Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

IIV 51-son manzil-koloniyasidagi holat bo‘yicha rasmiy munosabat bildirdi

IIV 51-son manzil-koloniyasidagi holat bo‘yicha rasmiy munosabat bildirdi

Foto: Illyustrativ foto

Ijtimoiy tarmoqlarda 51-son manzil-koloniyasida mahkumlarning oyligidan ushlab qolinayotgani haqida tarqatilgan xabar O‘zbekiston Respublikasi IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi tomonidan o‘rganib chiqildi. Ma’lum bo‘ldiki, Toshkent shahrida joylashgan 51-son manzil-koloniyasida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarni foydali mehnatga jalb etish maqsadida «UY JOY QURILIS» MChJ bilan pudrat shartnomasi tuzilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksining 88 va 93-moddalariga muvofiq ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar foydali mehnatga jalb etiladi.

«UY JOY QURILIS» MChJ bilan tuzilgan pudrat shartnomasiga asosan, jamiyat tomondan har oy yakuni bo‘yicha mahkumlarga haqiqatda bajarilgan ish hajmidan hamda tasdiqlangan razryad va bazaviy tarif stavkalaridan kelib chiqib, 800 ming so‘mdan 2,7 mln. so‘mgacha bo‘lgan miqdorda oylik maoshi hisoblanib kelinmoqda. Mehnatga jalb etilgan mahkumlarning oylik ish haqlaridan ushlanmalar faqat O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 164-moddasiga asosan (belgilangan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni undirish, sudning qarorlari va boshqa ijro hujjatlarini ijro etish uchun) amalga oshirilmoqda.

Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, qurilish ob’yektlarida ishga jalb qilingan mahkumlarga oylik ish haqlari belgilangan tartibda hisoblanib, ularning ish haqidan noqonuniy ravishda ushlanmalar amalga oshirilishiga yo‘l qo‘yilmagan.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksining 89-moddasida jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan mahkumlar jazoni ijro etish muassasalarida yoki ulardan tashqarida ish o‘rinlarini tashkil etish yo‘li bilan, ish bilan ta’minlanishi belgilangan.

Shunga asosan manzil-koloniyalarida saqlanayotgan mahkumlar manzil-koloniyalaridan tashqarida, boshqa yuridik tashkilotlarga o‘zaro tuzilgan shartnoma asosida ishga jalb etiladi.

Yuridik tashkilotlarga shartnoma asosida ishga jalb etilgan mahkumlarga Jinoyat-ijroiya kodeksining 92-moddasiga muvofiq mehnat normalari va mehnat vazifalarini bajargan taqdirda mehnatga haq to‘lash yagona tarif setkasining birinchi razryadi bo‘yicha belgilangan miqdordan kam bo‘lmagan miqdorda ish haqi to‘lanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 305-moddasiga asosan O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslar yagona ijtimoiy to‘lovni (2019-yilning 1-yanvaridan boshlab yagona ijtimoiy to‘lov stavkasi 25 foizni tashkil etadi) to‘lovchilari hisoblanadi.

Biroq, Jinoyat ijroiya kodeksining 96-moddasiga asosan mahkumlarning ish haqidan davlat ijtimoiy sug‘urtasiga ajratmalar ajratilmasligi belgilanganligi sababli, jazoni ijro etish koloniyalari hamda yuridik tashkilotlar o‘rtasida tuziladigan shartnomalarda yuridik shaxslarning mablag‘lari hisobidan mahkumlarga to‘lanadigan ish haqidan tashqari, ushbu ish haqining 25 foizigacha bo‘lgan miqdorda muassasaning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamg‘armasiga qo‘shimcha to‘lovlar amalga oshiriladi.

Shu bilan birga, 51-son manzil koloniyasida jazo muddatini o‘tagan mahkum O.Abdullayev jazo o‘tash tartibi va shartlariga, jamiyatda qabul qilingan xulq atvor qoidalariga to‘liq rioya qilib kelganligi sababli, muassasa rahbariyati va xodimlari tomonidan e’tirozlar bildirilmagan, jazoni o‘tash davrida unga nisbatan intizomiy ta’sir choralari qo‘llanilmagan.

Barcha mahkumlar kabi, mahkum O.Abdullayev ham foydali mehnatga jalb etilgan va 2019-yil 26-iyul kuni shartnoma ob’yektidan o‘zboshimchalik bilan noma’lum tomonga ketib qolgan.

Hozirgi kunda unga nisbatan qidiruv e’lon qilinib, ushlash choralari ko‘rilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring