«InnoWeek – 2022» haftaligining eng faol ishtirokchilari Innovatsiyalar vazirligi tomonidan taqdirlandi
Poytaxtimizda «InnoWeek – 2022» xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligining yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Shu kunlarda «InnoWeek – 2022» saytida xorijiy davlatlar va mamlakatimiz ilmiy-innovatsion markazlari, investitsiya fondlari, texnologiya agentliklari, texnoparklar va biznes-inkubatorlarning yetakchi ekspertlari, olimlari so‘zga chiqishdi. Haftalikning asosiy mavzusi «Barqaror rivojlanish uchun yashil innovatsiyalar» bo‘ldi.
O‘tgan hafta davomida bir qator xalqaro forumlar, konferensiyalar, B2B uchrashuvlar, panel sessiyalari, muhokamalar bo‘lib o‘tdi. Ularda mahalliy mutaxassislar qatorida jami 25 davlatdan 150 nafar xorijiy mehmonlar qatnashdi. Shu bilan birga, ko‘plab tadbirlarni real vaqt rejimida onlayn kuzatish imkoniyati yaratildi. Efir bir vaqtning o‘zida bir nechta kameralar yordamida translyasiya qilindi, buning natijasida ishtirokchilar 360 graduslik tasvirlarga ega bo‘ldilar.
Yopilish marosimida Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov ham so‘zga chiqib, haftalik haqidagi fikri va olgan taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi:
– Men mahalliy innovator yoshlarimizga bitta narsani aytmoqchiman, davlatimiz rahbari turli tashriflar chog‘ida bergan topshiriqlariga asosan, xorijlik hamkorlar bilan kelishib, ularni O‘zbekistonga taklif qildik. Bizga katta imkoniyat berildi, ilgari bunday imkoniyatga ega bo‘lmaganmiz. Hamkorlarimiz 10 nafardan ortiq PhD darajasiga erishgan yoshlarimizni o‘zi bilan olib ketmoqchi. Bu o‘quv dargohlariga kirish oson emas, masalan, hozir bizdan atigi bir kishi o‘qir ekan.
Prezidentimiz ushbu bino bizga topshirganlarida oldimizga katta narsani vazifa qilib qo‘ygandilar: «Bu bino innovatsiya tarqatsin, innovatorlarni jalb qilsin va ularga ko‘zgu bo‘ladigan uy bo‘lsin», degan edilar. Bugun xalqaro hamkorlarimiz ham erishilgan yutuqlarni e’tirof etishmoqda.
Bugun turli nominatsiyalarda har biringizga imkon beramiz. Biz barchaga e’tibor qaratishga harakat qildik. Kimdir e’tiborsiz qolgan bo‘lsa g‘oyani tashlab qo‘yish kerak emas, balki uni rivojlantirishi zarur. Albatta, g‘oliblar bor, yutqazadiganlar bor. Bugun esa hammamiz g‘olibmiz. Negaki, O‘zbekistonda mana shunday innovatsiyalar, «yashil iqtisodiyot»ga asoslangan rivojlanish ketayotganini butun dunyoga ko‘rsata oldik, – dedi vazir.
Ma’lumot uchun, «InnoWeek – 2022» xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligi davomida jami 27ta xalqaro, 9ta mahalliy tadbir va uchta ko‘rgazma, shuningdek, xalqaro interaktiv yarmarka o‘tkazildi. Shuningdek, ushbu tadbir «TechnoWays» texnologik taraqqiyot marafonining Respublika bosqichi doirasida yosh avlodning eng yaxshi loyihalarini taqdirlash uchun ham yaxshi imkoniyat bo‘ldi.
Hafta davomida ko‘rgazmaga 20 mingdan ortiq ishtirokchi tashrif buyurdi, veb-sayt orqali esa 5658 kishi tomosha qildi. Jami 61,5 milliard so‘mlik 116ta shartnoma va 1,6 milliard dollarlik 18ta hamkorlik memorandumi imzolandi. Shuningdek, mahalliy va xorijiy kompaniyalar bilan umumiy qiymati 60 million dollardan ortiq 20ta investitsiya shartnomasi imzolandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter