiyada bu kabi misollarni ko‘plab keltirish mumkin.
– Sizningcha, O‘zbekistonda Yaponiyaning qanday ijobiy tajribalarini joriy etish mumkin?
– O‘zbekistonda Yaponiyaning ko‘plab ijobiy tajribalarini joriy qilish mumkin. Masalan, ta’lim sohasidagi ijobiy tajribasi sifatida bolalarning qobiliyatini erta yoshdan aniqlashga harakat qilish, boshlang‘ich sinflarda imtihonlarning mavjud emasligi kabilarni keltirsa bo‘ladi. Boisi boshlang‘ich sinflarda yosh bolalarni imtihon qilib psixologik bosim o‘tkazishning o‘rniga ularda jamoaviy sifatlarni shakllantirishga harakat qilishadi. Ya’ni, maktablarda o‘quvchilar birgalikda sinfxonalarni tozalashadi va jamoaviy sport bilan ko‘proq shug‘ullanishadi.
Yana bir ijobiy tajriba sifatida nazariya bilan amaliyotning uyg‘unligini keltirish o‘rinlidir. Misol uchun, tahsil olayotgan universitetimda professorlar bir vaqtning o‘zida qaysidir hukumat tashkilotida yoki yirik korxonalarda maslahat kengashlarining a’zosi hisoblanadi. Qandaydir loyiha amalga oshirilishidan avval, albatta ularning fikri inobatga olinadi. Bundan tashqari korxona va tashkilotlar universitetlarga ko‘plab grant loyihalarini taqdim etadi.
Soliq sohasidagi davlat siyosatiga to‘xtaladigan bo‘sam, Yaponiya soliq qonunchiligida, ayniqsa soliq stavkalarida keskin o‘zgarishlar tez-tez amalga oshirilmaydi. Chunki soliq stavkasini bir foizga kamaytirish yoki oshirishning nafaqat budjet tushumiga, qolaversa butun iqtisodiyotga ta’siri bo‘lishi mumkin. Masalan iste’mol solig‘i stavkasini 8 foizdan 10 foizga ko‘tarish ikki-uch yillik muhokamalardan keyingina amalga oshirilgan.
– Yaponlar xarakteri bo‘yicha taassurotlaringiz qanday?
– Yaponlar vaqtni juda qadrlaydigan xalq. Hamma ishni o‘z vaqtida bajarishga odatlanishgan. Misol uchun, ishga jamoat transportining aybi bilan kechka qolishsa, albatta kech qolish sababini tasdiqlovchi hujjat – «reason of lateness»ni oxirgi bekatdan so‘rab olib ish boshqaruvchiga taqdim etishadi. Shu bilan birga, yaponlarda muomala madaniyati va bir-birini hurmat qilishga havas qilasiz. Ya’ni haydovchilar avtomobilda harakatlanish vaqtida deyarli signal chalishmaydi. Restoranlar, savdo do‘konlari va bekatlarda navbatga qat’iy amal qilishadi.
Yana bir ahamiyatli jihati yaponlarning aksariyati butun umr bir tashkilotda xizmat qilishiga guvoh bo‘ldim. Shuning uchun bo‘lsa kerak ular ish va kasb tanlashga jiddiy e’tibor qaratishadi.
– Bo‘sh vaqtlaringizda nimalar bilan shug‘ullanasiz va kitob mutolaasiga ham vaqt bo‘lib turadimi?
– Rostini aytadigan bo‘lsam, bo‘sh vaqtim ko‘p emas. Sababi, so‘nggi vaqtlarda ilmiy ishim bo‘yicha professorlar bergan topshiriqlarni bajarishga bor diqqat-e’tiborimni qaratganman. Biroq shunday bo‘sada, haftaning shanba va yakshanba kunlari do‘stlarim bilan birga qo‘shni shaharlarga sayohat qilishga harakat qilaman. Ba’zan esa, o‘zim yolg‘iz velosipedda Yaponiyadagi eng katta ko‘l – Bivako atrofida sayr qilib turaman.
Albatta ilmiy va badiiy kitoblar mutolaasi ham kundalik yumushlarimdan biri. Ayniqsa hozirgi pandemiya sharoitida, kitob o‘qish bo‘sh vaqtni samarali o‘tkazishning eng maqbul yo‘li deb bilaman.
Masalan yaqinda menejment sohasiga doir yangicha ish uslublarini taklif qilgan Jeyson Friyedning «Rework», davlatlarning geografik joylashuvi hozirda ularning tashqi siyosatiga qanday ta’sir qilayotganligi haqida yozilgan Marshall Timning «Prisoners of Geography», iqtisodiy siyosatga oid Ryuchir Sharmaning «The Rise and Fall of Nations» kitoblarini katta qiziqish bilan o‘qib chiqdim.
Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter