«Islom Karimov xotirasiga bag‘ishlangan eng yaxshi ilmiy-ommabop maqola» tanlovi g‘oliblari aniqlandi

Tanlov g‘oliblari.
«O‘zbek milliy akademik drama teatrida tanlov g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi», deb xabar berdi «Uza.uz».
Tanlov uchun o‘zbek, qoraqalpoq, rus, ingliz, fransuz, italyan, xitoy, nemis, yapon, arab, koreys, ozarbayjon, qozoq, turkman, qirg‘iz tillarida yozilgan jami 900 ga yaqin material yuborilgan. Ularni adolatli baholash uchun tanlov hay’ati tarkibiga tajribali mutaxassislar, olimlar, tarixchilar, yozuvchilar, jurnalistlar, keng jamoatchilik vakillari jalb etildi. Yuborilgan ishlar avvalo mavzusining yangiligi va mohiyatning ochib berilgani, mazmunan tarixiy haqiqatga zid kelmasligi, ilmiy manbalardan qanchalik foydalanilgani, shuningdek, ilmiy va badiiy saviyasi hisobga olingan holda baholandi.
Birinchi o‘rin va tanlovning bosh mukofotini «Boshlang‘ich ta’lim» jurnali bosh muharriri Halim Saidov «Millat xazinasini boyitgan mutafakkir» maqolasi uchun qo‘lga kiritdi. G‘olib tashkilotchilar tomonidan maxsus diplom va O‘zbekistonda belgilangan eng kam ish haqining 100 barobari miqdoridagi pul mukofoti bilan taqdirlandi.
Ikkinchi o‘rinni Yaponiya parlamenti yuqori palatasi deputati, «Yaponiya — O‘zbekiston» do‘stlik uyushmasi prezidenti Kyoko Nakayama va siyosiy sharhlovchi Nabuxiko Shima, «Naqshbandiya» jurnali bosh muharriri Sultonmurod Olimov egalladi. Ularga diplom va eng kam ish haqining 75 barobari miqdorida pul mukofoti topshirildi.
Uchinchi o‘ringa erkin ijodkor Musurmon Boyxonov, Qoraqalpoq davlat universiteti magistranti Zamira Ayimbetova va Sankt-Peterburg davlat universiteti (Rossiya) talabasi Aleksandr Gonashvili munosib topildi. Tashkilotchilar tomonidan ularga diplom va eng kam ish haqining 50 barobari miqdorida pul mukofoti topshirildi.
G‘oliblarga mukofotni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchisi Xayriddin Sultonov va Islom Karimovning rafiqasi Tatyana Karimova topshirdi.
Bundan tashqari, tanlov tashkilotchilari tomonidan 20 ta rag‘batlantiruvchi mukofot ham ta’sis etildi va munosib nomzodlarning ishlari tanlab olindi. Ularga Islom Karimov tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlab chop etilgan «Islom Karimov — mustaqil O‘zbekiston asoschisi» nomli kitob-albom sovg‘a qilindi.
Tadbirda san’at ustalari va O‘zbek milliy akademik drama teatri jamoasi tomonidan tayyorlangan konsert dasturi namoyish etildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter