Yevropadagi ishonchli hamkor: O‘zbekiston va Fransiya munosabatlari yangi bosqichda

Bir tomonda — asrlar davomida Sharq sivilizatsiyasining beshigi bo‘lgan O‘zbekiston, ikkinchi tomonda — san’at, siyosat va iqtisodiy taraqqiyot markazi bo‘lgan Fransiya. Ikki davlat o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar 1992 yilda o‘rnatilgan bo‘lsa-da, bu aloqalar keyingi yillarda mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga ikki bor rasmiy tashrifi davomida o‘tgan muzokaralar va Emmanuel Makronning 2023 yilda Samarqandga kelishi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni tubdan boshqa darajaga olib chiqdi.

2018 yilgi rasmiy tashrif davomida hukumatlararo va idoralararo 10 ta hujjat, 2022 yilgi muzokaralarda esa strategik hamkorlikni yanada mustahkamlashga oid 14 ta hujjat va 59 ta shartnoma imzolandi.
Fransiya va O‘zbekiston nafaqat ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirib kelmoqda, balki xalqaro miqyosda ham bir-birini qo‘llab-quvvatlaydi. Fransiya BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosi sifatida O‘zbekiston tashabbuslarini yuqori baholab, mamlakatning Yevropa Ittifoqi bilan yaqinlashuvida muhim rol o‘ynamoqda. Shuningdek, Fransiya Markaziy Osiyoda o‘z nufuzini oshirishda O‘zbekistonni asosiy sheriklaridan biri sifatida ko‘radi.
Strategik hamkor
2021 yilda O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 280 mln. AQSh dollarini tashkil etgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2024 yilga kelib 1,1 mlrd. AQSh dollariga yetdi yoki o‘tgan to‘rt yil ichida 5 barobarga oshdi.
Fransiyaning Veolia, Suez, Total Energies, Lactalis kabi yirik kompaniyalari O‘zbekistonda o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yib, kommunal xizmatlar, energetika va oziq-ovqat sohalarida muhim loyihalarni amalga oshirishmoqda. Jumladan, Total Energies kompaniyasi Navoiyda quyosh elektr stansiyasini qurishda ishtirok etyapti. Shuningdek, Fransiya taraqqiyot agentligi bilan 1 milliard yevrolik Strategik hamkorlik dasturi amalga oshirilmoqda.
San’at va ilm-fan rivoji yo‘lida
Fransiya va O‘zbekiston tarixiy, madaniy jihatdan uzoq yillik aloqalarga ega.
O‘zbekiston Buyuk Ipak yo‘lining markazida joylashgani sabab fransuz sayyohlari, savdogarlari va diplomatlari Sharq bilan savdo va madaniy aloqalar o‘rnatish maqsadida qadimiy shaharlarimizga tashrif buyurishgan.
1253-1255 yillarda fransuz sayyohi va diplomati Gilom de Rubruk Fransiya qiroli Lyudovik IX topshirig‘i bilan Markaziy Osiyo va Mo‘g‘ulistonga elchi sifatida borgan. U Buxoro va Samarqand shaharlarida bo‘lib, mahalliy va madaniyat hayot haqida yozib qoldirgan. Uning ushbu sayohatiga Yevropa va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi diplomatik aloqalarning boshlanishi sifatida qaraladi.
2022-2023 yillarda Parijdagi Luvr muzeyi va Arab dunyosi institutida O‘zbekistonning boy madaniy merosiga bag‘ishlangan ko‘rgazmalar tashkil etildi. Bu kabi loyihalar nafaqat madaniy almashinuv, balki xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro hurmatni yanada mustahkamlaydi.

Fransuz tili O‘zbekistonda ommalashgan xorijiy tillardan biri bo‘lib, 141 mingdan ortiq o‘quvchi va 15 ming talaba uni o‘rganmoqda. Vatel mehmonxona menejmenti maktabi, Parij moda akademiyasi fakulteti va 3D-modellash markazi singari loyihalar bu hamkorlikning amaliy samarasini ko‘rsatmoqda.
Sportchilarimizga muvaffaqiyat keltirgan zamin
O‘tgan yili o‘zbekistonlik sportchilar uchun Fransiya maydonlari juda muvaffaqiyatli keldi. Parij Olimpiadasida 13 ta medal (8 oltin, 2 kumush, 3 bronza) bilan tarixiy natija — 206 mamlakat orasida 13-o‘rin qayd etildi. Paralimpiadada 26 ta medal (10 oltin, 9 kumush, 7 bronza) bilan 13-o‘rin qo‘lga kiritildi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi futbolchisi Abduqodir Husanov Angliyaning “Manchester Siti” klubiga o‘tishdan oldin aynan Fransiya zaminida — “Lans” klubi tarkibida jahonga tanildi.
Fransiya sayyohlari O‘zbekistonning tarixiy shaharlariga katta qiziqish bildirib kelishgan. 2024 yilda 23,5 ming fransuz sayyohi O‘zbekistonga tashrif buyurdi.
Fransiya va O‘zbekiston madaniy diplomatiya vositasida ikki davlat xalqlari o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni kuchaytirishga intilmoqda. Samarqand va Lion, Buxoro va Ryuey-Malmezon shaharlari o‘rtasida sheriklik aloqalari o‘rnatilgan.
Parijda Abu Ali ibn Sino va Mirzo Ulug‘bek haykallari o‘rnatilgan, shuningdek, Tuluza shahrida "O‘zbek bog‘i" tashkil etilgan.
O‘zbekiston va Fransiya munosabatlari faqat ikki davlat manfaatlari uchun emas, balki Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyoning mintaqaviy integratsiya hamda iqtisodiy hamkorligini mustahkamlashda ham muhimdir.
L.Tursunov
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter