«Inqirozning onasi» eshik qoqmoqda — Nuriel Rubini
2008-yilgi global iqtisodiy inqirozni to‘g‘ri bashorat qilgan iqtisodchi Nuriel Rubini El Mundo gazetasiga intervyu berdi.
Rubini yaqin o‘n yilda dunyo «barcha qarz inqirozlarining onasi» bilan to‘qnash keladi, dedi.
«Burilish nuqtasiga yaqinlashyapmiz: davlatga qarashli va xususiy kreditorlar, qarz oluvchilar, ziqnalar va sochuvchilar — hammasining hayoti o‘zgarib ketadi», — ta’kidladi Rubini.
2023-yilda ko‘plab mamlakatlarda iqtisodiy o‘sish boshlanadi degan bashoratlarga Rubini shubha bilan qaramoqda.
«Asosiy omillardan biri — inflyasiya: uni 10 foizdan 5 foizga pasaytirish oson, biroq 5 foizdan 2 foizga tushirish o‘ta mushkul masala. Qolaversa, qarzlar iqtisodiy qulashni kuchaytirib, defolt va moliyaviy tushkunlik xatarini oshiradi», — dedi mutaxassis.
Qarz inqirozi jahon iqtisodiyoti uchun «megatahdid»dir. Ko‘p mamlakatlar demografik muammolar, iqlimiy halokatlarga duchor bo‘ladi, sun’iy intellekt ta’siriga tushadi. Global pandemiyalar tahdid solmoqda. Hozirgi avlod o‘sish davrining intihosida yashayapti, «xaos (tartibsizlik) va surunkali nobarqarorlik» davri ostonasiga qadam qo‘ymoqdamiz, deya tushkun bashoratlarini ochiqladi Rubini.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter