Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ikkita elektromobil xatlovga olindi

Ikkita elektromobil xatlovga olindi

Surxondaryo viloyatida o‘z vaqtida to‘lanmagan soliq to‘lovlarini undirish uchun Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi va viloyat davlat soliq xizmati organlari xodimlari hamkorligida tuzilgan ishchi guruhlar qarzdor jismoniy hamda yuridik shaxslarning mol-mulklari ko‘zdan kechirilib, xatlovga olinmoqda.

Angor tumanida ikki MChJ yaxshigina daromad topayotgan bo‘lsa-da, soliq to‘lovlarini o‘z vaqtida to‘lashdan bo‘yin tovlab kelganligi sababli, qarzdor jamiyatga tegishli bo‘lgan bino-inshootlar xatlovga olingan. Shundan so‘ng, paysalga solingan jami 32 million so‘mdan ortiq qarzdorlik darhol to‘lab berilgan.

Viloyat soliq boshqarmasining qarori bilan Angor tumanidagi XBQ fermer xo‘jaligidan 31 million 843 ming so‘m, UShA fermer xo‘jaligidan 25 million so‘m soliq qarzdorligini undirish belgilangan. 

Olib borilgan majburiy ijro harakatlari jarayonida qarzdor fermer xo‘jaliklarining «Volkswagen» hamda «BYD» rusumli elektromashinasi borligi aniqlangan va Byuroning tuman bo‘limi tomonidan qidiruv e’lon qilinib, tadbir davomida xatlovga olingan. Fermer xo‘jaligi rahbarlari soliq qarzdorligi o‘z vaqtida bartaraf etilmasa, ushbu avtomashinalar auksion savdolari orqali realizatsiya qilinishi haqida ogohlantirilgan.

Tahlillarga ko‘ra, Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi organlari ish yurituvida bo‘lgan jami 5229 ta ijro hujjati bo‘yicha 182 milliard so‘mga yaqin soliq qarzdorliklari amalda undirilishi ta’minlangan.

Bu boradagi tadbirlar viloyat bo‘ylab davom ettirilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring