Infratuzilma tarmoqlariga investitsiya kiritish orqali iqtisodiy o‘sishni ta’minlash mumkinmi?
Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) ekspertlari infratuzilma tarmoqlariga kiritilgan investitsiyalarning iqtisodiy taraqqiyotga ta’sirini baholadi.
PMTI ekspertlari xorijiy tajribani o‘rganish asosida sog‘liqni saqlash, ta’lim, elektr energiyasi va suv ta’minoti, yo‘l-transport, ma’lumotlarni qayta ishlash va uzatish tizimlarini rivojlantirishga kiritilgan investitsiyalarning O‘zbekistondagi iqtisodiy o‘sishga ta’sirini baholovchi elastiklik koeffitsiyentini hisoblab chiqishdi.
Hisob-kitoblar O‘zbekistonning 14 ta hududi kesimida 2010–2021-yillarda ushbu tarmoqlarga kiritilgan investitsiyalar va yalpi hududiy mahsulot (YHM) bo‘yicha panel ma’lumotlar asosida juft regressiya modellarini tuzish orqali amalga oshirildi.
Tadqiqot davomida infratuzilma tarmoqlariga investitsiyalarning kiritilishi iqtisodiy taraqqiyotga quyidagicha ta’sir ko‘rsatishi ilmiy jihatdan asoslab berildi:
- infratuzilmaning barcha tarmoqlariga kiritilgan investitsiyalar iqtisodiy o‘sishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi;
- inson kapitalini oshirish bilan bog‘liq infratuzilmaga kiritilgan investisiyalar eng yuqori ta’sir (elastiklik koeffitsiyent) ga ega, ya’ni ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimlariga kiritiladigan investitsiyalar 1 foizga oshganda, YaHM mos ravishda 0,52 foiz va 0,43 foizga o‘sadi;
- transport va raqamlashtirish sohalarini rivojlantirish uchun kiritilgan investitsiyalar ham iqtisodiyotning rivojlanishi uchun muhim ahamiyatga ega, ya’ni ushbu tarmoqlarga yo‘naltirilgan investitsiyalar 1 foizga oshganda, YaHM mos ravishda 0,32 foiz va 0,30 foizga o‘sadi.
Elektr energiyasi va suv ta’minoti tarmoqlariga kiritiladigan investitsiyalarning ta’siri (elastiklik koeffitsiyenti) boshqa infratuzilma tarmoqlaridagiga nisbatan pastroq, ya’ni ushbu sohalarga yo‘naltirilgan investitsiyalarning 1 foizga oshishi YHMning mos ravishda 0,16 foiz va 0,08 foiz o‘sishiga olib keladi.
Nazariyaga ko‘ra, bunday natija ushbu sohalarga kiritilgan investitsiyalar nisbatan uzoqroq vaqtdan so‘ng iqtisodiy foyda keltirishi bilan izohlanadi. Shu bilan birga, ushbu tarmoqlar boshqalar sohalarning rivojlanishi uchun asos ekanligini yoddan chiqarmaslik lozim. Ularni rivojlantirmasdan, iqtisodiyotning boshqa tarmoqlariga investitsiya kiritish kutilgan natijani berishi qiyin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter