Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Huawei kompaniyasi Jurnalistika va Ommaviy Kommunikatsiyalar universitetida «Talabalar press-klubi» ochilishiga ko‘maklashdi

Huawei kompaniyasi Jurnalistika va Ommaviy Kommunikatsiyalar universitetida «Talabalar press-klubi» ochilishiga ko‘maklashdi

27 yanvar kuni O‘zbekiston Jurnalistika va Ommaviy Kommunikatsiyalar universitetida «Talabalar press-klubi»ning tantanali ochilish marosimi va taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Ushbu loyiha Yoshlar ishlari agentligi, IT-Park va Huawei kompaniyasi ko‘magida amalga oshirildi.

«Talabalar press-klubi»ning ochilish marosimida O‘zbekiston Jurnalistika va Ommaviy Kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja, O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi direktorining o‘rinbosari Dilnozaxon Kattaxonova va startap ekotizimini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Farrux Maksumov so‘zga chiqdilar. Universitet mehmonlari va talabalariga taqdim etilgan press-klub inkubatsiya kovorking markazining faoliyati talabalarga o‘z mahorati va iste’dodini faol rivojlantirishga ko‘maklashishga qaratilgan. Press-klubda turli soha mutaxassislari bilan talabalar uchrashuvlari, onlayn va offlayn seminar va ma’ruzalar, muhokama uchrashuvlari o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

«Huawei 2019 yilda memorandum imzolanganidan beri Jurnalistika va Ommaviy Kommunikatsiyalar universiteti bilan hamkorlik qilib kelmoqda. O‘tgan yillar davomida yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shma loyihalar amalga oshirildi. Talabalar press-klubi ana shunday loyihalardan biriga aylanib, bo‘lajak jurnalistika mutaxassislariga zamonaviy va texnologik jihozlangan muhitda o‘z bilimlarini oshirish imkonini bermoqda. Kovorking markazi AKT sohasidagi asosiy yo‘nalishlarni yoritib berish, yosh IT jurnalistlarini tayyorlash va media ishlab chiqarishga IT-texnologiyalarni joriy etishni rivojlantirish bo‘yicha imkoniyatlar bilan tanishish va muhokama qilish uchun ham ajoyib joy bo‘ladi», — deya ta’kidladi O‘zbekistondagi Huawei kompaniyasining direktor o‘rinbosari janob Go Veylay.

Texnologik yechimlar orqali ta’lim olish imkoniyatlarini taqdim etish, shuningdek, o‘zining korporativ ijtimoiy mas’uliyatini amalga oshirish maqsadlariga amal qilgan holda O‘zbekistondagi Huawei kompaniyasi universitetlar va maktablarni qo‘llab-quvvatlashda faol ishtirok etmoqda. O‘tgan yili kompaniya tomonidan IT-universitetlari talabalari uchun «Seeds for the Future» kabi qator ta’lim loyihalari, shuningdek, xitoy tilini o‘rganishga ixtisoslashgan 59-sonli maktab o‘quvchilari o‘rtasida iste’dodlarni aniqlash ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi. 2020 yilda Huawei kompaniyasi va O‘zbekiston Jurnalistika va Ommaviy Kommunikatsiyalar universiteti jurnalistlar uchun «O‘zbekistonning AKT kuzatuvchisi» qo‘shma ko‘rik-tanlovi o‘tkazdi. Ushbu ko‘rik-tanlov doirasida bo‘lajak va amaldagi jurnalistlar raqamli texnologiyalar mavzularini yoritib borishdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring