Buxoroda dunyo hunarmandlari birlashdi (foto+video)
O‘tmish, tarix va zamon kesishgan Buxoroyi sharifga dunyoning 40 dan ziyod davlatidan 160 nafarga yaqin hunarmandlar kelishdi. Ularni «II Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik» festivali birlashdi.
Zargarlik an’analarini rivojlantirish, ularning noyob namunalarini targ‘ib etish, ushbu yo‘nalishlarda o‘zaro tajriba almashish orqali xalqlar o‘rtasida do‘stlik va hamkorlik rishtalarini mustahkamlashga maqsadini qaratgan mazkur festival tantanalari uch kun davom etadi. Bunda respublikamiz hududlaridan 114 nafar zargar, 39 nafar zardo‘z, 90 nafar hunarmandchilikning boshqa yo‘nalishlarida faoliyat olib borayotgan hunarmandlar ishtirok etmoqda. 42 ta davlatdan 157 nafar xorijiy hunarmandlar hamda 100 dan ziyod nufuzli mehmonlar tashrif buyurishgan.
Ma’lumki, qadim-qadimdan hunarmandchilik rivojlangan madaniy markazlardan biri bo‘lib kelgan Buxoroda hunarmandchilik va xalq amaliy san’atining turli yo‘nalishlari, ayniqsa, zardo‘zlik va zargarlik yuksak darajada taraqqiy etgan. Usta-shogird an’analari asosida hunarmandlarning oilaviy sulolalari uning sir-asrorlarini ajdodlardan avlodlarga yetkazib kelmoqda. Bugungi kunda ham Buxoro shahrida hunarmandchilik an’analari izchil rivojlanmoqda. Xususan, ipak gilamchilik, kulolchilik, kandakorlik, zardo‘zlik, zargarlik, kashtachilik, yog‘och o‘ymakorligi, qog‘ozgarlik kabi hunarmandchilikning ko‘plab turlari ravnaq topmoqda.
«2022 yilda Butunjahon Hunarmandlar kengashi tomonidan Buxoro shahriga Butunjahon hunarmandchilik shahri maqomi berilgan edi. Bu esa mintaqamizda asrlar mobaynida avloddan-avlodga bezavol o‘tib kelayotgan boqiy an’ana va qadriyatlarimizning hamda yuksak ma’naviyat, madaniyatimiz va boy tariximizning jahon miqyosidagi yuksak e’tirofi hisoblanadi. Bu maqom ko‘hna zaminda Xalqaro miqyosda hunarmandchilikning barcha turlarini yanada rivojlantirish maqsadini o‘zida mujassam etgan festival hamda tantanalarni keng miqyosda, yuqori saviyada o‘tkazish imkonini berdi. Sayyohlar oqimi har yilgidan oshdi. Juda ko‘p xorijiy davlatlar bilan hunarmandchilikni rivojlantirish borasida memorandumlar imzolandi. Bu esa o‘z-o‘zidan xorij davlatlarida ham Buxoro hunarmandchiligi maktablarining shakllanishida mustahkam salobat kasb etadi», — dedi Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov.
Festival doirasida o‘tkazilgan turli muzokara hamda ilmiy-amaliy konferensiyalar davomida Xitoy Xalq Respublikasining «Xinjiang Kaigao teaching technology co ltd», «Shaanxi Jiazhongshenghe Agricultural Technology Co., Ltd», «China Tiatong International Transport Co., Ltd» hamda boshqa qator kompaniyalar bilan kelishuvlarga erishilib, memorandumlar imzolandi.
«Men bundan ilgari ham Buxoroyi sharifga kelganman. «Ipak va ziravorlar» festivallarida o‘zimning zargarlik buyumlarimni olib kelganman. Buxoro zargarlaridan ko‘p tajribalar o‘rgandim, o‘rni kelganda, o‘z uslublarimizni o‘rgatdim. Buxoroning ko‘p zargarlarini o‘zimga ustoz sanayman. Ham savdo, ham sayyohat, deganlaridek bu qadim shaharni tez-tez ziyorat qilib turaman. O‘tmish, Tarix va Zamon kesishgan sharif shaharga ixlosim baland»,— dedi pokistonlik Mahammadzoda Aliniyaz.
Turkiyalik Malik Ashrafzoda Istambulda Buxoro zargarlik maktabini yaratishga hamda bu yo‘lda Buxorodagi eng namunali bo‘lgan o‘ziga xos «ustoz-shogird»lik an’analarini rivojlantirishga ishtiyoqmand ekanini bildirdi.
Festival doirasida bir qator tadbirlar, festival ishtirokchilarining tantanali yurishlari (parad-shestviye), mahalliy va xorijiy hunarmandlarning mahsulotlari ko‘rgazma-savdosi, ilmiy-amaliy konferensiyalar, mahalliy va xorijiy dizayner va hunarmandlar ishtirokidagi «Buxoro moda kunlar» moda namoyishi, konsert dasturlari, xalq raqslari, qo‘g‘irchoqbozlik, folklor jamoalari chiqishlari davom etmoqda.
Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivali xalqaro hamkorlikka va qizg‘in fikr almashinuviga chorlovchi, tom ma’noda san’at va hunarmandchilik bayramiga aylandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter