Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Inhadagi doktorlik ishi, Gran Fondo‘dagi ishtirok» – Koreyadagi vatandosh bilan suhbat

«Inhadagi doktorlik ishi, Gran Fondo‘dagi  ishtirok» – Koreyadagi vatandosh bilan suhbat

Foto: Xabar.uz

«Xorijdagi vatandoshlar» loyihasi doirasidagi intervyular davom etadi. Navbatdagi suhbatdoshimiz Janubiy Koreyadagi Inha universiteti doktoranti Qobiljon Toshnazarov.

Qahramonimiz Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan. Toshkentdagi Inha universitetida bakalavr, Janubiy Koreyadagi Inha universitetining magistratura bosqichida ta’lim olgan.

 Bolaligimdan elektronikaga qiziquvchan bo‘lganman

Qashqadaryodagi rus tiliga ixtisoslashtirilgan maktabda ta’lim olganman. Maktab yillari esda qolarli voqealar va izlanishlar bilan o‘tgan. Matematika, fizika va ingliz tilini yaxshi o‘zlashtirishga intildim. Bo‘sh vaqtlarim esa, o‘zimning sevimli mashg‘ulotlarim bilan shug‘ullanardim. Bular sirasiga rasm chizish, kompyuter o‘yinlarini o‘ynash va do‘stlarim bilan futbol o‘ynash kabilarni aytishim mumkin.

Bolaligimdan elektronika – kalkulyator, Mp3 pleer, uyali telefonlarga qiziquvchan bo‘lganman. Tez-tez bu qurilmalar qanday ishlashini tushunishga harakat qilardim.

7-sinfga borganimdan keyingina telefon ta’mirlash bo‘yicha mahalliy mutaxassis yordamida elektron qurilmalarni ta’mirlashni o‘rgana boshladim. Aynan shu vaqtda «ta’mirlash» va «muhandislik» o‘rtasidagi farqni angladim. Bu meni ushbu sohada oliy ma’lumot olishga undadi.

Mahalliy universitetlarga qabul korrupsiyalashgandi

2014-yil oliy ta’lim olish imkoniyatlarini ko‘rib chiqayotganimda Toshkentdagi Inha universiteti O‘zbekistonda dasturiy ta’minot muhandisligi yo‘nalishida ta’lim beruvchi yagona oliy o‘quv yurti edi. Qolaversa, o‘sha vaqtlari ko‘plab mahalliy universitetlarga qabul imtihonlari korrupsiyalashgandi. Toshkentdagi Inha universiteti esa yangi tashkil etilgani va aksariyat o‘qituvchilar Janubiy Koreyadan kelgani unga nisbatan qiziqishimni uyg‘otdi.

Qabul imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirib o‘qishga kirdim. Talabalik yillari ko‘p bilimlarga ega bo‘ldim va professorlarimdan kasbga oid qimmatli maslahatlar oldim.

E’tiborlisi, oliygohda professor Kang Sanggil bilan tanishdim. Ularning boshqalardan ajralib turadigan jihati har bir shogirdiga individual yondashuvida edi. O‘qish davomida ular menga bebaho maslahatlar berib texnologiyaga bo‘lgan ishtiyoqimni oshirdi.

Professor tavsiyasi tufayli Janubiy Koreyada magistraturada o‘qishni davom ettirdim. Bu yerda o‘tkazgan dastlabki ikki yilim koreyslar madaniyati bilan tanishish imkoniyatini berdi. Shu bilan birga, magistratura davrida ilmiy ish va tadqiqotlar uchun zarur bo‘lgan ko‘nikmalarni rivojlantira oldim. Anglab yetganlarimdan yana bir muhim narsa, mamlakat har doim innovatsiyalar sohasida o‘qish va ishlashga intilgan talabalar hamda mutaxassislar uchun mehmondo‘st joy.

Loyiha ustida besh yildan beri ishlayapman

Ayni kunlarda PhD bosqichida tahsil olmoqdaman. Ilmiy ishim smartfonlar, aqlli soatlar va shu kabi qurilmalardan foydalangan holda, kundalik hayotdagi stressli hodisalarni aniqlash va ruhiy salomatlik asoratlarining oldini olishga qaratilgan. Fikrimcha, stressning doimiy ta’siri, agar o‘z vaqtida aniqlanmasa va bartaraf etilmasa, ruhiy va fiziologik salomatlik muammolariga olib keladi.

Ruhiy va fiziologik salomatlikka bo‘lgan qiziqishim meni stressni aniqlash bo‘yicha doktorlik dissertatsiyasi ustida ishlashga undadi. Ochig‘i, KENTECH va KAIST’dagi akademik maslahatchilarimning ko‘magi bilan ushbu loyiha ustida deyarli besh yildan beri ishlayapman va shu vaqt oralig‘ida o‘zimning professional va shaxsiy hayotimda koreyscha mehnatkashlik munosabatini muvaffaqiyatli o‘zlashtira oldim.

Kasbiy faoliyatimdan tashqari, yugurish va velosport kabi sport turlari bilan ham shug‘ullana boshladim. Kelgusida Raqamli Terapevtika (DTx) bo‘yicha tadqiqotlarimni kengaytirishni rejalashtirmoqdaman.

Bu sehr emas, shunchaki mashaqqatli mehnat

Xorijda yashash, ayniqsa, birinchi marta vatandan uzoqda bo‘lgan odam uchun o‘ziga xos qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi. Shaxsan o‘zimda, oilam va do‘stlarimni sog‘inish eng katta qiyinchiliklardan biri bo‘ldi. Ammo, texnologiya orqali ular bilan tez-tez aloqada bo‘lish, turli madaniyatga mansub do‘stlar topib, bu muammoni yengishni o‘rgandim. Yangi madaniyat, til va ovqatga moslashishni o‘rganish ham biroz vaqt talab qildi, biroq bu menga yanada moslashuvchan va ochiq fikrli bo‘lishga imkon berdi.

Chet eldagi hayot tarzi, albatta dunyoqarashimni kengaytirdi. Yarim marafonlarda yugurish va Gran Fondo‘dagi  ishtirokim orqali maqsadlarimizga erishishishda xalaqit beradigan ruhiy to‘siqlar haqida tushunchaga ega bo‘ldim.

Dunyoning eng nufuzli universitetlari professorlari bilan suhbatlar davomida yuqori natijalarga erishganlarning boshqalardan farqi ular qancha mehnat qilishida ekanligini tushundim. Bu sehr emas, shunchaki mashaqqatli mehnat. Bu shuni anglatadiki, siz kuch sarflasangiz, hamma narsaga erishish mumkin.

Muvaffaqiyatsizliklar tez-tez sodir bo‘ladi

Darhaqiqat, IT loyihalar ustida ishlash o‘ziga xos murakkab faoliyat, muvaffaqiyatsizliklar tez-tez sodir bo‘ladi. Ko‘pincha, qiyinchiliklarini yengishda Agile metodologiyasidan foydalanaman. Mazkur metodologiya jamoa a’zolari o‘rtasida aniq va izchil aloqada bo‘lish, o‘zgarishlarga moslashish muhimligini ta’kidlaydi. Bular orqali muammolarni tezda aniqlash va hal qilish, loyihaning muvaffaqiyatsizlik xavfini minimallashtirish va yuqori samaradorlik imkonini beradi.

IT-loyihalardagi qiyinchiliklarni hal qilishda qo‘llaydigan yana bir yondashuv – texnik ko‘nikmalarimni doimiy ravishda oshirish. O‘zimni eng so‘nggi texnologiyalar, dasturlash tillari va dasturiy ta’minotni ishlab chiqish amaliyotlari bilan rivojlantirib boraman. Bu menga nafaqat texnik qiyinchiliklarni yengib o‘tishga yordam beradi, balki muammolarni hal qilish ko‘nikmalarimni yaxshilaydi.

Savolingizning ikkinchi qismiga to‘xtaladigan bo‘lsam, bir qator dasturiy loyihalar yaratilish jarayonida ishtirok etganman. Misol uchun, konsepsiyasi Janubiy Koreyaning Yonse universitetining Xulq-atvor psixologiyasi bo‘limi tadqiqotchilari guruhi tomonidan ishlab chiqilgan saraton kasalliklari uchun mobil ilovadagi ishtirokimni aytishim mumkin. Ilova depressiya, xavotirni kamaytirish, uyqu va g‘azab muammolarini yengishga mo‘ljallangan 42 kunlik o‘quv mashg‘ulotlaridan iborat.

Dasturchida bo‘lishi kerak bo‘lgan muhim ko‘nikmalar

Menimcha, dasturchida bo‘lishi kerak bo‘lgan muhim ko‘nikmalar yoki atributlar quyidagilardan iborat:

- Moslashuvchanlik va yangi texnologiyalarni o‘rganishga tayyorlik, chunki IT sohasi doimiy ravishda rivojlanib bormoqda.

- Tafsilotlarga e’tibor berish, eng kichik xatolik ham dasturiy ta’minotni ishlab chiqishda sezilarli salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

- Jamoaviy ishlash ko‘nikmalari, ko‘pgina dasturiy ta’minotni ishlab chiqish loyihalari ishlab chiquvchilar, dizaynerlar va manfaatdor tomonlar jamoasi bilan ishlashni o‘z ichiga oladi.

- Muammolarni hal qilish ko‘nikmalari, boisi dasturiy ta’minotni ishlab chiqish ko‘pincha murakkab texnik muammolarga yechim topishni o‘z ichiga oladi.

- Kuchli kodlash qobiliyatlari, sababi kodning sifati dasturiy ta’minotning funksionalligi va ishlashiga bevosita ta’sir qiladi.

- Vaqtni boshqarish ko‘nikmalari, chunki dasturiy ta’minotni ishlab chiqish loyihalari ko‘pincha qat’iy muddatlarga ega.

Qolaversa, dasturchilar o‘z vaqtida miyaga  dam berishi va uxlashi zarur. Tadqiqotchilarga ko‘ra, doimiy 7 soatdan kam uyqu ish samaradorligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi.

Sayohati hayajonli va ilhomlantiruvchi

Jeyms Klerning «Atom odatlari» kitobi menda yaxshi taassurot qoldirgan. Unda yaxshi odatlarni shakllantirish va yomon odatlardan voz kechish bo‘yicha foydali maslahatlar berilgan. Muallif odatlarni shakllantirishni oddiy, bajarilishi oson bosqichlarga ajratadi va kichik o‘zgarishlar vaqt o‘tishi bilan qanday katta natijalarga olib kelishi haqida hayotiy misollar keltiradi.

«Fri-solo», ushbu hujjatli filmni professional qoya alpinisti Aleks Xonnoldning Yosemit milliy bog‘idagi El-Kapitan cho‘qqisiga himoya vositalarisiz ko‘tarilgan birinchi odam bo‘lishga intilgani, sayohati hayajonli va ilhomlantiruvchi bo‘lgani uchun tavsiya qilaman. Film qat’iyatlilikning kuchi va o‘ziga xos chegaralarni bosib o‘tishga tayyor bo‘lgan odamning tafakkuri haqida so‘zlaydi.

«Kipchoge: Oxirgi chegara», ushbu hujjatli film marafon bo‘yicha jahon rekordini yangilagan keniyalik uzoq masofaga yuguruvchi Eliud Kipchoge haqida. Unda barcha davrlarning eng buyuk sportchilaridan birining mashaqqatli faoliyati tasvirlangan.

Bizda vositalar bor, faqat to‘g‘ri fikrlash kerak

Janubiy Koreyada innovatsiyalar va texnologiyalarga e’tibor yuqori darajada. Bir so‘z bilan aytganda, mamlakat texnologiya sanoatida yetakchi sifatida o‘zini namoyon qila oldi. Buni tadqiqot va ishlanmalarga katta sarmoya kiritish, tadbirkorlik hamda innovatsiyalarni rag‘batlantirish orqali amalga oshirdi. Bu 5G, sun’iy intellekt va biotexnologiya kabi ilg‘or texnologiyalarning rivojlanishiga olib keldi.

Fikrimcha, O‘zbekiston Janubiy Koreya misolida o‘zining texnologik taraqqiyotini ta’minlash uchun ilmiy-tadqiqot va innovatsiyalarga sarmoya kiritishga ustuvor ahamiyat bermoqda.

Shuningdek, Janubiy Koreyaning qat’iy qonun-qoidalari mamlakatda barqarorlik va xavfsizlikni saqlashga yordam bergan yana bir amaliyotdir.

Janubiy Koreyaning kuchli mehnat odob-axloqi O‘zbekistonda qabul qilinishi mumkin bo‘lgan yana bir jihatdir. Koreyslarning «hech qachon taslim bo‘lmaslik» mentaliteti ularga turli sohalarda katta muvaffaqiyat qozonishiga yordam berdi va O‘zbekiston ham o‘zining o‘sishi va rivojlanishi uchun ushbu madaniyatni singdirishi mumkin. Bizda vositalar bor, faqat to‘g‘ri fikrlash kerak, xolos.

Yevropa bo‘ylab marafonlarda yugurishni xohlayman

Hayotiy maqsadlarimga kelsak, ham shaxsiy, ham jamoaviy intilishlarim bor. Shaxsiy darajada oilam bilan baxtli hayot kechirish, o‘z ishimdan lazzatlanish, shuningdek, o‘z prinsiplarim, intizomim va inson psixologiyasini tushunishni doimiy ravishda rivojlantirishga intilaman. Jamiyat miqyosida O‘zbekistonning yetakchi davlatlar qatorida bo‘lishi, o‘zbek yoshlarining hech qanday ruhiy to‘siqlarsiz to‘liq salohiyatini ro‘yobga chiqarishini xohlayman.

Bu maqsadlardan tashqari, menda sarguzashtlarga, jismoniy faollikka ham ishtiyoq kuchli. Orzularim sirasiga Yevropa bo‘ylab marafonlarda yugurish va Shveysariya tog‘lari, Barselona plyajlari va Buyuk Britaniyaning tarixiy joylari kabi go‘zal joylarda uzoq masofali velosiped sayohatlariga chiqish kabilarni sanab o‘tishim mumkin. Bunda menga qiziqishlari va mashg‘ulotlari o‘xshash bo‘lgan sherik topaman deb umid qilaman.

 Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring