Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Tabiiy resurslarda kelajak avlodning ham haqi bor»

«Tabiiy resurslarda kelajak avlodning ham haqi bor»

Foto: Xabar. uz

Yashirishga hojat yo‘q. Bugungi kunda aholi o‘rtasida bezovtalik boshlandi. Uning asosiy sababi esa tabiiy resurslar, jumladan, tabiiy gaz va elektr energiyasi narxlarining oshgani bilan bog‘liq

Ma’lumki, shu kunga qadar ushbu tabiiy resurslarni ishlab chiqarish va xonadongacha olib kelish juda katta miqdordagi xarajatlarni keltirib chiqargan. Shunga qaramay, davlat tomonidan subsidiyalarning ajratilgani – iste’molchi tomonidan foydalanganlik uchun uncha ko‘p bo‘lmagan miqdorda to‘lovning amalga oshirib kelishiga sabab bo‘lgan. 

«To‘g‘ri, biz tabiiy resurslarga boy mamlakatmiz. Biroq, unutmaylikki, bu tabiiy boyliklar chegaralangan. Demak, bugungi davr tabiiy resurslarni cheklash hamda ularni kelajak avlodga ham yetarli darajada qoldirish tashvishiga bog‘liq. Ahvol shu darajaga yetib qolganmi, degan savol tug‘ilishi mumkin. Yo‘q, albatta! Ammo, ayonki, tabiiy boyliklar qazib olinadi. Uning o‘sha joyda qayta paydo bo‘lishi uchun esa asrlar ketadi. Juda tez, o‘rni kelganda, ochiq aytish kerakki, oqilona foydalanilmaganligi, isrofgarchiliklarga va asosan, noqonuniy foydalanishlarga yo‘q qo‘yib kelinganligi tufayli tabiiy resurslarning katta qismi sarflanib bo‘lingan. Qolgani esa bizdan ertangi kunga, kelajakka meros bo‘lib qolishi kerak. Ularga kelajak avlodning ham haqi bor. Tejab-tergab, oqilona foydalanishni kechiktirmagan holda bugundan boshlash muhim»,-dedi «Hududgaz Buxoro» gaz ta’minoti filiali boshlig‘i O‘tkir Fayziyev.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 16 apreldagi «Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosi yuzasidan «Hududgaz Buxoro» gaz ta’minoti filiali tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida narxlarning oshishidagi sabab va omillar, shuningdek, tabiiy hamda suyultirilgan gaz tariflarida kuzatilgan o‘zgarishlar xususida to‘xtalib o‘tildi.

«Hududgaz Buxoro» gaz ta’minoti filiali direktori birinchi o‘rinbosari Sirojiddin Avezovning so‘ziga ko‘ra, viloyatda 290 mingdan ortiq tabiiy gaz iste’molchilari bo‘lib, 800 million so‘m debitor qarzdorlik mavjud. Bildirilishicha, iste’molchilar o‘rtasida tabiiy resurslardan foydalanishda isrofgarchiliklar va noqonuniy foydalanishlar ham yuzaga kelgan.

Ma’lumotga ko‘ra, o‘tgan mavsumda viloyatning qator tumanlarida tabiiy gazdan noqonuniy ravishda foydalanish bilan bog‘liq jinoyatlar fosh etilgan. Jondor tumanidagi g‘isht ishlab chiqarish sexlaridan birida o‘tkazilgan o‘rganishda mansabdor shaxslar tomonidan «Jondor 1» GTSdan «Oytug‘di» mahallasi Peshqandoq qishlog‘i yo‘nalishida tortilgan diametri D 530 mm. bo‘lgan gaz quvuriga noqonuniy ulanilgan. Ushbu quvurdan jamiyatga qarashli g‘isht ishlab chiqarish sexigacha yer ostidan, yashirincha diametri 25 mm. bo‘lgan quvur tortib, tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelingan. Bundan tashqari, «Hududgaz Buxoro» gaz ta’minoti filiali mutaxassislarining dalolatnomasiga ko‘ra, umumiy foydalanishdagi gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanish oqibatida, ishlab chiqarish sexlaridan biri uch yil davomida umumiy qiymati 4.935.006,0 m3 tabiiy gazdan noqonuniy ravishda foydalanilib, jami 4 mlrd. 935 mln. so‘mlik juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan. Yana bir jamiyat g‘isht ishlab chiqarish sexigacha yer ostidan, yashirincha diametri 25 mm. bo‘lgan quvur tortib, umumiy qiymati 4.827.918,0 m3 tabiiy gazdan noqonuniy ravishda foydalanishi oqibatida 4 mlrd. 828 mln. so‘mlik juda ko‘p miqdorda zarar keltirgan.

«Ayrim holatlarda qarzdorligini to‘lamay yurgan iste’molchilar ham topiladi. Bunday paytda, bu iste’molchi tabiiy gaz foydalanuvidan avtomatik tarzda uzib qo‘yiladi. Har bir resursdan oqilona foydalanib, to‘g‘ri tushunib, qadriga yetish kerak. «Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorning nechog‘li ahamiyatliligi tushunib yetilsa, hech qanday bezovtalikka o‘rin qolmaydi»,-dedi Sirojiddin Avezov.

Matbuot anjumanida elektr hamda tabiiy gaz isrof bo‘lishining oldini olish uchun nafaqat, xonadonga olib kiradigan quvurlarni, balki, xonadon ichini ham izolyasiya qilish to‘g‘risida so‘z bordi.

«Aholi ko‘p hollarda sovuq kunlarda tabiiy gaz hisobiga isitish pechini yoqib qo‘yadi. To‘g‘ri, xonalar isiydi. Ammo, devor va derazalardagi noboplik, ya’ni, yoriq, teshik yoxud tuynuklar mavjudligi sabab issiqlik ko‘chaga chiqib ketadi. Bu esa toza havoni zaharlamay qo‘ymaydi. Xona devor va derazalarini izolyasiya qilish ham sog‘likka foyda, ham to‘lovda ortiqcha xarajatlarning oldini oladi. Ma’lumki, ko‘p qavatli xonadonlarda isitish qozonlari, aristonlar qo‘yilgan. Ishga, o‘qishga ketishdan oldin ushbu vositalar o‘chirib qo‘yilsa, ham tabiiy gaz, ham elektr energiyasidan 7-8 soat ichida 15 foizgacha iqtisod qilinadi. Bu ham oilaviy budjetga, ham kelajak avlodga foyda keltiradi»,-dedi jamiyatning moliya-iqtisod masalalari bo‘yicha direktori Ilhom Aslonov.

Ma’lumot o‘rnida: «Hududgaz Buxoro» gaz ta’minoti filiali tomonidan mamlakatda ilk bor mobil ilova ishga tushirildi. Ushbu mobil ilovaga ko‘ra, Buxoroda gaz «zapravkalar»ning qaysi biri qanday va qanday sharoitda faoliyat olib borayotganini 24 soat davomida ko‘rish imkoni yaratilgan. Ushbu ilova orqali qaysidir AGTKSda tirbandlik yuzaga kelganini ham onlayn kuzatish va tug‘ilgan muammoni o‘z vaqtida bartaraf etish imkoni bor.

 

 

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring