Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ichki ishlar vaziri «Jasliq»dagi mahbuslar sonini ma’lum qildi

Ichki ishlar vaziri «Jasliq»dagi mahbuslar sonini ma’lum qildi

Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov «Jasliq» koloniyasining yopilishi bo‘yicha izoh berib, ilk bor ushbu muassasadagi mahbuslar sonini ma’lum qildi. Bu haqda «Gazeta.uz» xabar berdi.

O‘zbekiston ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov prezident Shavkat Mirziyoyevning Qoraqalpog‘iston IIVga qarashli 19-son ixtisoslashtirilgan jazoni ijro etish koloniyasining (Jasliq koloniyasi) tugatilishi to‘g‘risidagi qaror yuzasidan izoh berdi.

1999-yilda Qo‘ng‘irot tumanining Jasliq qo‘rg‘onida qurilgan muassasaning yopilishi «mamlakatimiz siyosiy hayotida va jahon hamjamiyati oldida juda katta ahamiyatga ega», deya ta’kidlagan vazir «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida.

«Bu yerda og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir qilgan va uzoq muddat ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan shaxslar saqlanib kelmoqda. Ushbu koloniya nafaqat bizning fuqarolar orasida, qolaversa xalqaro tashkilotlar orasida ham salbiy nom qozongan koloniya hisoblanadi», — dedi ichki ishlar vaziri.

«Bu koloniyani muhtaram prezidentimiz qarori bilan tugatish nima uchun zarur bo‘lib qoldi? Birinchidan, joylashishi — Nukus shahridan 300 km, Qo‘ng‘irot tuman markazidan esa 180 km uzoqlikda. Ikkinchidan, iqlimini olsak, qishda qahraton sovuq, yozda jazirama issiq. Jazoni o‘tayotgan shaxslar, ularning qarindoshlari, yaqinlarining kelib-ketishlariga ham o‘ta noqulay», — dedi u.

«Siz bir tasavvur qiling, Farg‘ona viloyatidan, Andijon yoki Surxondaryo viloyatidan ota-ona yoki farzandlari bilan o‘sha yerda jazo o‘tayotgan mahkumni ko‘rish uchun kelish juda ko‘p masofa bosib, Jasliq qo‘rg‘oniga borilar edi», — dedi Po‘lat Bobojonov.

U «Jasliq» koloniyasida 5000 dan 10000 kishigacha, shuningdek 5000 nafargacha diniy ekstremistlarning saqlanishi to‘g‘risidagi xabarlarni rad etdi.

«Mazkur muassasaning bugungi kundagi limiti 1100 o‘rin. Hozirgi kunda 395 nafar mahkum saqlanayapti va shularning atigi 10 foizi diniy-ekstremistik jinoyatlar uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslardir», — dedi vazir.

IIVga bir oy muddatga Jasliqda saqlanayotgan mahkumlarni sud tomonidan belgilangan tartib turiga muvofiq ravishda ichki ishlar organlarining boshqa jazoni ijro etish koloniyalariga o‘tkazish topshirildi.

Po‘lat Bobojonov prezidentning 2017 yildan buyon 4000 nafarga yaqin mahkumni afv etganini eslab o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ozod qilingan shaxslar davlat va jamiyat e’tiboridan chetda qolayotgani yo‘q. Masalan, Ramazon hayiti arafasida 361 kishi jazoni o‘tashdan to‘liq ozod qilinib, oilasi va yaqinlari bag‘riga qaytdi.

IIV rahbari koloniyaning yopilishi to‘g‘risidagi qaror O‘zbekistonning xalqaro obro‘siga ijobiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlab o‘tdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring