Ichimlik suvini hisoblashda yangi me’yorlar kiritiladi
2022 yil 1 fevraldan O‘zbekiston bo‘ylab suv hisoblagichi bo‘lmagan uylardagi ichimlik suvini hisoblashning yangicha me’yorlari kiritiladi. Bu haqda «O‘zsuvta’minot» AJ axborot xizmati ma’lum qildi.
Yangi iste’mol me’yorlari joriy etilayotgani tariflar oshganini anglatmaydi. AJning tushuntirishicha, yangi me’yorlar suv iste’moli uchun harajatlarni qisqartirib, iste’molchilar uchun hisob-kitob tizimining shaffofligini oshiradi.
«O‘zsuvta’minot» yangi me’yorlarni Toshkent shahri va viloyati misolida tushuntirib bergan. Ya’ni shu kungacha Toshkent shahridagi ko‘p kvartirali uylarda kishi boshiga kuniga 330 litr, hovli uylarda esa kishi boshiga kuniga 389 litr bo‘lgan suv iste’moli me’yorlari qo‘llanilgan, shuningdek, avtomashina uchun 100 litr, uy hayvonlari uchun 8 litrdan 65 litrgacha, sug‘orish mavsumida suv sepish va sug‘orish maydonining (trotuarlar va bog‘lar) har 1 kvadrat metr uchun kunlik 36 litr bo‘lgan me’yorlar mavjud edi.
Yangi me’yorlar bo‘yicha esa 2022 yil 1 fevraldan boshlab, ko‘p kvartirali va hovli uylarda kuniga 350 litr bo‘lgan yagona me’yor qo‘llaniladi, avtomashina va uy hayvonlari uchun mavjud bo‘lgan boshqa me’yorlar chiqarib tashlanadi. Suv sepish uchun me’yor 15 litrgacha kamaytiriladi.
Masalan, soddalashtirilgan me’yorlar va 2021 yil 24 yanvardan Toshkent shahrida amal qilayotgan tariflar bo‘yicha bir oyda:
- ko‘p kvartirali uylarda kishi boshiga – 17 033 so‘m (ilgari 16 060 so‘m bo‘lgan);
- hovli uylarda kishi boshiga – 12 242 so‘m (ilgari 13 607 so‘m bo‘lgan);
- suv sepish maydonining 10 kvadrat metri uchun – 3 190 so‘mdan (ilgari 7 680 so‘m bo‘lgan) to‘g‘ri kelmoqda.
Soddalashtirilgan me’yorlar va 2021 yil 24 yanvardan Toshkent viloyatida amal qilayotgan tariflar bo‘yicha bir oyda:
- ko‘cha kolonkasidan foydalanuvchilar uchun kishi boshiga – 2 243 so‘m (ilgari 8 973 so‘m bo‘lgan);
- ko‘p kvartirali uylarda kishi boshiga – 29 276 so‘m (ilgari 33 458 so‘m bo‘lgan);
- kanalizatsiya tizimiga ulangan hovli uylarda kishi boshiga – 23 687 so‘m (ilgari 36 094 so‘m bo‘lgan);
- kanalizatsiya tizimiga ulanmagan hovli uylarda kishi boshiga – 15 703 so‘m (ilgari 17 946 so‘m bo‘lgan);
- suv sepish maydonining 10 kvadrat metri uchun – 6 730 so‘mdan (ilgari 13 511 so‘m bo‘lgan) to‘g‘ri kelmoqda.
Eski me’yorlar bo‘yicha avtomashina uchun 4 200 so‘m, uy hayvonlari uchun 168 so‘mdan 1 365 so‘mgacha to‘lov amalga oshirish kerak bo‘lgan, yangi me’yorlar bo‘yicha esa ular uchun to‘lovlar ko‘zda tutilmagan.
«O‘zsuvta’minot» iste’molchilarga suvdan foydalanishda hisoblagichlar afzalligini eslatib o‘tgan. Aytilishicha, bunda xarajatlar kamida 2 barobarga kamayib, suv hisoblagich xarajatlari 6-12 oyda qoplanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter