Innovatsiya vazirligi Qoraqalpog‘istonda ham tuz bo‘roni oqibatlarini bartaraf etishga kirishdi
O‘zbekiston innovatsion rivojlanish vazirligi shu yilning 26-mayida ro‘y bergan tuz bo‘roni oqibatlarini bartaraf etish yo‘lida navbatdagi amaliyotni Qoraqalpog‘iston Respublikasida amalga oshirdi. Bu haqda Vazirlik matbuot xizmati «Xabar.uz»ga xabar berdi.
Vazirlik xodimlari va mutaxassislaridan iborat guruh fermerlarni Xo‘jayli tumanidagi amaliy seminarga taklif etdi. 150 dan ortiq fermerlar ishtirok etgan tadbirda, biorganik kimyo instituti tomonidan taqdim etilgan «Biosolvent» va «DAG-1» preparatlarini qanday ishlatish, ta’sir muddati va shu bilan bog‘liq jarayonlar haqida ma’lumot berildi. Shundan so‘ng, mutaxassislar tuzdan zarar ko‘rgan hududlardan biriga tashrif buyurishdi.
Bu yerda tuproq va ekinlardan namuna olinib, o‘rganish uchun laboratoriyaga yuborishdi. Maqsad, tuproq va o‘simliklar tarkibini o‘rganish va mabodo yana shunday holat takrorlangudek bo‘lsa, tez ta’sir etuvchi va tabiy ofat yetkazadigan zararni oldini olishga tayyor turish. Shuningdek, maxsus texnika yordamida preparatlar zarar ko‘rgan yerlarga sepildi.
Ta’kidlash lozim, bundan avval Innovatsiya vazirligi ishchi guruhi ayni ishni Xorazm viloyatida amalga oshirgan edi. Kuzatuv natijalariga ko‘ra, iyun oyining boshida ushbu prepartalar sepilgan dalalarda bugungi kunda tuproq tarkibi zararli tuzlardan tozalangan va g‘o‘za g‘unchalari yiriklashgan.
Yana bir yangilik. Innovatsiya vazirligi maxsus ko‘chma laboratoriya tashkil etib, muntazam ravishda hudud tuproqlarining tarkibini o‘rganishni maqsad qilmoqda.
Ma’lumot uchun, shu yilning mart oyida ham tuz bo‘roni ko‘tarilgan va ekinlarga zarar yetkazilgandi. Bu hududda joriy yilgi dehqonchilik katta falokat yoqasida qolgani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter