Ijtimoiy tashabbuslar bo‘yicha katta tadbir o‘tkazildi (foto)
O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi hamda O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tashabbusi bilan «Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida ijtimoiy tashabbuslar o‘rni» mavzusida amaliy-madaniy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Oliy Majlis, vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari, xalqaro va chet el tashkilotlarining vakolatxona va filiallarining vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘z olganlar, so‘nggi 5 yilda nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, ularning faoliyati erkinligi kafolatlarini ta’minlash borasida amalga oshirilgan islohotlarning natijalariga, inson kapitali salohiyatini rivojlantirishda fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni va ijtimoiy loyihalarni amalga oshirishda davlat organlari bilan o‘zaro hamkorlik masalalariga batafsil to‘xtalib o‘tdilar.
Shuningdek, tadbir doirasida joriy yilning noyabr–dekabr oylarida Davlat boshqaruvi akademiyasining malaka oshirish kurslarini tamomlagan 50 nafar nodavlat-notijorat tashkilot rahbarlariga maxsus sertifikatlar topshirildi hamda O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi fondi tomonidan e’lon qilingan grant tanlovlarida g‘olib bo‘lgan 120 ta loyiha mualliflari taqdirlandi.
Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 4-martdagi «2021–2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida» Farmoni hamda 2021-yil 3-martdagi «Nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, ularning faoliyati erkinligi, huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorining amaliy samarasini ko‘rsatmoqda.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, prezidentning sohaga oid qabul qilgan so‘nggi farmon va qarorlarida 2025-yilga qadar jami 750 nafar nodavlat notijorat tashkilotlar xodimlarining Davlat boshqaruvi akademiyasida malakasini oshirish hamda ularning ijtimoiy loyiha va dasturlarini davlat tomonidan moliyalashtirish hajmini qariyb 2 baravarga ko‘paytirish belgilangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter