Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ichki ishlar vaziri navbatdan tashqari yig‘ilish o‘tkazdi

Ichki ishlar vaziri navbatdan tashqari yig‘ilish o‘tkazdi

Kecha, 5-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, general-mayor Po‘lat Bobojonov raisligida vazirlik hay’atining videoselektor tarzidagi navbatdan tashqari majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi xabar berdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni mas’ul xodimlari, Bosh prokuror, 3-darajali davlat adliya maslahatchisi Otabek Murodov, shuningdek, Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligining rahbar xodimlari, hududlardagi prokurorlar va ichki ishlar organlari boshliqlari ishtirok etdilar.

Joriy yilning olti oyi davomida ichki ishlar organlari faoliyati samaradorligini oshirish, xalqimizning tinch va osoyishta hayot kechirishini ta’minlash, jinoyatchilikning o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslik choralari ko‘rilishi natijasida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan respublika bo‘yicha jinoyat sodir etish holatlari 13 ming 599 taga yoki 38,67 foizga, jinoyat qidiruv yo‘nalishidagi jinoyatlar esa 8 ming 568 taga yoki 38,86 foizga kamaygan.

Ayrim hududlarda oila-turmush doirasidagi va voyaga yetmaganlar o‘rtasidagi jinoyatlar soni yuqoriligicha qolayotganligi sabablari yuzasidan viloyat ichki ishlar boshqarmalari boshliqlarining axborotlari tinglandi.

Yo‘l-transport hodisalari, ayniqsa, inson o‘limi bilan bog‘liq holatlarning oldini olishga qaratilgan tadbirlarning samarasizligi, yo‘l belgilarini xatlovdan o‘tkazish, ularni zamonaviy qoplamali yo‘l belgilari bilan almashtirish borasidagi ishlarni tashkillashtirishda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar bo‘yicha rahbarlarning hisobotlari eshitildi.

Shuningdek, joylarda mulkiy turdagi jinoyatlar, o‘g‘irlik va firibgarliklarning oldini olishda maqsadli va manzilli tadbirlar o‘tkazishga e’tibor berilmayotganligi ta’kidlandi. Yig‘ilishda qo‘riqlash xizmati yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar talabga javob bermayotganligi, aholi xonadonlari, tashkilot va korxonalar qo‘riqlovga olinishi yuzasidan targ‘ibot ishlari sust olib borilayotganligi yuzasidan e’tirozlar bildirildi.

Ommaviy axborot vositalarida “Jinoyatga qarshi kurashish haqiqati va adolati” tizimiga bag‘ishlangan maxsus ruknlar va teleradiomateriallar tayyorlashni tashkil etish va aholiga yetkazish orqali jinoyatchilikka qarshi murosasizlik muhitini yanada mustahkamlashga qaratilgan ta’sirchan chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.

Majlisda hududlarni jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha ichki ishlar organlari rahbarlariga biriktirilgan sektorlarda Prezident va Hukumat hujjatlarida belgilangan vazifalar to‘laqonli bajarilmayotganligi ham tanqidiy muhokama qilindi.

Vazirlik hay’atida ichki ishlar organlari tizimida kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish masalasi ham alohida ko‘rib chiqildi. Barcha bo‘g‘indagi xodimlarning xizmat faoliyati ustidan kundalik idoraviy nazoratni kuchaytirish, ular tomonidan sodir etilishi mumkin bo‘lgan salbiy holatlarning kelib chiqishiga chek qo‘yish, shaxsiy tarkib orasidagi ma’naviy-ruhiy muhitni sog‘lomlashtirish va tartib-intizomni mustahkamlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar bo‘yicha qaror qabul qilindi.

Yig‘ilishda faoliyatni samarali tashkil etish, shaxsiy tarkib o‘rtasida qonunchilik va xizmat intizomiga rioya etilishini ta’minlashda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar yuzasidan Ichki ishlar vazirligi va quyi tizim organlari rahbarlarining hisobotlari eshitildi. Joriy yilning o‘tgan davrida xodimlar tomonidan sodir etilgan salbiy holatlar muhokama etilib, ularning kelgusida sodir etilishini oldini olish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Shuningdek, Toshkent shahrida joriy etilgan “Xavfsiz poytaxt” konsepsiyasi jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishda samarali mexanizm sifatida o‘zini oqlayotganligi qayd etilib, mazkur konsepsiya doirasidagi chora-tadbirlarni respublikaning boshqa hududlarida ham sifatli tashkil etish bo‘yicha topshiriq berildi.

Yig‘ilishda ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori, 3-darajali davlat adliya maslahatchisi Otabek Murodov o‘z ma’ruzasida ichki ishlar organlari tizimini isloh qilish bo‘yicha qabul qilingan qator qonun, farmon va qarorlar ijrosini ta’minlashda joylarda jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘yilayotganligini bayon qilib, ularning ayrimlari bo‘yicha bajarilmay qolayotgan tadbirlarni tanqidiy muhokama qildi, ushbu hujjatlarning ijrosi ustidan nazorat bundan buyon yanada kuchaytirilishini, barcha bo‘g‘indagi rahbarlar ijro intizomiga qat’iy rioya etishlari, farmon va qarorlarda belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlashlari zarurligini ta’kidladi.

Bundan tashqari, majlisda shu kunlarda Ichki ishlar vaziri general-mayor Po‘lat Bobojonov rahbarligidagi Ishchi guruhi tomonidan Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari ichki ishlar organlarining fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlash borasidagi faoliyatini tekshirish davomida aniqlangan kamchiliklar atroflicha muhokama qilindi.

Hay’atning navbatdan tashqari majlisi kun tartibiga qo‘yilgan keyingi masalalar, xususan, “Paxta-2018” mavsumi davrida jamoat tartibini saqlash, yong‘in hamda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash chora-tadbirlarini ko‘rish hamda O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining yigirma yetti yilligini nishonlash tadbirlariga tayyorgarlik ko‘rish, uni o‘tkazish davrida xavfsizlik choralarini belgilash masalalari ham ko‘rib chiqilib, kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.


Ammo navbatdan tashqari o‘tkazilgan mazkur yig‘ilishda 4-avgust kuni kechqurun o‘z xonasida shafqatsizlarcha o‘ldirib ketilgan Ichki ishlar vazirligining Patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash Bosh boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Dilshod Akromov haqida so‘z borganmi yoki yo‘qmi, bunisi aytilmagan. Umuman, Ichki ishlar vazirligi ushbu holat bo‘yicha aniq, batafsil va ishonchli ma’lumot bersa, ayni muddao bo‘lardi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring