Ikki og‘iz yana qarz haqida
Oldingi maqolamizni «Navbatdagi «chiqish»imizda O‘zbekiston tashqi qarzining ortib borayotganligidan «xavotir»ga tushayotganlar tomonidan bildirilayotgan va juda ko‘pchilikni asossiz chalg‘itayotgan ayrim «fikr»larga munosabat bildirish niyatimiz bor. Kuzatib boring. Ko‘rishguncha...» — degan fikrlar bilan yakunlagan edik. Shunday qilishga astoydil shaylandik-u, lekin undan oldin yana bir narsa to‘g‘risida o‘quvchilarimizni ogohlantirmasak, bo‘lmasligi ma’lum bo‘ldi. Gap bu o‘rinda «mo‘’jiza» sifatida qarzning qanday aniq «xislat»larga ega ekanligi yoki uning nima «karomat» ko‘rsatishi mumkinligi xususida ketmoqda. Nazarimizda, ulardan ogoh bo‘lmasdan turib, qarz, shu jumladan, tashqi qarz to‘g‘risida gapirish o‘zining ma’nosiga ega emas.
Aslida, qarzning biz nazarda tutmoqchi bo‘lgan «xislat» yoki «karomat»laridan barcha — ogoh. Lekin «negadir» unga nisbatan fikr bildirilayotgan paytda ana shularni inobatga olinmayotganligi — tashvishli yoki ajablanarli hol. Shu bois, ularni yana bir bora esga olib, alohida qayd etsak, foydadan xoli bo‘lmas.
Dastlab, uning ijobiy jihatlariga e’tibor qarataylik. Xalqona aytadigan bo‘lsak, mana ular: qarz, avvalo, moliyaviy nuqtai-nazardan «zaif»roq bellarni «baquvvat» qiladi; uning qo‘lga kiritilishi natijasida «kalta» qo‘l «uzun»lashadi; yechilmayotgan muammolar yechiladi; pulga «zor» bo‘lganlarning ko‘kragiga shamol tegadi; «cho‘ntag»ida «he miri»si bo‘lmasdan, noilojlikdan «pisiiiib» yurganlar qaddini tik tutib yuradiganlar safiga qo‘shiladi; qarz uni olganlarning mas’uliyati va javobgarligini oshiradi; «qarz qopqoni»ga tushib qolish xavfi bo‘lgani uchun qarzdorlar «oyog‘i kuygan tovuq»dek yugurib, samarali faoliyat ko‘rsatishga majbur bo‘ladi va h.k. Qarz ana shunday ajoyib va yoqimtoy «xislat»larga ega bo‘lsa, uni olmaslik kerakmi? Kim bu joyda o‘zini tiyib yoki to‘xtatib turishga qodir?!...
Bir paytning o‘zida, qarzda salbiy jihatlar ham — mujassam. Qarz olishdan umidvor bo‘lganlar ularni ham bilib qo‘yganlari ma’qul. Avvalo, olingan qarz o‘z vaqtida egasiga qaytarilishi kerak. Buning ustiga, foydalanilganligi uchun «g‘iring» demasdan, uning haqini ham to‘lab qo‘yish lozim. Shu ikki shartdan, hatto bittasi ham o‘z vaqtida bajarilmasa, «Xudo oldi!» — deyavering. Bunda «intizomsiz» qarzdorni «qarz qopqoni» yoki «qarz o‘pqoni» «quchog‘ini ochib» kutib turadi. Uning «domi»ga tushib qolganlar, bora-bora, «bor-yo‘g‘i»dan ajralib qolib, «xonavayron» bo‘lishlari yoki, uzr, «ishton»siz qolishlari ham — hech narsa emas. Shuningdek, qarzda «sirtmoq»ni bo‘yinga solib, «jilov»ni o‘zgalar qo‘liga berib qo‘yish xavfi ham bor.
Ajablanmang: bir paytning o‘zida ham ijobiy va ham salbiy «xislat»larga ega bo‘lgan — faqat «Qarz hazratlari» emas. Hayot dialektikasi yoki hech kim tomonidan o‘rnatilmagan, lekin hamma birdek «quloq qoqmasdan» rioya qiladigan qarama-qarshiliklar birligi va kurash qonuni shuni taqozo etadi.
Shu o‘rinda qarzda qaysi xislatning ko‘pligi to‘g‘risida qat’iy va ishonchli xulosani chiqarish — prinsipial ahamiyatga ega. Sira ikkilanmasdan aytavering: qarzda ijobiy xislatlar ko‘p. Aks holda, u allaqachon «hayot sahnasi»dan tushib ketgan va bugungi kundagi eng muhim «palochka — viruchalochka»lardan biriga aylanmagan bo‘lur edi. Oddiy «hayot falsafasi» — shu.
Bo‘ldi. Faqat endi, oldingidek, yana quyidagilarni takrorlashim qoldi, xolos: «O‘zbekiston tashqi qarzining ortib borayotganligi»dan «tashvish»ga tushayotgan «do‘st»larim! Bu masalada «start»ni yuqoridagilardan ham kelib chiqib oling-chi, «finish»ingiz qanday bo‘lar ekan?..
Tohir MALIKOV
iqtisod fanlari doktori, professor
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter