«Humo Arena» majmuasidagi Navro‘z tantanalaridan fotoreportaj
Shu kunlarda mamlakatimizda Navro‘z umumxalq bayrami keng nishonlanmoqda. Toshkent shahridagi tantanali tadbir 21-mart kuni «Humo Arena» majmuasida bo‘lib o‘tdi.
Majmua atrofi bayramona bezatilgan. Navro‘zga xos an’analarimiz, xalq amaliy san’ati ko‘rgazmasi va dor o‘yinlari tashkil etilgan. So‘rilardagi dasturxonlarga bahoriy taomlar tortilgan.
Karnay-surnay sadolari yangrab, bayram boshlanayotganidan darak berdi.
Tantana ishtirokchilari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni qarsaklar bilan kutib oldi.
Davlatimiz rahbari barchani Navro‘z bayrami bilan tabrikladi.
– Mana shunday fayzli, shodiyona ayyomda barcha shahar va tumanlarda, qishloq va ovullarda Navro‘z saylini o‘tkazayotgan barcha-barcha yurtdoshlarimizga yuksak hurmatim va eng ezgu tilaklarimni izhor etaman. Hayotingiz bahor tongidek tiniq, baxtli va farovon bo‘lsin! Sharqona Yangi yilimiz – Navro‘zi olamning qadami qutlug‘ va barakali kelsin, – dedi davlatimiz rahbari.
Bayram sho‘x-shodon qo‘shiqlar, raqslar bilan davom etdi. Sahnada mamlakatimizning har bir hududi an’analari, o‘ziga xos san’ati, xalq o‘yinlari ifodalandi. Folklor-etnografik jamoalar dehqonchilikka baraka tilab, Navro‘z, tabiat, mehr-oqibat haqida qo‘shiqlar aytdi. Estrada xonandalarining chiqishlari, bolakaylarning o‘yin-kulgulari barchaga zavq-shavq ulashdi.
Sahna ortidagi yirik monitorlarda yurtimiz tabiati, xalqimizning farovon hayoti, keyingi yillardagi bunyodkorlik ishlari namoyish etildi.
Xalqimiz bu yilgi Navro‘zni ham ulkan yutuqlar bilan kutib oldi. Yuzlab uy-joylar, zamonaviy korxonalar, madaniyat va sport saroylari qurildi. Sanoat, qishloq xo‘jaligi, transport, turizm va boshqa sohalarda strategik loyihalar amalga oshirildi. Iqtisodiyotni barqaror qilishga qaratilgan sa’y-harakatlar natijasida o‘tgan yili aholining real umumiy daromadlari 2017 yilga nisbatan 12 foizga oshdi.
Ochiq va amaliy, faol tashqi siyosat olib borilayotgani tufayli mamlakatimizning xalqaro obro‘si ortdi. Qariyb yigirmata davlatlararo rasmiy tashriflar amalga oshirilib, juda muhim va istiqbolli kelishuvlarga erishildi. Qo‘shni mamlakatlar bilan o‘zaro ishonch va hamkorlik ruhidagi munosabatlar yanada mustahkamlandi.
Bu kabi o‘zgarishlar natijasini har bir oila, har bir jamoa o‘z hayoti misolida ko‘rmoqda, sezmoqda. Bayramlarni shodu xurramlikda, tinchlik-xotirjamlikda kutib olmoqda.
Bayram tadbirida davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, parlament va hukumat a’zolari, turli sohalarda samarali mehnat qilayotgan vatandoshlarimiz, mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.
Navro‘z sayillari Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlarida, tuman, qishloq va ovullarda davom etmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter