Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ijtimoiy tarmoqlar va seriallar orqali qadrsizlanayotgan oila qadriyatlari

Ijtimoiy tarmoqlar va seriallar orqali qadrsizlanayotgan oila qadriyatlari

foto: chatgpt

Ommaviy madaniyat individualizm, virtuallashuv, «men» konsepsiyasi va nostandart axloqiy qarashlar kabi g‘oyalarni targ‘ib qiladi. Ushbu madaniyat shakli bir tomondan, keng ommani jalb qilishga qaratilgan, boshqa tomondan milliy va umuminsoniy qadriyatlarning o‘ziga xosligini yo‘qotishiga sabab bo‘lmoqda. Endi «olomon madaniyati» faqatgina kiyinish madaniyatini targ‘ib etish bilan cheklanmay, oila, farzand, e’tiqod, or-nomus, shaxsni identifikatsiyalash, «men» konsepsiyasi, yangicha axloq, kiberjinoyatchilik, qurollanish poygasi, suitsid, rohatlanish sanoati, virtuallashuv kabi muammolarni keltirib chiqarmoqda.

Yana bir tomondan keng jamoatchilik tomonidan ilgari surilayotgan «bizga o‘zi mafkura kerakmi» yoxud «ma’naviyat bizga nima berdi» qabilidagi savollarning ko‘payishi tufayli ushbu tushunchaning qadr-qimmati, jamiyatda mavjudlik mohiyatiga ta’sir o‘tkazmoqda.

Xo‘sh, jamiyat hayotini bu tushunchalarsiz tasavvur qilish oqibatlari qanday? Bizni qanday xavf-xatar va tahdidlar kutib turibdi?

Keling, oila qadriyatlari o‘zgarib borayotganiga nazar tashlaymiz. Chunki «ommaviy madaniyat»ning yangi ko‘rinishlari oila qadriyatlariga ham salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani sir emas. Endi erkak-erkak bilan, ayol-ayol bilan, hatto hayvonlar bilan nikoh qurishi kabi holatlar nafaqat G‘arbda, balki ayrim Osiyo davlatlarida ham uchramoqda. Ushbu yangi «oilaviy nikoh»larning rivojlanishi hamda ularning huquqiy va moddiy ta’minoti afsuski kuchli himoya ostida. Bu holatlar globallashuv jarayonlarining salbiy jihatlari hamda «olomon madaniyati»ning dunyo xalqlariga yetkazayotgan eng fojiali zararlaridan biridir. Ma’rifatparvar jadidlarimizdan Mahmudxo‘ja Behbudiy esa: «Ey qarindoshlar, sizlardan katta iltimosimiz shuldurki, Ovro‘paning mo‘dosidan, shishasidan, buzuq axloqidan na’muna olmasdan va bunlarg‘a bul jihatdan taqlid qilmasdan, balki ilm, fan, hunar, sanoatga o‘xshashlik madaniyatlardan namuna olib, bul jihatdan taqlid qilmog‘imiz lozimdur. Ovro‘paning mo‘dosi va buzuq axloqi sizlarni xonavayron, bevatan, asir - qul qiladur. Bundan saqlaningiz» kabi o‘zbek millati uchun muhim bo‘lgan milliy qadriyatlarni asrashga oid fikrlari qanchalik haqiqat ekanligini anglaymiz.

Oila haqida qarashlarning o‘zgarishiga albatta ijtimoiy tarmoqlar va OAV vositalari oilaviy muammolarga oid kontentlar bilan to‘lib-toshib ketayotgani ham sabab. Ya’ni saviyasiz kinolar, videofilmlar, seriallar haqiqiy «tarbiya» maktabini o‘tamoqda.

Ushbu, agar ijod deb atash mumkin bo‘lsa ijod namunalarida personajlarga e’tibor bering:  bloger kelin, o‘g‘ri kelin, noshukur kelin, bir kunlik kelin, chilim chekkan kelinchak, dovdir kelin, nafsi buzuq kelin, erkakshoda kelin, erkatoy kelin... yoki jodugar qaynona, shallaqi qaynona, kelinni quldek ko‘radigan qaynona, firibgar qaynona... xullas lug‘atimizdagi bor eng xunuk sifatlar, fazilatlar yopishtirilgan ayollar bugun qahramon qilib ko‘rasatilmoqda. Bu kabi personajlar yoshlar ongida hamma shunaqa ekanda va bu tabiiy degan tushunchani keltirib chiqarishi shubhasiz. Ya’ni nafaqat G‘arbdan kirib kelayotgan tahdidlar balki, ichki tahdid va xavf-xatarlar ham e’tiborni talab etadigan muammolarimiz aslida.

Jahon hamjamiyati oila oliy qadriyat ekanligini ifodalovchi kino va dramalar ishlab chiqarish orqali oilaviy qadriyatlarning qadrsizlanishini oldini olishga harakat qilayapti. Masalan, ijtimoiy tarmoqlar va telekanallarda ommalashgan «Hayot senga mandarin berganda» kabi filmlar oilaning muqaddasligi g‘oyalari targ‘ib qilinadi.

Bizga ham bugun mana shunday ruhdagi kino va seriallar kerak. O‘tmishga nazar tashlasak, bunday filmlar o‘zbekfilm arxivida ham yetarlicha. Ammo, bugungi zamonaviy «xomo sapiyens»ning yangicha qiyofadagi kino va media kontentlarga bo‘lgan talabi ortib borayotgani tashvishlanarli hol.

Shu bois, bugun xorijda ham ommaviy madaniyatga qarshi kurashish faol harakatga aylangan. AQShda 1500 dan ortiq aql markazlari (ma’naviyat, ma’rifat markazlari) va ilmiy tadqiqot institutlari milliy xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan g‘oyalar va mafkuralar bilan sug‘orilgan kinofilmlar ishlab chiqarish orqali peshqadamlik qilmoqda. Xitoy esa 4500 ga yaqin aql markazlari va tadqiqot institutlari hamkorligida Buyuk Xitoy madaniyati va tarixini rivojlantirishga qaratilgan g‘oyalarni targ‘ib qilishga qattiq kirishgan. Qo‘shni mamlakatlarda milliy tiklanish, davlat tilining qadrini oshirish maqsadida blogerlar va tarmoq foydalanuvchilari millat imijini targ‘ib qiluvchi kino, film, musiqa, raqamli kontentlarni yaratishga katta e’tibor qaratmoqda. Demak, biz ham ommaviy madaniyatga qarshi tarbiyaviy ahamiyatga ega kontentlar va sifatli kinofilmlar orqali kurashishimiz kerak.

Chunki bugun ulg‘ayayotgan Zeta, Alfa va Beta avlodlarining shaxsiy va ijtimoiy identifikatsiyasi nafaqat biz yashayotgan dunyoga, balki virtual olamga ham bog‘liq. Virtual reallik, sun’iy intellekt yoki meta olamlarning rivojlanishi ularda real dunyodan ajralgan shaxsiylik va muhit to‘g‘risida yangi tushunchalarni shakllantiradi. Bu avlod vakillarining asosiy vaqtini ilm-fan yutuqlari tufayli animatsiyalangan kontentlar olamidan tashkil topgan kiber muhitda o‘tkazish imkoniyati juda katta.

Lekin yana bir tomondan bu avlod dofomin qaramligi (miyada «rag‘batlantirish» va «motivatsiya» signallarini uzatuvchi modda) tufayli virtual makonning ashaddiy mijozlariga aylanib borishi ehtimoli ham juda katta.

Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar orqali yoshu qarining favoritiga aylangan instayulduzlar tufayli avj olayotgan, urfga aylanayotgan milliy xususiyatlarni chetlab o‘tuvchi «red flag» yoxud «o‘zingni sev, o‘zgani qo‘y» kabi g‘oyalarning trend, mem, chellendjlarga aylanishi ham yoshlarning oilaviy munosabatlarga bo‘lgan qarashlarni tubdan o‘zgartirishi sir emas.  Bu ishlayotgan mexanizmlar esa jamiyatning tili, dini, e’tiqodi, qadriyatlari va an’analari asta-sekinlik bilan yo‘q qilishi mumkin.  Amerikalik siyosatshunos olim D.Derian ta’kidlaganidek, «Zo‘ravonlikni uzoq masofalarda minimal yo‘qotishlarsiz amalga oshirish imkoniyati zamonaviy dunyoning manzarasini o‘zgartirmoqda.»

Ha, biz uchun juda muhim oila, e’tiqod kabi qadriyatlar bugun himoyaga muhtoj. Bu himoya esa, albatta, g‘oyaviy-mafkuraviy tahlil va saralash mexanizmi orqali amalga oshiriladi.

Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti tomonidan Respublikaning barcha hududlarida jamiyat ijtimoiy-ma’naviy muhitini va uni sog‘lomlashtirish texnologiyasini ishlab chiqishga oid so‘rovnoma tashkil etildi. 35 mingga yaqin respondent qatnashgan ushbu tadqiqot natijalariga ko‘ra, olib borilayotgan islohotlar natijasida ijtimoiy hayot yaxshilanib bormoqda (62,9%).  Respondentlarning 86,8 foizi o‘z turmushini o‘rta va yuqori darajada, deb biladi. Hamyurtlarimiz or-nomus, vatanparvarlik, mehnatsevarlik, insof, insonparvarlik va e’tiqod bugungi kunda eng kerakli axloqiy qadriyatlar deb hisoblashadi.

Yana bir e’tiborli jihat: Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan ziyolilar – olimlar, yozuvchilar, tarixchilar ishtirokida yangi loyiha yo‘lga qo‘yildi. O‘quv va ilmiy-metodik qo‘llanmalar, uslubiy tavsiya, ma’rifiy adabiyot va media mahsulotlar majmuasini yaratishdan tashqari ijtimoiy tarmoqlarda sun’iy intellektning turli xil dasturlari orqali o‘zbek qadriyati, madaniyati, tarixini tiklash, jonlantirishga qaratilgan ko‘plab milliy kontentlar yaratish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.

Nigora Husanova,

Respublika Ma’naviyat va Ma’rifat markazi

Ijtimoiy ma’naviy-tadqiqotlar instituti ilmiy xodimi

 

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring