Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Huawei va «Ezgu amal» jamoat fondi xayriya sohasida hamkorlik qiladi

Huawei va «Ezgu amal» jamoat fondi xayriya sohasida hamkorlik qiladi

Huawei kompaniyasi «Ezgu amal» jamoat fondi bilan xayriya yordami ko‘rsatish bo‘yicha hamkorlik va qo‘llab-quvvatlovga yo‘naltirilgan o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi.

Joriy yilning 9 dekabr kuni o‘zaro anglashuv Memorandumni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Huawei Uzbekistan direktori janob Forest Lyu va Fond boshqaruv raisi Nune Sardaryan fond qaramog‘idagi dori vositalariga va davolash xarajatlarini to‘lashga muhtoj bo‘lgan shaxslarga xayriya yordamini ko‘rsatish borasida sheriklik masalalarini muhokama etib, ushbu yo‘nalishda hamkorlik qilishga kelishib oldilar.

«EZGU AMAL» jamoat fondi – onkologik kasalliklarni davolash maqsadida yordamga muhtoj oilalar farzandlariga zudlik bilan zarur dori vositalarini xarid qilish uchun ko‘ngillilar guruhi tashabbusi bilan tashkil etilgan O‘zbekistondagi birinchi jamoat fondidir.

«Fond avval Fasebook tarmog‘idagi «Mir ne bez dobrix lyudey!» guruhi orqali ish olib borgan. Guruhimiz faoliyati davomida nafaqat jismoniy shaxslar bilan, balki yuridik shaxslar bilan hamkorlik qilish uchun notijorat tashkilotni ochish zarurligini anglab yetdik. Shu tariqa 2018 yilning 12 noyabr sanasida Toshkent shahar Adliya boshqarmasida Fondimiz ro‘yxatdan o‘tkazildi. 2019 yilda esa Fond tomonidan yordamga mujtoj insonlarga 3 mlrd. so‘mga teng miqdorda moliyaviy yordam ko‘rsatildi. Korzinka.uz, Hyatt Regency, HUMO va Pakhtakor sport klublari bu borada bizning hamkorimiz va ko‘makchimizga aylandi. Huawei kabi yirik xalqaro kompaniya faoliyatimizga e’tibor qaratganidan va biz bilan hamkorlik memorandumini imzolaganidan juda mamnunmiz», — deb ta’kidladi Fond boshqaruv raisi Nune Sardaryan.

Erishilgan kelishuvlar natijasi o‘laroq, shu oyning o‘zida Huawei kompaniyasi xayriya yordami sifatida pul mablag‘larini taqdim etadi. Ushbu mablag‘lar bolalarni davolash va zarur dori vositalarini xarid qilishga yo‘naltiriladi.

«Huawei kompaniyasi o‘z faoliyatini «O‘zbekistonda O‘zbekiston uchun» tamoyili asosida olib boradi va mamlakatning ijtimoiy hayotida doimiy ravishda qatnashib, shu yo‘sin o‘z korporativ mas’uliyatimizni ifodalaymiz. Imkoniyatga qarab xayriya tashkilotlari bilan hamkorlik doirasini kengaytirib boryapmiz, joriy yilda pandemiya sharotida Mirobod tumanidagi oilalarni qo‘llab-quvvatlash uchun Mahalla fondining «Saxovat va ko‘mak» harakatiga moliyaviy ko‘mak berildi. Hozir esa davolanishga muhtoj oilalarning farzandlariga yordam qo‘lini cho‘zmoqchimiz.

5 dekabrda «Xalqaro ko‘ngillilar kuni» nishonlandi. Biz shu munosabat bilan O‘zbekiston ko‘ngillilari tomonidan aholining ijtimoiy va iqtisodiy ahvolini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan harakati va mehnatini qadrlashimizni ma’lum qilamiz. «Ezgu amal» fondi — bolalar salomatligiyu baxti uchun oddiy odamlar, biznes vakillari va yirik xalqaro kompaniyalar qay tariqa birlashtira olishini ko‘rsatishga yaqqol misoldir», — dedi Forrest Lyu, O‘zbekistondagi Huawei bosh direktori.

Huawei O‘zbekistondagi 20 yillik faoliyati davomida nafaqat AKT infratuzilmasi rivojiga, balki xayriya loyihalarini amalga oshirishda mahalliy hamjamiyatlarga ko‘maklashish, pandemiyaga qarshi kurashish, uskunalarni beg‘araz taqdim etish, raqamli ta’lim uchun binolarni texnologiyalar bilan jihozlash, shuningdek, mintaqada ekologik holatni yaxshilashga oid loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratib kelmoqda. Joriy yil boshida Huawei Green Uzbekistan tashabbusi doirasida UNDP Uzbekistan e’lon qilgan Orol dengizi tubini ko‘kalamzorlashtirish aksiyasiga qo‘shildi. Ijtimoiy jihatdan ahamiyatli hisoblangan bunday xayriya loyihalaridagi hamkorlik juda samaralidir.

Huawei kompaniyasi boshqa xalqaro va mahalliy kompaniyalarni ham ijtimoiy loyihalarga ko‘proq e’tibor qaratish va O‘zbekistonning ijtimoiy sohasiga o‘z hissasini qo‘shishga chaqiradi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring