«Ilik uzildi» boshlandi. Nimalar qilmoq kerak?
Yurtimizda qish tugab, iliq bahor fasli boshlandi. Ayni shu pallada ko‘pchilik insonlarda holsizlik va ruhiy tolqish kuzatiladi.
Xo‘sh, bu nima bog‘liq? Uning oldini olish uchun qanday yo‘l tutish lozim?
Ushbu savollarga Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh nutritsiologi Guli Shayxova javob berdi.
— Darhaqiqat, fasllar almashinuvi davri, xususan, kuzdan qishga, qishdan bahorga o‘tayotgan payt aksariyat kishilarda bunday holat ko‘p uchraydi, — deydi mutaxassis. — Bu esa organizmda moddalar almashinuvi tezlashishi va vitaminlarga bo‘lgan ehtiyoj ortishi bilan bog‘liq.
Ya’ni, avitaminoz (vitaminlar yetishmasligi) sababli inson ertalab uyqudan turishni istamaydi. Ko‘pchilikni lanjlik, uyquchanlik, diqqat-e’tiborning susayishi, ruhiy toliqish, tushkunlik va bosh og‘rig‘i qiynaydi.
Ba’zi kishilarda esa yuz-qo‘l terisi qurib, yoriladi. Ko‘z tagida ko‘kimtir izlar paydo bo‘ladi, ko‘rish qobiliyati pasayadi. Soch to‘kilib, tirnoqlar mo‘rtlashadi. Shu bois bu davrda vitaminlar, minerallar, ozuqali moddalar va o‘simlik tolalariga boy oziq-ovqatlar tanovul qilish, ichaklar faoliyatini yaxshilash uchun toza suv ichish lozim.
Qolaversa, bahor fasli ko‘katli taomlar, sabzavotlar iste’mol qilish maqsadga muvofiq. Chunki ular tarkibida organizm uchun zarur bo‘lgan S vitamini, ozuqa tolalari, bioflavonoidlar, antioksidantlar mavjud. Ayniqsa, ismaloq, yalpiz, mador, otquloq, jag‘-jag‘ kabi giyohlardan tayyorlangan taomlar tanada moddalar almashinuvi va oshqozon-ichak tizimini yaxshilaydi.
Shuningdek, qishda zaiflashgan organizm A, V, D va Ye vitaminlariga muhtoj bo‘lgani sababli ularning o‘rnini to‘ldirish uchun to‘liq donli undan tayyorlangan non, yong‘oq, go‘sht, baliq, qaymoq, tovorog, yong‘oq, mayiz, bodom va asal yeyish kerak. Tushlik va kechki ovqatda esa ko‘proq yog‘siz va tez hazm bo‘luvchi ovqatlar iste’mol qilish maqsadga muvofiq.
Aksincha bahorda sitrus mevalarni ko‘p yeyish tavsiya etilmaydi. Chunki tabiat uyg‘onishi, daraxtlarning gullashi allergiyaga moyil kishilarda kasallikni qo‘zg‘ashi mumkin. Shuningdek, soch, qo‘l-oyoq va yuz parvarishiga e’tibor qaratish, teri kasalliklari hamda allergiyaga moyil insonlar shifokor nazoratida kerakli muolajalarni olishi lozim.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter