Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Insof va farosatdan yiroq bo‘lmaganlar o‘qisin!

Insof va farosatdan yiroq bo‘lmaganlar o‘qisin!

Foto: «Xabar.uz»

Demonkim, ko‘ngli pok-u ham ko‘zi pok,
Tili pok-u so‘zi pok-u o‘zi pok.

Asrlar avval hazrat Navoiy aytib ketgan ushbu jumlalarning qadri va ahamiyati hozirgi davrda nechog‘lik muhimligi kundalik hayotimizning har qadamida o‘z isbotini topmoqda. Tozalik, poklik haqida eshitganimizdayoq qalbimiz ravshan tortadi, ruhimiz yuksaladi. Ming afsuslar bo‘lsinkim, ko‘nglimizni xira qiluvchi holatlar, vaziyatlar ham yo‘q emas. Hatto keragidan ko‘p. Biz yer yuzida aql tuhfa etilgan yagona jonzot sifatida yon-atrofimizdagi tozalikka, poklikka mas’ulmiz. Biroq, kimlarningdir e’tiborsizligi sababmi yoki mas’uliyatsizligimi ba’zi nuqtalarda ko‘ngil g‘ash tortib, dil ozorlanadi.

Har kuni istagan taomlarimizni yeymiz. Xohlagan ichimliklarimiz muhayyo. Buning shukronaligi o‘laroq atrofimiz to‘la tartibsizlik, atrofimiz to‘la nopoklik. Aslida mavzuyimiz ko‘cha-ko‘yda beparvolarcha chiqindi va axlat tashlab ketadiganlarga taalluqli emas, chunki bu mavzu aytila-aytila eskirgan, biroq aytarli samara bermagan mavzulardan.

Aytmoqchi bo‘layotganlarimiz biroz bo‘lsa-da insof va farosatdan yiroq bo‘lmaganlar uchun. Bugun shu mavzuga yaqinroq boshqa bir jihatga e’tiboringizni qaratishni istardik.

Shaharda aksar joylarda axlat uchun maxsus qutilar bor. Gigiyena qoidalariga amal qilib yashaydigan insonlar uchun bu quvonarli holat, qutilardan foydalanuvchilar, bir qadam beriga axlatini to‘kib ketmaydiganlar uchun bu qutilar bir ne’mat aslida. Shu imkoniyat va sharoitlar yanada tartibga solinsa, nur ustiga a’lo nur bo‘lardi.

Avvalo, pishirilgan taomlarni, yeguliklarni, ayniqsa, nonni uvol qilib tashlash gunoh. Lekin ming afsuski, baribir bunday holatdan chetlab o‘ta olmayapmiz. Nonlar, ovqat qoldiqlari va turli yeguliklar ham axlat qutilaridan joy olyapti. To‘qlikka sho‘xlik deb shuni aytsalar kerak. Mana shu yeguliklar va nonlar uchun qutilarni alohida, boshqa chiqindi va axlatlar uchun alohida qutilar qo‘yishning nahotki hech imkoni bo‘lmasa?

Nahotki biz shunchalik befarosat bo‘lsak?

Bolaning pampersi bilan qotgan non bo‘lagini bir idishga tashlashga qanday ko‘ngil bo‘ladi?! Albatta, chiqindi qutilari katta. Ularga qancha solsangiz ham joylashib ketaveradi. Biroq, shu chiqindilar siqqan qutiga ko‘ngil sig‘armidi...

Har qanday insofli kishining ko‘ngli bunga rozi bo‘lmaydi. Biz ham madaniyatli xalq sifatida shakllanib ulgurishimiz kerak emasmidi shu paytgacha? Momolarimiz, bobolarimiz yerda bir burda nonni yoki ushoqni ko‘rib qolishsa, dol qaddini yanayam egib, nonning uvog‘i ham non deb ko‘zlariga surtar edilar.

Biz shunday insonlarning avlodlari edik.

Bugunga kelib, oddiy tozalikning uddasidan chiqolmaydigan kimsalarga aylandikmi? Yurtimizda qancha turistik joylar bor. Kelgan sayyohlar bunday holatlarni ko‘rib ustimizdan kulib ketmasmikan? Mayda chuyda deb qaragan jihatlarimiz aslida bizning kimligimizni ko‘rsatib turadi.

Mehmon kelsa, uylarini tozalab, yo‘llarga suv sepishdan nima naf, sal narida chiqindilar qutisida oziq ovqatu nonlar qorishib yotsa. Biz ham farosatimizni ishga solaylik. Bu ishga mas’ullar chiqindi uchun qutilarni maxsus ranglarda tayyorlab, ko‘rga hassa qilgandek yozib qo‘yishsin har bitta chiqindini turlarga ajratib. Foydalanuvchi aholi ham savodi bo‘lsa, o‘sha yozuvni o‘qib biriga oziq ovqat qoldig‘ini, boshqasiga bolasining pampersini tashlasin. Biz ham inson degan nomga loyiq bo‘lib, amalimiz ham munosib holda bolalarimizga o‘rnak bo‘lib yashaylik.

Siz nima deysiz, zamondosh?

Nuriddin Ziyo Turaqulov

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring