Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ilhom Aliyev turkiy dunyo bilan hamkorlikka ustuvor o‘rin berdi

Ilhom Aliyev turkiy dunyo bilan hamkorlikka ustuvor o‘rin berdi

Ozarbayjon davlati turkiy dunyo mamlakatlari bilan hamkorlikka ustuvor ahamiyat qaratadi. Bu haqda Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev 14 fevral kuni Milliy Majlisda bo‘lib o‘tgan inauguratsiya marosimidagi nutqida gapirdi.

«Biz bundan keyin ham xalqaro tashkilotlar bilan bog‘liq chora-tadbirlarni ko‘ramiz, birinchi navbatda Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi sa’y-harakatlarimizni davom ettiramiz. Ochiq aytmoqchimanki, bu biz uchun ustuvor yo‘nalishdir. Hozirda olib borayotgan siyosatimiz ham buni ravshan tasdiqlayotgan bo‘lsa kerak. Bu biz uchun asosiy xalqaro tashkilot. Chunki bizning boshqa oilamiz yo‘q. Bizning oila – turkiy dunyodir», – dedi Ilhom Aliyev.

Ozarbayjon yetakchisi dunyodagi siyosiy kuchlarning yolg‘on va’dalarini tanqid qilar ekan, qardosh turkiy davlatlarni ehtirom bilan yodga oldi.

«Agar kimdir biz oilamizni boshqa joydan qidirishimiz kerak desa, unga bizni hech qayerda kutishmayotgani va buni yashirib ham o‘tirishmayotganini aytgan bo‘lardim. Avvalgi yillarda, xususan, okkupatsiya davrida ular turli va’dalar bilan bizni jalb etishga urinishdi. Aslida esa ko‘zimizni shamg‘alat qilmoqchi bo‘lishdi. Bugun esa niqoblar yirtilib, qizil chiziqlar ochiq-ayon ko‘rinmoqda... Shunday vaziyatda bizga quchoq ochmaganlarga qulluq qilishimiz kerakmi? Minba’d bunday bo‘lmaydi!» – dedi siyosatchi.

Ozarbayjon yetakchisiga ko‘ra, bepoyon jug‘rofiy hudud, katta harbiy qudrat, yirik iqtisodiyot, boy tabiiy resurslar, qulay transport yo‘llari va ulkan demografik salohiyatga ega turkiy dunyo davlatlari bir yoqadan bosh chiqarib, global maydonda muhim kuchga aylanishi lozim.

Ikkinchi Qorabog‘ urushini ulkan zafar deb atagan I.Aliyev Qorabog‘ va Sharqiy Zangezurni tiklash, iqtisodiy rivojlantirish ishlari jadal davom ettirilishini qayd etgan.

Siyosatchi qo‘shni davlatni hududiy da’volarni bas qilib, tinchlik bitimi imzolashga undagan.

«Armaniston va bu mamlakatni harbiy dastaklayotganlar bilib olsinki, bizni hech nima to‘xtata olmaydi. Agar hududiy da’volar bas qilinmasa, Armaniston o‘z qonunchiligini tartibga solmasa, tinchlik bitimi bo‘lmaydi», – deb ta’kidladi u.

Tantanali marosimda Ilhom Aliyev Ozarbayjon prezidenti sifatida qasamyod qildi.

Ma’lumot o‘rnida, siyosatchi joriy yil 7 fevral kuni bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari prezidentlik saylovida 92,12 foiz ovoz bilan g‘alaba qozondi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘sha kuniyoq I.Aliyevni saylov muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan tabrikladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring