Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qimorbozlarga sharoit yaratib bergan shaxsga yetti yillik qamoq xavf solmoqda

Qimorbozlarga sharoit yaratib bergan shaxsga yetti yillik qamoq xavf solmoqda

Foto: Xabar.uz

Buxoroda o‘z xonadonida qimorxona tashkil qilgan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda «Xabar.uz»ga viloyat IIB axborot xizmati xodimi Umid Barakayev ma’lum qildi.

Bildirilishicha, Buxoro tumani ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan bo‘limning ishonch telefoniga kelib tushgan murojaat yuzasidan Yangi kumush mahallasida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Bunda ushbu mahallada yashovchi 65 yoshli shaxs o‘z xonadonida qimorxona tashkil etgani aniqlangan. U o‘z xonadonidan 3 nafar tanishlariga tavakkalchilikka asoslangan qimor o‘yinlarini o‘ynash uchun alohida joy ajratib, sharoit yaratib bergan bo‘lgan.

Ichki ishlar xodimlari holat joyiga kirib kelishganda qimorbozlar qimor o‘yinida o‘rtaga tashlangan pullarni ko‘rpachalar ostiga yashirishga urinishgan. Biroq, xatti-harakatlari fosh etilgan.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 278-moddasi (Qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish hamda o‘tkazish), 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirgi kunda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ushbu modda bilan aybdor yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring