Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

IIV xodimlariga «narkoman»larni davolanishga majburlash vakolati berilyapti

IIV xodimlariga «narkoman»larni davolanishga majburlash vakolati berilyapti

Senatorlar «Narkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritishga doir hujjatni ma’qulladi.

Senatorlarning ta’kidlashicha, bugungi kungacha narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarni majburiy davolashga yuborish faqatgina narkologiya muassasalari va oila a’zolarining (qarindoshlarining) iltimosnomalariga asosan amalga oshirib kelingan. Ayni paytda esa ichki ishlar organlarining tashabbusiga ko‘ra ham ushbu ishlarni rasmiylashtirish zarurati yuzaga kelmoqda.

Shu munosabat bilan mazkur Qonunga ichki ishlar organlariga narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarni majburiy davolashga yuborish to‘g‘risidagi materiallarni rasmiylashtirish vakolati berilishini, shuningdek, mazkur materiallarni tayyorlash tartibi belgilanishini nazarda tutuvchi tegishli o‘zgartishlar kiritilyapti.

Shuningdek, fuqarolarning narkologik tekshiruvdan o‘tkazilishini, maslahat berilishini, tashxis qo‘yilishini, narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarning ambulatoriya va statsionar sharoitlarda davolanishini hamda tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilinishini davlat kafolatlashi belgilab qo‘yilmoqda.

Bundan tashqari, narkologik kasallikka chalingan shaxsni majburiy davolash zaruriyatini aniqlash bilan bog‘liq barcha klinik tekshiruvlar narkologiya dispanserining o‘zida, zarur hollarda esa tegishli mutaxassislar mavjud bo‘lgan boshqa tibbiyot muassasalarida ham o‘tkazilishi haqidagi norma kiritilyapti.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring