Hukumat qarori bilan davlat tilida ish yuritish bo‘yicha markaz tashkil etildi
«Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» Hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda «Huquqiy axborot» kanali xabar berdi.
Qarorga muvofiq, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti OTMlarda o‘zbek tili va adabiyotini o‘qitish metodikasini takomillashtirish, ushbu fan o‘qituvchilarining malakasini oshirish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha tayanch OTM etib belgilandi.
Universitet huzurida yuridik shaxs maqomiga hamda hududlardagi davlat universitetlari va pedagogika institutlari huzurida bo‘linmalarga ega bo‘lgan Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi tashkil etildi.
Davlat xizmatchilari va aholining nutq madaniyati hamda notiqlik mahoratini oshirish, davlat tilida ish yuritish bo‘yicha kurslar tashkil etish markazning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.
Markaz va uning hududiy bo‘linmalarida vazirlik va idoralar, hokimliklar va xo‘jalik birlashmalari xodimlari pulli shartnoma asosida o‘qitiladi.
Ishdan ajralgan holda ta’lim olayotgan tinglovchilarning asosiy ish joyidagi lavozimi va o‘rtacha oylik ish haqi saqlanadi.
2020-2021 o‘quv yilidan boshlab:
- davlat universitetlari va pedagogika institutlarida o‘zbek tili va adabiyoti baklavriat yo‘nalishida sirtqi va kechki ta’lim shakli tashkil etiladi;
- universitetda «Sinxron tarjima» va «Kompyuter lingvistikasi» magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi.
Shuningdek, 2020-yildan boshlab «El-yurt umidi» jamg‘armasi stipendiyasi tanlovlarini o‘tkazishda o‘zbek tili metodikasi sohasi inobatga olinadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter