IIVning Qo‘riqlash bosh boshqarmasi Milliy gvardiyaga o‘tkazildi
Hukumat qarori (555-son, 03.07.2019-y.) bilan O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining qo‘riqlash xizmati to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» kanali xabar berdi.
Qarorda belgilanishicha, Ichki ishlar vazirligining Qo‘riqlash bosh boshqarmasi va uning hududiy bo‘linmalari Milliy gvardiyaga o‘tkazilgan.
Nizomga muvofiq, qo‘riqlash xizmatining asosiy vazifasi shartnoma asosida davlat ob’yektlarini, o‘ta muhim, toifalangan va boshqa ob’yektlarni, jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulklarini qo‘riqlashni ta’minlash hisoblanadi.
Qo‘riqlash xizmati uchun narx Davlat budjetidan moliyalashtiriladigan tashkilotlar uchun Moliya vazirligi bilan kelishib, boshqa tashkilotlar uchun Milliy gvardiya qo‘mondoni tomonidan mustaqil belgilanadi.
Nizom bilan Qo‘riqlash xizmatining majburiyatlari va huquqlari, naryadlarning faoliyatini tashkil etish, xodimlarning javobgarligi belgilab berildi.
Xususan, Qo‘riqlash xizmati xodimi davlat organi vakili hisoblanadi va davlat himoyasi ostida bo‘ladi.
Qo‘riqlash xizmati xodimi xizmat vazifasini bajarishda faqat bevosita yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri boshlig‘iga (komandiriga) va mas’ul navbatchiga bo‘ysunadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter