Ijtimoiy tarmoqda mashhurlarning qimorni reklama qilishi tanqidga uchradi
So‘nggi paytlarda qimor va tavakkalchilikka asoslangan turli onlayn o‘yinlarga mukkasidan ketgan fuqarolarning qarzga kirib, pirovardida o‘z joniga qasd qilishi holatlari ko‘paymoqda. Bu haqda «Mahalla» gazetasining bugun, 10 dekabr kuni chop etilgan sonida so‘z boradi.
«Ijtimoiy tarmoqlarda, xususan, bir necha yuz minglab kuzatuvchilarga ega mashhur shaxslarning sahifalarida qimor o‘yinlarini reklama qilish holatlariga ko‘p bor duch kelyapmiz. Achinarlisi, hududlarda onlayn qimor o‘yinlarini tashkil etish bo‘yicha xizmat ko‘rsatish tarmoqlari shakllanib bormoqda. Jumladan, ayrim fuqarolar tomonidan to‘lov xizmatlarini ko‘rsatish (Paynet shoxobchalari) niqobi ostida onlayn qimor o‘yinlarida qatnashish uchun elektron mablag‘lar bilan ta’minlash xizmati yo‘lga qo‘yilgan», – deb yozadi nashr.
Qayd etilishicha, onlayn qimor oqibatida o‘z joniga qasd qilish, firibgarlik, budjet mablag‘ini talon-toroj qilish kabi jinoyatlar soni oshmoqda.
Qimor bilan bog‘liq jinoyatlar 2019 yilda 55 ta, 2020 yilda 86 ta, 2021 yilda 103 ta, 2022 yilning olti oyida esa 90 tani tashkil etgan.
Onlayn qimorda yutqazgani sababli 2021 yili va joriy yilning olti oyida 12 nafar fuqaro o‘z joniga qasd qilib vafot etgan. Ularning barchasi 25 yoshgacha bo‘lganlardir.
Masalan, iyun oyi oxirida Namangan viloyati Norin tumanidagi avtomaktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlagan N.A. uyi tomiga o‘zini osib vafot etgan. Tekshirish davomida marhum oxirgi vaqtlarda onlayn qimorda yutqazgani, oqibatda oilasida kelishmovchiliklar kelib chiqqani va ruhiyatida salbiy o‘zgarishlar bo‘lgani oydinlashgan.
Farg‘ona davlat universitetining ma’naviyatga aloqador bo‘limida ishlaydigan yigit ham onlayn qimordan katta miqdorda qarzdor bo‘lib qolgach, o‘z joniga qasd qilgan.
Farg‘ona viloyati Yozyovon tumanida yashovchi U.N. qimorda 100 million so‘m yutqazgach, qo‘shnisinikiga o‘g‘rilikka tushgan va homilador kelinni pichoqlab o‘ldirgan.
Dang‘ara tumanida ham yosh o‘spirin «1Xbet»da boy berilgan 16 million so‘m sabab joniga qasd qilgan.
«Mahalla» gazetasi tavakkalchilikka asoslangan kasofat o‘yinlarga qarshi kurashish uchun butun jamoatchilik sa’y-harakat qilishi lozimligini eslatgan.
Avval xabar berganimizdek, 2021 yil 15 may kuni Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumani Yangiobod mahallasida yashab kelgan 18 yoshli o‘spirin totalizatorda katta pul yutqazib o‘z joniga qasd qilgan.
Urgut tumani Qoratepa mahallasida yashovchi 18 yoshli o‘smir qimorga mukkasidan ketib, o‘g‘rilikka qo‘l urgan.
Avvalroq taniqli tadbirkor Zafar Hoshimov qimorga berilayotgan yoshlarni ogohlantirgan edi.
«Bilingki, «qaniydi yutsam» degan orzularingiz tez kunda «qaniydi qarzdan qutulsam» degan orzuga aylanib qoladi. Bu – muqarrar jarayon. Qimor o‘yini odob va dinimizga teskariligi haqida yetarlicha gap bo‘ldi, lekin qimorda elektron kazinoni yutaman degan xomxayol ilmga ham teskari. Ehtimollar nazariyasi sohasida mutaxassis sifatida aniq aytamanki, kazinoning oshig‘i olchi, o‘yinchilarda esa shans yo‘q. Birorta pul yutgan tanishim bor desangiz, yana shuni bilingki, kazinoda biror marta yutganlar oxir-oqibat kazinoda eng ko‘p yutqazganlardan bo‘ladi», – deb yozgan Z.Hoshimov.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayevga ko‘ra, internetda qimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar uchun javobgarlik belgilanmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter