Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoroda ekokuzatuv kameralari ishga tushdi

Buxoroda ekokuzatuv kameralari ishga tushdi

Buxoro ekologik huquqbuzarliklarni aniqlovchi onlayn kuzatuv kameralari ishga tushdi. Bu haqda «Xabar.uz»ga Buxoro viloyati Ekologiya boshqarmasi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Bildirilishicha, 20 dan ortiq ekokuzatuv kameralari huquqbuzarlikni onlayn kuzatib turish maqsadida o‘rnatilgan.

«Atrof-muhitni asrash va unga ziyon yetkazmaslik har birimizning ham fuqarolik, ham insoniylik burchimizdir. Mana shu burchni yanada oshirish maqsadida Buxoro shahrida joylashgan Bahouddin Naqshband, Sherbuddin, Mehtar Ambar, Abdurahmon Jomiy ko‘chalari hamda Kogon tumanidagi «Qizilgul» massivida onlayn kuzatuv kameralari o‘rnatildi. Shu orqali axlatxonaga borishga erinayotgan yoki tozalikka rioya qilmayotgan fuqarolarning yo‘l chetlarida, ko‘chalarda axlat tashlab ketishlarining oldini olishga qaratilgan», — dedi boshqarma matbuot xizmati xodimi Marjona Shukurova.

Ta’kidlanishicha, ushbu kameralar 360 darajada tasvirga olish imkonini beradi. E’tiborli tomoni shundaki, ushbu kameralar nafaqat belgilanmagan joyga chiqindi tashlash balki, boshqa turdagi ekologik huquqbuzarliklar ham chetda qolmaydi.  Ekologik huquqbuzarlikka kim tomonidan qilingani Ichki Ishlar boshqarmasi bilan hamkorlikda  aniqlanadi. Huquqbuzar fuqaroga nisbatan o‘z vaqtida chora ko‘rish ishlari ham yo‘lga qo‘yilgan. Belgilanmagan joyga chiqindi tashlaganlik uchun fuqarolarga 340 000 so‘mdan 1 020 000 so‘mgacha, mansabdor shaxslar uchun esa 3 400 000 so‘mdan 6 800 000 so‘mgacha jarima joriy etilgan.

Kamera tasvirdagi jarayonlar Ekologiya vazirligi Dispertchilik va onlayn monitoring markaziy boshqarmasi tomonidan doimiy kuzatib boriladi. Hududlarda kamera o‘rnatilgandan buyon 14 ta ekologik huquqbuzarlik ishlari aniqlangani bildirildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring