«Holvani hakim, kaltakni yetim yeydi»mi? Yoxud «hammasiga SES aybdor» deydiganlar diqqatiga!
Hurmatli blogerlar va videolavhalar hamda qiziqarli ma’lumotlarni har xil saytlarga joylashtirish orqali jamoatchilik e’tiborini tortish imkoniyatiga ega do‘stu birodarlar!
2020-yil 8-yanvarda «UZBEK VIDEO» ijtimoiy tarmog‘i saytining sahifalarida «Fast-Fud»larni sevib iste’mol qiladiganlar ogoh bo‘ling!» rukni ostida «fast-fud»larni ishlab chiqarish shoxobchasi manzilida sanitariya-gigiyena qoida talablari buzilgan holda taomlar tayyorlanishi ko‘rsatilgan. Albatta, bu achinarli holat. Lekin namoyish etilgan lavhalarga munosabat bildirgan birodarimiz so‘zi boshida «SES keladimi o‘zi, SES...?» degan savol bilan shu yerda ishlayotgan xodimlarga murojaat qilgani bizni biroz taajjublantirdi.
Lavhani saytga joylashtirgan birodarimiz hozirgi kunda xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar faoliyati sanitariya-epidemiologiya xizmati tomonidan nazorat qilinmasligini bilmaydimi? Lavhalarni tayyorlab efirga uzatish yoki saytlarga joylashtirishdan avval bu kabi holatlarga kim mas’ul, nega shu darajaga kelib qoldi, qaysi insofsiz bunday qonun buzilishlariga javob berishi va kim nazorat qilishi kerak, degan savollarni o‘ziga berib ko‘rsa yaxshi bo‘lardi. Nega biz yana «Holvani hakim, kaltakni yetim yeydi» qabilida ish tutyapmiz?! Mazkur harakat ataylab, birov aybini boshqaning bo‘yniga qo‘yish orqali odamlarni chalg‘itish yoki muammodan qochishmi?
2020-yilning 13-yanvar kuni esa «UZBEK VIDEO» ijtimoiy tarmog‘i sayti orqali Andijon viloyatida deb tasvirga olingan, sanitariya talablariga zid ravishda kolbasa mahsulotlari ishlab chiqarilayotganligi namoyish etildi. Ikkita holatda ham sanitariya talablarini qo‘pol darajada buzib faoliyat ko‘rsatayotgan ob’yektlar nomi va manzili sir saqlanmoqda, bunday yo‘l tutishdan maqsad nima?
Tabiiy, bu kabi lavhalarni birinchi marta ko‘rgan odam albatta «SES aybdor ekan» degan xulosaga kelishi tayin. Shunday qilishga urinish ham lavhalardan sezilib turibdi... Lekin nima uchun soliqlar o‘z vaqtida to‘lanmasa — soliq inspeksiyasi, yong‘inga qarshi talablar buzilsa – yong‘inga qarshi kurash xizmati, mehnat qonunchiligi buzilsa – mehnat inspeksiyasi va sanitariya qoidalari, me’yorlari va gigiyenik normativlar buzilsa, muallif ta’biri bilan aytganda, «SES» javob berishi kerak.
Namoyish etilganidek, agar tadbirkor ayanchli sharoitda mahsulotlarni tayyorlayotgan, aholiga sotayotgan, ular salomatligini xavf ostiga qo‘yayotgan va bu kabi insofsizlarcha muttahamlik orqasida farzandlarini boqayotgan bo‘lsa, unda SESning aybi nima?!
Lavha ortida fikr bildirgan birodarimiz, tadbirkorga qarata ey insofsiz, bu nima qilganing, Allohdan qo‘rqmaysanmi, shart-sharoitlarni to‘g‘rilab qo‘ysang bo‘lmaydimi, pulingni halollab olmaysanmi, qachongacha tepangda «SES» turishi kerak, demaydimi?
2020-yilning 1-martidan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2019-yil 28-noyabrdagi PF-5884-sonli Farmoniga muvofiq, endilikda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sanitariya-epidemiologiya nazorati boshqarmalari va tuman (shahar) filiallari tomonidan vakolatli organni xabardor etish orqali oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, tashish, saqlash va realizatsiya qilish bilan shug‘ullanuvchi xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar faoliyati har chorakda bir marotaba tekshirilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi va uning quyi tizimi muassasalari o‘z faoliyatini to‘liq boshlaganidan so‘ng yuqoridagi kabi holatlarga yo‘l qo‘ygan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar haqidagi ma’lumotlar va videolavhalarni aynan tashkilotimiz tashabbusi bilan nufuzli saytlarga joylashtirish rejalashtirilganini ma’lum qilmoqchimiz.
Har qanday holatda ham keng jamoatchilik e’tiboriga havola etilayotgan ma’lumotlar haqqoniy va aniq manzilli bo‘lishi kerak, toki odamlar kim insofsiz va noshud ekanini bilishsin. Faqat shunday qilinsagina, samara yuqori bo‘lishi mumkinligi hech kimga sir emas.
R.Kasimov,
O‘zR Vazirlar Mahkamasi huzuridagi
sanitariya-epidemiologiya nazorati
davlat inspeksiyasining
bosh mutaxassisi,
S.Raxmatov,
yetakchi mutaxassis
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter