Imron Xon: «Men o‘zbekchani tushuna boshladim»
O‘zbekiston va Pokiston yetakchilarining muzokaralari yakunlari bo‘yicha ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing o‘tkazildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Pokiston Bosh vaziri Imron Xonning rasmiy tashrifini davlatlararo munosabatlar tarixida yangi sahifa ochadigan muhim siyosiy voqea, deb baholadi.
«Ko‘p qirrali aloqalarimiz oxirgi yillarda sifat va mazmun jihatidan yuqori bosqichga ko‘tarilib borayotgani bizni mamnun etadi. Hozirgina yakunlangan tor va kengaytirilgan doiradagi muzokaralar do‘stlik va hamkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi intilishlarimiz qat’iy ekanini isbotladi. O‘zbekiston va Pokiston hamkorligining bugungi yuqori darajasidan kelib chiqib, davlatlarimiz o‘rtasida Strategik sheriklik to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani imzoladik. Bu muhim qadam aloqalarimiz tarixida yangi davrni boshlab beradi, deb ishonch bilan ayta olamiz», – dedi Shavkat Mirziyoyev.
«Bu mening O‘zbekistonga birinchi tashrifim, inshoolloh, oxirgisi bo‘lmaydi. Biz janob Prezident bilan juda keng qamrovli muloqot qildik. Suhbatimiz g‘oyatda samimiy bo‘lgani va uzoq davom etganidan uning oxiriga borib men o‘zbekchani tushuna boshladim. Chunki urdu tili bilan o‘zbek tili bir-biriga yaqin. Bugungi kunda Pokiston va O‘zbekistonda aholining quyi qatlamlariga e’tibor qaratish, kambag‘allikni qisqartirish, ta’limni rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar hamohang. Biz savdo-iqtisodiyot, transport, ta’lim, madaniyat, turizm sohalaridagi imkoniyatlarni atroflicha muhokama qilib, strategik kelishuvlarga erishdik», – deb ta’kidladi Imron Xon.
O‘zaro ishonch va ochiqlik, samimiy va amaliy ruhda o‘tgan samarali muzokaralarda sheriklikning yangi imkoniyatlari ko‘rib chiqilib, «o‘sish nuqtalari» belgilangani qayd etildi. So‘nggi yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi to‘rt barobar o‘sgani, kelgusida ushbu raqamlarni yana to‘rt-besh barobarga oshirish bo‘yicha kelishib olingani ta’kidlandi.
Tashrif arafasida o‘tgan Hukumatlararo qo‘shma komissiya yig‘ilishi va biznes-forum doirasida 500 million dollardan ortiq aniq loyihalar bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan. Tranzit va savdo to‘g‘risidagi bitim rejalashtirilgan ulkan maqsadlarga erishishga xizmat qiladi.
Qishloq xo‘jaligi, urug‘chilik va chorvachilik, mashinasozlik va qurilish, farmatsevtika va kimyo, yengil sanoat va boshqa ustuvor sohalarda yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, hududlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatishga kelishilgani ma’lum qilindi.
«Termiz – Mozori Sharif – Kobul – Peshovar» temir yo‘li qurilishi masalasi ham atroflicha ko‘rib chiqilgani qayd etildi.
Xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga kelishib olingani aytildi. Tomonlar nufuzli xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar doirasida bir-birini qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishini tasdiqladilar.
Shuningdek, turizm va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik istiqbollariga to‘xtalib o‘tildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter