«Ibi, hokim buva, bu nimasi?» maqolasiga Oliy sud munosabat bildirdi
Uch kun avval — 1-oktyabr kuni e’lon qilingan «Ibi, hokim buva, bu nimasi?» maqolasida Quva tuman hokimining ajabtovur xatti-harakatlari bayon qilingan edi.
Ya’niki, hokimlik tumandagi «Ko‘hinur» xususiy korxonasiga qarashli dorixona binosini go‘yoki «ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi qurish» vaji bilan buzdirib, yer maydonini boshqaga tortiq qilvorgani, tayyor mulki va joyidan ayrilgan tadbirkor esa bunday bedodlikdan dod deb, sudga murojaat etgani va boshqa holatlar qalamga olingandi.
Maqola bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmatidan tezkor javob kelgani xursand qildi, rosti. Undagi tuman hokimi tomonidan tom ma’noda laqqillatilgan tadbirkorning huquqlari tiklangani haqidagi ma’lumot esa ikki karra yoqimlidir.
Javobni o‘qiymiz: «Arizachi «Ko‘hinur» xususiy korxonasi javobgar Quva tuman hokimligi, uchinchi shaxs Yuldashev Hamdamjonga nisbatan hokim qarorini qisman haqiqiy emas, deb topish haqidagi shikoyat arizasi va qo‘shimcha shikoyati bilan sudga murojaat qilib, unda Quva tuman hokimining 2019 yil 27 iyundagi 3222-sonli qarorining «Ko‘hinur» xususiy korxonasiga tegishli dorixona binosini buzish qismini hamda Quva tuman hokimining 2019-yil 29-iyuldagi 3410-sonli qarorining fuqaro Yuldashev Hamdamjonga 324 kv. metr yer maydoni ajratish qismini haqiqiy emas, deb topishni so‘ragan.
Shikoyat arizasi va qo‘shimcha shikoyat arizasi Rishton tuman ma’muriy sudining ochiq sud majlisida ko‘rib chiqilib, 2019-yil 25-sentyabrdagi hal qiluv qarori bilan qanoatlantirilgan.
Shuningdek, mazkur ish bo‘yicha sudga raislik qiluvchi tomonidan taraflarga ushbu hal qiluv qarori ustidan shikoyat qilish tartibi va muddati tushuntirildi.
Rishton tuman ma’muriy sudining mazkur qaroriga nisbatan apellyasiya va kassatsiya shikoyati kelib tushmaganligi ma’lum qilinadi».
Oliy sud javobi qo‘limizga tekkanidan so‘ng, Quva bilan bog‘landik. Ma’lum bo‘lishicha, sud qarori chiqqaniga qaramay yer maydonining «yangi egasi» qurilish ishlarini kelgan joyida davom ettirmoqda ekan. Ya’ni, sud qarorini tan olmoqchi emasdek. Aytibdiki, hokim qarorini hech kim bekor qilolmaydi, deb...
Mana, ahvol! Nima balo, Farg‘onada hokimlarning (o‘z hududida) «hokimi mutlaq»ligi odamlar ongiga shu darajada singib ketganmiki, uning qarori sud tomonidan haqiqiy emas deb topilganini tasavvurga sig‘dirolmayapti hatto! Ajab, ajab...
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter