Ilmga talpingan aravachadagi iqtidorlar. Salkam chorak asrdan buyon bir oiladagi 6 nogironga qarab, «sukut»da yashagan ayol (video)
– Allo, assalomu alaykum!
– Vaaleykum assalom!
– Men Niginaman.
– Barakalla, shaxsiy raqamingmi?
– Ha, shunday! Sizga ham, tahririyat jamoasigayam katta rahmat. Meni hayotga qaytardingiz!
– Kam bo‘lma, sen bilan birgamiz! – O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i Shavkat Rahmonov go‘shakni qo‘yib, yengil tin oldi…
Dardlarini devorlarga sochgan qiz
Shofirkon tumanining Shibirg‘on qishlog‘ida tug‘ma nuqson bilan dunyoga kelgan Nigina To‘xtayeva yashaydi. Yoshi 20 da. Endigina maktabni tugatgan. Oilada ikkinchi farzand. Ikki nafar singlisi, bir nafar ukasi bor. Tumandagi 27-sonli maktab ro‘yxatida turib, uyda ta’lim olgan. Adabiyotga qiziqishi baland. She’r o‘qiydi. She’r yozadi. Pishir-tushirda chaqqon. Tikish-bichishda epli. Oliy ta’limda tahsil olishni, tengqurlaridan ortda qolmaslikni istaydi. Ikki yildan buyon universitetga hujjat topshirishni istagan. Biroq, oiladagi qattiqqo‘llik sabab o‘z orzulariga erisha olmagan. Ota-onasining qarshiligini yenga olmagan.
– Orzu-maqsadlarimga to‘siq bo‘lmasliklarini, to‘rt devor ichida qisib qo‘ymasliklarini istayman. Men ham tengdoshlarim singari o‘qishni, jamiyat ishlariga nafim tegishini istayman. Ammo, meni tushunishmaydi, – deya ko‘z yosh to‘kdi Nigina.
Nigina shunday vaziyatda maktabni tugatgach, oradan ikki yil o‘tib, oilada o‘zini yakkalangandek his qilib, yaqin dugonasi orqali mahalla raisiga qo‘ng‘iroq qilgan. Yordam so‘ragan.
– To‘g‘risi, qizning dardini tinglab, ezilib ketdim. Mahallaga hozircha boshmanmi, demak, undagi qiz-o‘g‘il – mening ham qizim, mening ham o‘g‘lim. Suhbatlashgani xonadoniga bordim. Otasini avvaldan taniyman, haydovchi, yaxshi inson. Ammo, qattiqqo‘l. Har qancha gaplashishimizga qaramay, Niginaning universitetga o‘qishga hujjat topshirishiga qarshiligini ko‘rsatib keldi. Ammo, ota-onasiga farzandining orzulariga qarshi chiqmasligini tushuntirdik. Sizlar keldingiz, balki o‘zgarish bo‘lar, – dedi mahalla raisi Iskandar Barotov.
Biz esa Niginaning orzulari haqida uning o‘zi bilan alohida suhbatlashar ekanmiz, u otasidan ranjiyotgani, undan xafa ekanini gapirardi.
– Hyech bir ota-ona farzandiga yomonlik istamaydi. Ular balki, sen uzoqqa ketib qolsang, o‘zingni qanday eplay olishingdan xavotirga tushishayotgan bo‘lishi mumkin, – deymiz qizga yuzlanib.
Qiz jovdiragudek bo‘lib, ko‘zlari bilan: «Yo‘q, unday emas!» degandek iltijoli so‘zlaydi.
Ma’lum bo‘lishicha, ota qizining jismoniy nuqsoni borligi sabab har doim uning sog‘ligidan xavotirda yurgan. 16 yoshga kirgan qizni, aravachasi bo‘lishiga qaramay, yolg‘iz qo‘chaga chiqishiga ruxsat bermagan. Qiz esa yillar davomida «ota-onam jismoniy nuqsonim borligi sabab mendan uyalishadi, shuning uchun meni ko‘chaga chiqarishmaydi» degan o‘yda yashagan.
«Oliy ta’limda o‘qishni xohlayman. Hech bo‘lmasa, urinib ko‘ray. Ammo, ota-onam ruxsat berishmayapti. Qarshilik qilishayapti...», - deydi u.
Biz qizning onasi Nargiza Ahadova bilan suhbatda bo‘ldik. U qizining agar u shaharga o‘qigani ketsa, jismoniy nuqsoni borligi sabab salomatligidan xavotir olishlarini, hech kim ota-ona singari unga qaramasligi mumkinligini so‘zlab yig‘ladi.
Bu o‘rinda ayni orzular yoshidagi Niginaning 20 yildan buyon o‘z tengqurlari qatorida ular singari o‘zi istagan joyga borib-kelishga imkoni yo‘qligi, qishloq ko‘chalarini changitib chopolmagani, onasi tandirda non yopganda, yugurib borib yordamlasha olmagani, otasi ishdan qaytganda, unga otilib, peshvoz chiqolmagani, uka-singillari bilan o‘mbaloq oshib yoxud quvlashmachoqlar o‘ynay olmagani uchun ham ko‘ngli guldek noziklashib, bargdek titroq bo‘lib qolganini his qilish qiyinmas.
– Men o‘zimni eplay olaman. O‘qiyman, izlanaman, kelgusida o‘zim singari tengdoshlarimga o‘rnak bo‘laman. Faqat menga yo‘l berishsin, ishonishsin, – dadil so‘zladi Nigina.
Qizdagi dadillik, muhimi, o‘ziga bo‘lgan ishonch bizni hayratda qoldirdi.
– Ayni paytda nimani istaysan?
– Shaxsiy telefonim bo‘lishini! Uning orqali dunyoga yuz tutishni istayman!
Ko‘nglimiz allanechuk bo‘ldi. Chekka qishloqda to‘rt devor ichida qolib kelayotgan kemtik ko‘ngilli qizning katta orzusidan bugun hali maktab yoshiga yetmagan bolalar ham foydalanib kelishadi.
– Murojaat bilan chiqqanimdan so‘ng, Buxorodagi oliygohlardan birining rektori kelib, men bilan suhbatda bo‘ldi. Men kabi tengdoshlarimga yaratilgan imkoniyatdan foydalangan holda, omadim chopib, o‘qishga kirsam, ta’lim olishim uchun yetarlicha sharoitlar yaratib berilishini aytdi. Men o‘qishim kerak, intilishim kerak, maqsadlarimga erishishim kerak, – so‘zlaydi qiz.
– Dardlashadigan sirdoshing bormi, Nigina?
– To‘rt devor ichida ezildim, opa, juda ezildim. Mening dardlarimni faqatgina devorlar tinglaydi, men devorlar bilangina sirdoshman... – Nigina shunday deya ko‘z yoshlarini yashirish uchun yonida terib qo‘yilgan kitoblar ichidan birini saralab, bizga she’r o‘qib berdi. Keyin qo‘shiq xirgoyi qildi. O‘ziyam she’rlar, hikoyalar yozib turishini aytdi.
«Chiroyli onam bor, yuzlari gulgun,
Ko‘zlari chiroyli, sochlari uzun.
Nimalar qilmadi axir men uchun,
Ey, hayot, onamni qaritmay turgin...»
Niginaning ona haqidagi qo‘shiqni xirgoyi qilib bergani beixtiyor bizni ham ko‘z yoshga ko‘mdi.
– Har bir farzand nafaqat, ota-onaning, davlatning ham himoyasida. Demak, hech kimning uning intilishlariga to‘siq bo‘lishga haqlimas. Lozim bo‘lsa, o‘zim uning o‘qishga hujjat topshirishiga bosh-qosh bo‘laman, sog‘lom tengqurlaridan kam bo‘lmaydigan imkoniyatlarga ega bo‘lishi uchun birgalikdan harakat qilamiz, – dedi Shofirkon tuman hokimi o‘rinbosari Maxsuma Tilavova.
Otasini sog‘ingan Gulchiroy
Gulchiroy Fayzullayeva ham Nigina singari uyda ta’lim olgan. 19 yoshda. Dizayner bo‘lishni orzu qiladi. Shaxsiy atelesi bo‘lishini istaydi. Ayni paytda rangli qog‘ozlardan gullar yasaydi. Rasmlar chizadi.
– Hozir buvimning uyiga mehmonga kelganim uchun chizgan rasmlarimni olib kelmaganman.
– Eng yaqin dugonang kim?
– ...yaqin dugonam... yo‘q, uyda ta’lim olganim uchunmi, sinfdosh dugonalarim kelishmagan, – ko‘ngli to‘lib so‘zlaydi Gulchiroy, – ammo, ukalarim eng yaqin o‘rtoqlarim, eng yaqin dugonam esa... onam!
Ma’lum bo‘lishicha, Gulchiroyning otasi bir necha yildan beri Rossiyaga ishlash uchun ketgan.
– To‘g‘ri, otam bizga pul jo‘natib turadi. Sharoit yaratish uchun doim xabar oladi, tez-tez telefonlashib turadi. Ammo, olti yildan oshdi. Otamni ko‘rmadim. Otam tezroq kelishini, u bilan soatlab suhbatlashishni istayman. Xuddi bolaligimdagi singari otamning sochlarimni o‘rib qo‘yishini juda-juda sog‘indim, – sog‘inch bilan ichikib so‘zladi qiz...
Medal taqmagan qahramon ayol
Navbatdagi xonadonda bizni sukunat qarshiladi. O‘choqda qozon. Ikki uzun torga yuvib ilingan kiyimlar. Hovlining bir burchida etakdagi somon ustiga quritish uchun to‘kib qo‘yilgan o‘riklar, ahyon-ahyonda qo‘y-sigirlarning ma’rashi eshitadi.
– Endigina o‘choqqa kir yuvish uchun suv osgandim. Issiqda ko‘zim ketib qolibdi-da, uzr, – deya peshona bandini o‘rab, biz tomonga oshiqadi ayol.
– Qozonga nima qaynatyapsiz, opa?
– Kul. Kir yuvishda xuddi sovun va sodadek ko‘piradi, suvni yumshatadi, – deydi kulib Qunduz opa kir sovun va soda yo‘qligidan kulda kir yuvayotganini yashirgan bo‘lib.
– Har kuni shuncha kir yuvasizmi?
– Ha, 6 nafar bemorimiz bor, aylanay, xuddi yosh boladek-da, yuvib-taramasam bo‘lmaydi, –kulimsirab so‘zlaydi opa.
Qunduz Islomova, Shofirkon tumanidagi Shibirg‘on mahallasidagi Islomovlar oilasiga 2002 yilda kelin bo‘lib tushgan.
Mahalla raisi Iskandar Barotovning so‘ziga ko‘ra, Qunduz Islomova tushgan xonadonda 4 nafar o‘g‘il va 2 nafar qizning tug‘ma nogironligi bor.
– Shu yillar davomida bu ayol 3 nafar qaynakasi, 1 nafar qaynsinglisining onasiga aylangan, desam adashmagan bo‘laman. Turmush o‘rtog‘i ham bemor. Yana boshqa bir qaynsinglisining ham sog‘ligida biroz muammosi bor. Shunday bo‘lsa-da, turmushga uzatishgan. Uning ham farzandlarida nuqson bor, adashmasam, – deydi mahalla raisi.
Bildirishicha, Qunduz Islomovaning qaynona-qaynonasi bundan 65 yil ilgari turmush qurishgan. Ular amakivachcha bo‘lishgan. Afsuski, tug‘ishganlarning farzandlari o‘rtasidagi nikoh oqibatida bir oilada 6 nafar nosog‘lom va 1 nafar sog‘lom farzand dunyoga kelgan.
– Ammo, men mana bu 6 nafar jismoniy nosog‘lom farzandlarnimas, ota-onasi vafotidan keyin og‘aynilarini yakka qoldirib, ularni tashlab ketgan va aqalli bir marta bo‘lsa ham ular holidan xabar olmay qo‘ygan 1 nafar sog‘lom o‘g‘il farzandni nosog‘lom sanayman. Iymon, insof bersin shu yigitga. Balki, ko‘rsatuvlaringdan keyin vijdoni uyg‘onib, aka, opalaridan hol so‘rar. Akalar, opalar esa tog‘dek yigitlar, ular jismoniy nosog‘lommas, faqat, aqlan zaif bular. Uy-ro‘zg‘or ishlariga qarashishadi, qo‘ni-qo‘shnilarga yordam berishadi. Ishonsangiz, Qunduz kelinga xuddi onadek qarashadi, boladek erkalanishadi, – deydi mahalla raisi yana so‘zida davom etib.
Notiqqina, kichik jussali Qunduz opa uyalib, iymanib biz bilan suhbatda bo‘ldi. Eng qizig‘i, 22 yil davomida biror marotaba hech kimga va hech qayerga yordam so‘rab chiqmagan. Topganiga shukr, topmaganiga sabr bilan yashab kelgan.
– Bu xonadonga kelin bo‘lib tushganimdan keyin rahmatli otam:«Kuching yetgancha yashaysan. Tashlab ketmaysan. Yarim yo‘lda ko‘ngli kemtik bu bolalarni tashlab ketsang, sendan rozi bo‘lmayman» degandilar. Oiladagi tarbiyami, otamning shu so‘zimi, mana, sabr bilan yashab kelayapman. To‘g‘ri, gohida qo‘l siltab, hatto, boshim oqqan tomonlarga chiqib ketgilarim kelgan, ammo, rahmatli otamning aytganlarini o‘zimning taqdirim qonuniga aylantirganman. Allohga shukur qilaman, hamma sog‘ bo‘lsin, hech kimning farzandi jismoniy nosog‘lom bo‘lmasin, – deydi xo‘rsinib.
Afsuski, taqdirning achchiq qismatini qarang-ki, Qunduz opaning ham 16 yoshli o‘g‘li jismoniy sog‘, aqlan raso, yaxshi eshitadi, musiqalar tinglaydi, faqatgina so‘zlay olmaydi.
– O‘g‘lim Umidjonning qo‘lidan duradgorlik keladi. Yaxshigina «svarщik» ham. Ro‘zg‘orga kuchi yetgancha, pul topib keladi. Topganimizni amakilariga, o‘g‘limning sog‘ligini tiklashga sarfladik. Ammo, o‘g‘lim gapira olmadi. Balki, vaqtida qo‘limiz «kaltalik» qilib, tuzuk davolay olmagandirmiz. Joni sog‘ bo‘lganiga shukr, – dedi Qunduz opa.
Salkam 23 yildan beri 6 nafar aqlan zaif, ruhiy nosog‘lom bemorni yuvib-tarab kelgan va biror marta hayotidan nolimagan sabri tosh ayol shu qaynakalari bilan somon to‘kib, oyog‘ida loy qorib, tom «bostirgan», o‘rni kelganda, qo‘ni-qo‘shnilarning ham mol-holiga qarab, bedayu o‘tlarini o‘rib, pul topgan. Tiyin-tiyin jamlab, mol olgan, qo‘y boqqan. Ro‘zg‘orini sut-qatiqqa to‘ldirgan. Qaynamakiyu-qaynsingillarni saryog‘larga to‘ydirgan.
– Mehnat bilan kim o‘libdi, singiljon, oldimda bittagina tashvishim bor: Xudo xohlasa, qaynamakilarim yashayotgan xonalarni ta’mirlayman. Turmush o‘rtog‘im og‘ir-yengillarimga qarashib turib, yelkadosh bo‘lib turadilar. Borlariga shukur! – deydi.
Guldek nozik ayolning mehnatdan «erkaklashib» ketgan qo‘llariga qaraymiz. O‘rni kelganda, o‘n erkak eplashi malol ro‘zg‘orni yelkalab sudrab kelmoqda. Turmush o‘rtog‘ining ham xastaligini hech vaqt yuziga solmagan. O‘ksitmagan, tashlab ketmagan.
– Shukurkim, 2 nafar qizim sog‘lom. Ular oliy ma’lumotli. Maktabda ishlashadi. Turmushga chiqishgan. Qarashib turishadi, – deydi Qunduz opa.
Opa suhbat davomida aqlan zaif bemorlarga qarab kelgan bo‘lsa-da, qarovchilik uchun o‘ziga alohida mablag‘ ajratilishi huquqini borligini ham bilmagan.
– Menga aytishmagan bo‘lsa, qayerdan ham bilaman, – deydi soddagina ayol kulib, –mahallamiz raisi yangi tayinlangach, bizni holimizdan xabar oldi, ro‘yxatlarga kiritdi. Va shunday imkon borligini tushuntirdi. O‘zi hujjatlar tayyorlab, qarashyapti. Kam bo‘lishmasin!
Biz, Islomovlarga tegishli hovli-joyni kuzatar ekanmiz, ichkari uylar ahvoli bilan tanishib, chap ko‘ksimiz sanchdi. 65 yildan buyon ta’mirlanmagan, ichu tashqarisi to‘kilib ketgan. Ayrim mutasaddilarga uzoq yillar davomida «sukut»da yashagan bir ayolning «jim»ligi ma’qul kelganmi, hatto, xonadon hashar yo‘li bilan ham ta’mirlanmagan.
Eng qizig‘i, ushbu masalaga yechim izlash maqsadida Shofirkon tumani hokimi qo‘l telefoniga qo‘ng‘iroq qildik. Afsuski, tuman hokimiga tegishli qo‘l telefondan: «Men hokim matbuot kotibiman. Qanday masala bo‘lsa, menga qoldiring!» – degan javob keldi. Izohga esa hojat qolmadi.
Ijtimoiy himoya Milliy agentligi viloyat boshqarmasi Shofirkon tuman «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi direktori Tursunoy Yo‘ldoshevaning aytishicha, yaqinda oilaga 100 dona tovuq uchun kataklar keltirib o‘rnatilgan.
Tursunoy Yo‘ldosheva shu kunning o‘zida mazkur xonadonning tashqi devorlarini hashar yo‘li bilan suvoqlash ishlari boshlanishini bildirdi.
Shofirkonning chekka qishlog‘idan Buxoro shahriga qaytdik. Yoshlar markazi binosiga bir quloch dardli og‘riqlarni qulochlab kirar ekanmiz, bizni O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i Shavkat Rahmonov qarshi oldi. Maqola avvalida so‘z borgan ikki nafar jismoniy nuqsoni bor qizning oliy ta’limga, hunar o‘rganishga ishtiyoqi balandligi, ularning eng katta orzusi birgina qo‘l telefoni ekanidan tortib, umrining yarmidan ko‘pini bir xonadonning 6 nafar bemoriga bag‘ishlab kemtikkina o‘tkazayotgan ayolning kechmishlarini bir-bir so‘zladik. Videotasmalarda tushirilgan tasvirlar bilan qayta-qayta tanishtirdik.
– Opa, ertagayoq, ushbu muammoni bartaraf etishga qo‘limdan kelgancha, ko‘makni ayamayman. Va manzilga birgalikda boramiz! – dedi Shavkat Rahmonov.
Shu kunning ertasigayoq kechga tomon yana Shofirkon tumanining Shibirg‘on mahallasiga yo‘l oldik. Bizni xonadon sohibalari qarshilashdi.
– Mana bu raqamlarga ulaniboq, bizga qo‘ng‘iroq qilasiz. Siz o‘zingizning ilmingiz, hunaringiz va intilishingiz bilan to‘rt muchasi soppa-sog‘ bo‘lgan ishyoqmas tengqurlaringizga o‘rnak bo‘lishingiz kerak. Sizni qanday tashvish qiynasa, bizga suyaning! Yelkadoshmiz! – deya sovg‘alarni Nigina va Gulchiroyga topshirdi yoshlar tashkiloti rahbari.
Hayal o‘tmay, Qunduz opa Islomovaning xonadoni darvozasini qoqdik.
Qunduz opa bizni ichkariga taklif qildi. Yoshlar tashkiloti rahbari hadyani topshirdi. O‘g‘li Umidjonning xonadonida yoshlar tashkiloti tomonidan hunarmandchilik sexi ochib berilishini bildirdi. Qunduz opa esa bir og‘iz so‘z so‘zlolmadi. Ko‘z yosh to‘kdi, xolos.
Chog‘roqqina dasturxon atrofida o‘tirgan yoshi keksa onaxon esa yoshlar tashkiloti rahbariga: «Juda yoshga o‘xshaysan. Kattalar qilgan xatoni sizlar takrorlamang. Bu xonadon boshiga tushgan dard 65 yildirki, davom etyapti. «Yo‘llar yopilmasin, qarindoshlik rishtalari uzilib ketmasin» deb yaqin qavm-qarindosh bilan quda-anda tutinmanglar. Hadyang xayrli bo‘lsin, kam bo‘lmanglar, bolam», – deya qo‘lini duoga ochdi...
***
Inson borki, hamisha xayr, savob qilishdan charchamaydi. Bir hovuchgina bo‘lsa-da, kemtik ko‘ngillar qalbiga yo‘l topmoq – asli saodatdir.
Biroq...
Yarim asrdan ko‘proq vaqtdan beri Shofirkonda ne-ne mansabdorlar almashgan... chorak asrdan vaqtdan beri o‘zi «sukut» saqlab kelgani ma’qulida biz borgunga qadar bu xonadon ichiga birrovga bosh ham suqib ko‘rmagan mutasaddi rahbarlar ko‘ksiga orden, medal taqilmagan bo‘lsa-da, yuragi ustida qalban «Oriyat» va «Mardona ayol» degan qahramonlik sharafini taqib yurgan ayol dardini eshitishsa, unga yelka tutishsa, bundan xayrlisi bo‘lmas.
Laylo Hayitova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter