Huawei O‘zbekistonda tanlov o‘tkazdi

Huawei kompaniyasi Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti bilan hamkorlikda «O‘zbekiston AKT-sharhlovchisi» tanlovini o‘tkazdi.
23 dekabr kuni Huawei ofisida tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda loyiha ishtirokchilari va g‘oliblari, hakamlar hay’ati hamda Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rahbariyati ishtirok etdi.
Tanlovga 15 oktyabr kuni start berilgan edi. Huawei kompaniyasi va universitet ushbu tanlov orqali mamlakatda IT-jurnalistikasini rivojlantirishga tajribali va bo‘lajak jurnalistlar hamda mutaxassislarni jalb etishni maqsad qilgan.
Ikki oy davomida loyiha ishtirokchilari O‘zbekistonni raqamlashtirish, 5G texnologiyalari, bulutli texnologiyalar, sun’iy intellekt va «aqlli shahar» konsepsiyasi mavzusida maqola va insho yozdilar. Yakuniy vazifa Huawei mutaxassislaridan intervyu olish asnosida «Raqamli iqtisodiyot» masalalarini yoritish bo‘ldi. Final doirasida tanlov ishtirokchilari kompaniyaning shou-rumiga tashrif buyurishdi va u yerda mamlakatni raqamlashtirish uchun tatbiq etiladigan texnologik yechimlar bilan batafsil tanishdilar.
Finalchilarning ishlarini baholash natijalariga ko‘ra to‘rtta ishtirokchi loyihaning g‘olibiga aylandi:
3-o‘rin: Kamola Maxmudxodjayeva
2-o‘rin: Dilshodaxon Olimova
1 chi faxrli o‘rinni Dilshodbek Asqarov va Jaloliddin Mirzayev o‘zaro bo‘lishishdi.
Qizig‘i shundaki birinchi o‘rin ballar to‘plami bo‘yicha bir xil natijaga ega bo‘lgan ikki ijodkor o‘rtasida teng taqsimlandi. Ulardan biri Jaloliddin Mirzayev, shunday fikr bildirdi: «Bu shunchaki tanlov emas, yaxshigina tajriba bo‘ldi. Bir necha oy davomida maqolalar yozdim, videolavha tayyorladim, izlandim. Muhimi raqamli iqtisodiyot nima ekanligini o‘zim tushunib yetdim. Bularni endi aholiga va tomoshabinlarga sodda, tushunarli tilda yetkaza olaman, deb o‘ylayman. Tanlovda nimanidir o‘rganganim bu — loyiha ko‘zlangan maqsadga erishganini bildiradi. Yana bir fakt, tanlov jarayonlari davomida Huawei kompaniyasi bilan hamkorlikda birinchi AKT tok-shousini tayyorlash g‘oyasi paydo bo‘ldi. Shunday ekan, ko‘rsatuvni MY5 telekanali efirlarida kuting».
«Tanlov o‘tkazilgan ikki oy davomida AKT sohasidagi bilimlarim yanada boyidi, juda ko‘p bilmaganlarimni bilib oldim. Bundan tashqari, yana bir narsaga guvoh bo‘ldimki, IT -jurnalistikasida o‘zbek tilidagi axborot juda kam ekan. Axborot texnologiyalari sohasini ulkan okeanga qiyoslasak, bizdagi manbalar bir tomchidek. Shu bois, mazkur yo‘nalish bo‘yicha alohida portal tashkil etib, yetakchi mutaxassislar va jurnalistlar ishtirokida ish olib borilsa, keng ommaga yanada ko‘proq ma’lumot va tushunchalar berilgan bo‘lardi. Huawei hamda O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetiga yana bir bor minnatdorchilik bildiraman», — deya fikrini izohladi tanlov g‘oliblaridan biri bo‘lmish Dilshod Asqarov.
«Huawei O‘zbekistonda shu kabi tanlovni oldin ham viloyat jurnalistlari o‘rtasida o‘tkazgan va loyiha g‘oliblari kompaniyaning Xitoydagi bosh qarorgohiga tashrif buyurgandi. Bu yil biz IT-jurnalistikasini yoshlar, shuningdek, ommaviy axborot vositalarining nufuzli vakillari orasida targ‘ib etishni davom ettirishga qaror qildik. Tanlov ishtirokchilari maqolani yozish jarayonida materiallarni o‘rganishga vaqt ajratgani va texnologik rivojlanishning ahamiyatini barcha uchun tushunarli tilda shakllantirganidan xursandmiz», — deya ta’kidladi kompaniyaning korporativ aloqalar bo‘limi rahbari Davron Azizov.
Huawei kompaniyasi kelajak kasbi sifatida axborot texnologiyalarini tanlagan iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga katta e’tibor qaratadi. Shuningdek ommaviy axborot vositalari vakillarini axborot texnologiyalari integratsiyasi bilan bog‘liq muammolarni tez-tez ko‘tarishga undaydi. Ushbu tajriba O‘zbekiston xalqiga innovatsiyalar asosida yaratilgan qadriyatlar to‘g‘risida ko‘proq ma’lumot olishga yordam berishi, davlat organlarini raqamli transformatsiyaga o‘tishga tayyor bo‘lishga chaqirishi mumkin.
Raqamli iqtisodiyot dasturini amalga oshirishning muvaffaqiyati, kuchli AKT infratuzilmasi bilan bir qatorda, aholining raqamli savodxonligi darajasi va aholining raqamlashtirishga tayyorligi bilan ham belgilanadi. Bunda ommaviy axborot vositalarining o‘rni juda muhim bo‘lib, yuqori texnologiyali innovatsiyalar haqidagi oddiy haqiqatni tushunarli tilda yetkazish mamlakat aholisining turmush sifatini yaxshilashga xizmat qiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter