Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Huawei va TIQXMMI hamkorligida «Aqlli qishloq xo‘jaligi» loyihasi amalga oshirilmoqda

Huawei va TIQXMMI hamkorligida «Aqlli qishloq xo‘jaligi» loyihasi amalga oshirilmoqda

O‘zbekistondagi Huawei kompaniyasi hamda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti qishloq xo‘jaligi va suv xo‘jaligi tizimida innovatsion texnologiyalarni joriy etish haqida o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi.

Korporativ ijtimoiy mas’uliyatni bajarish va qishloq xo‘jaligi hamda suv xo‘jaligi tizimlarini boshqarish sohasida innovatsion raqamli texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, O‘zbekistonda tabiiy resurslardan oqilona foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida Huawei kompaniyasi va TIQXMMI o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladilar. Memorandum doirasida 5G texnologiyalari, aqlli uzatgichlar va katta xajmdagi ma’lumotlarni intellektual platforma asosida boshqarish, monitoring qilish va qayta ishlash tizimlaridan iborat aqlli qishloq xo‘jaligi loyihasi ishga tushirilmoqda.

«Aqlli qishloq xo‘jaligi» loyihasi tabiiy resurslardan oqilona foydalanish darajasini oshirish, hosilning holatini nazorat qilish va boshqarishni soddalashtirish, ob-havo harorati, tuproqning namligi, sug‘orish tizimlari holatini tahlil qilish hisobiga tashqi muhitning hosilga ta’siri ehtimolidan ogohlantirish, shuningdek real vaqt tartibida «aqlli» maydondan video-ma’lumot olish imkonini beradi. Loyiha TIQXMMI mutaxassislari va professorlari tarkibi tomonidan Huawei kompaniyasining ekspert va texnik ko‘magi asosida, shuningdek Suv va Qishloq xo‘jaligi vazirliklari yordami bilan «O‘zbektelekom» AJ UzMobile filiali milliy mobil operatori tarmoqlarida ishlab chiqiladi va amalga oshiriladi.

Tadbirda TIQXMMI rektori O‘ktam Umurzoqov bu kabi loyihalar kata o‘zgarishlar uchun kichik bir debocha ekanini ta’kidlab o‘tdi. O‘zbekistonda qishloq va suv xo‘jaligini raqamlashtirish ushbu sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biri ekanligiga urg‘u berildi. «Mazkur yondashuv boshqa qishloq va suv xo‘jaligi korxonalarida katta maqsadlarga erishish uchun raqamli texnologiyalarni joriy etishga yaqqol namuna bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Shuningdek yosh avlod tarbiyasida, yuqori malakali muhandis va mutaxassislarni yetkazib berishda institutimiz tomonidan olib borilayotgan islohotlarning bir ko‘rinishidir. O‘ylaymanki Huawei kompaniyasining innovatsion yondashuvi O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan boshqa kompaniyalarga o‘rnak bo‘ladi», — dedi janob Umurzoqov.



«Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti bilan hamkorligimiz ko‘p yillik tarixga ega va shu yillar davomida biz ko‘p jihatdan o‘zaro bir-birimizni qo‘llab-quvvatlab kelmoqdamiz. Joriy yilning boshidan hamkorlikda institut Ma’lumotlar markazini ishga tushirdik, shuningdek o‘qituvchilar uchun amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazdik va raqamli ko‘nikmalarini oshirdik. Memorandumni imzolash marosimi hamkorligimizni yangi bosqichga olib chiqadi va beshinchi avlod tarmoqlari hamda innovatsion texnologiyalardan foydalanish hisobiga qishloq va suv xo‘jaligi sektori uchun ochiladigan istiqbollarni namoyish etish imkonini beradi. Ushbu loyihaning asosiy maqsadi – O‘zbekistonda dehqonlarning ko‘p mehnat talab qiladigan ishlarini soddalashtirish va shu bilan birga samaradorligini oshirish hamda atrof-muhitga g‘amxo‘rlik qilish, mamlakatning tabiiy boyliklaridan oqilona foydalanish darajasini oshirish», — deya ta’kidladi O‘zbekistondagi Huawei kompaniyasining direktori Lyu Tszyasin.

Huawei Uzbekistan kompaniyasi 20 yildan ortiq vaqtdan buyon faoliyat yuritib kelmoqda va turli iqtisodiy sohalarda raqamli texnologiyalarni joriy etish orqali aholining ijtimoiy rivojlanishiga o‘z hissasini qo‘shish va foyda keltirishga harakat qilmoqda. 2020-yilda kompaniya bir qator ijtimoiy loyihalarni va ta’lim loyihalarini amalga oshirdi. Jumladan, Toshkent shahridagi ikkita maktabni raqamlashtirish uchun uskunalar yetkazib berildi, IT-universitetlari talabalari uchun «Seeds for the Future» o‘quv loyihasi, Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti bilan hamkorlikda «O‘zbekistonning AKT sharhlovchisi» tanlovi, shuningdek, «Ezgu Amal» jamoatchilik fondi bilan hamkorlik ishlari amalga oshirildi. Shuningdek UNDUNDP Uzbekistan bilan birgalikda Orol dengizi tubini ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha tashabbusda ishtirok etdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring