Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Hokimlarning obro‘si tushib ketyapti». G‘uzor tumani hokimi sudyadan «mot bo‘lgan» audiosiga izoh berdi

«Hokimlarning obro‘si tushib ketyapti». G‘uzor tumani hokimi sudyadan «mot bo‘lgan» audiosiga izoh berdi

Foto: Daryo

Fuqarolik ishlari bo‘yicha G‘uzor tumanlararo sudining raisi Sattor Aqanov va G‘uzor tumani hokimi Sa’dulla Boboqulov o‘rtasida kechgan suhbat audiosi tarqalgandi.

Audidoda avvaliga hokim yordamchisi sud raisiga qo‘ng‘iroq qilib, hokim so‘rayotganini aytadi va go‘shakni rahbariga tutqazadi. Yordamchisi tomonidan «o‘zini tanishtirganiga qaramay» sud raisi salom bermagani hokimga og‘ir botadi chog‘i, «yoshingiz kichik, salom bersangiz bo‘ladi-ku?!» deya  iddao qiladi. O‘z navbatida sud raisi «protsessda ekanini» aytar ekan, «Nima gap?» deydi. Chamasi, hokimning izzattalabgi sud raisiga ham yoqmaydi. O‘rtada xiyol gap o‘tgach, tuman rahbari sud raisidan «qabuliga kelish»ni talab qiladi. Bunga javoban rais: «Bormayman, kechirib qo‘yasiz, sizni qabulingizga», deydi...

G‘uzor tumani hokimi Sa’dulla Boboqulov «Daryo» muxbiri bilan suhbatda telefonda sudya bilan bo‘lgan ushbu muloqotini izohladi.

Hokim sud raisini xalq deputatlari tuman kengashi sessiyasiga chaqirmoqchi bo‘lib qo‘ng‘iroq qilganini, suhbat avvalida o‘zini tuman kengashi raisi sifatida tanishtirganini aytgan.

«Sud raisi xalq deputatlarining tuman kengashi sessiyasida ishtirok etib, deputatlarga hisobot berishi lozim edi, shu sababdan ham sudyaga qo‘ng‘iroq qilib, bu haqda bildirmoqchi bo‘ldik. Ammo eshitganingizdek, sudya hurmatsizlik qildi», — deydi G‘uzor hokimi.

Hokimning ta’kidlashicha, mazkur voqeaga 10-15 kun bo‘lgan. Sudyaning ovozi hokim yordamchisining telefoniga yozib olingan.

«Sudyalar oliy kengashiga xat bilan chiqib, mazkur holat haqida bildirdik, ammo 10-12 kun o‘tyaptiki, javob yo‘q», — deydi Sa’dulla Boboqulov.

G‘uzor tumani hokimining ma’lumot berishicha, xalq deputatlari tuman kengashi sudyaga hisobot berishi lozimligi xususida yozma murojaat ham qilgan.

«Hokimlarning obro‘si tushib ketyapti, aytganingni qilishmayapti, tumanni boshqarishga qiynalyapmiz. Xalq ta’limi, maktabgacha ta’lim, tibbiyot va mana endi mahallalar ham boshqarmasi, vazirligi bilan gaplashyapti. Hokimiyat ularning oldiga borsa, «mazangni qochiraman» deyapti. Shu sababdan ham hokimiyat va tashkilotlar o‘rtasidagi aloqa uzilib qoldi. Hamkorlikda ishlash kerak-ku», — deydi Sa’dulla Boboqulov.

«Daryo» muxbiri G‘uzor tumanlararo sudi raisi Sattor Aqanov bilan bog‘lanishga harakat qilgan. Ammo sudya bilan muloqot qilish imkoni bo‘lmagan.

Ta’kidlash lozim, Konstitutsiyaning 106-moddasida sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlardan, siyosiy partiyalardan, boshqa jamoat birlashmalaridan mustaqil holda ish yuritishi belgilangan. Shuningdek, 112-moddada sudyalar mustaqil ekanligi, faqat qonunga bo‘ysunishi ta’kidlangan.

Konstitutsiyaning 99-moddasi hokimlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuman kengashi raisi ekanligini tasdiqlab qo‘yadi. Unda «viloyatlar, tumanlar va shaharlarda (tumanga bo‘ysunadigan shaharlardan tashqari) hokimlar boshchilik qiladigan xalq deputatlari kengashlari hokimiyatning vakillik organlari bo‘lib, ular davlat va fuqarolarning manfaatlarini ko‘zlab o‘z vakolatlariga taalluqli masalalarni hal etadilar», deyiladi. Shu sabab ham G‘uzor hokimi suhbat avvalida tuman kengashi raisi ekanligiga alohida to‘xtalyapti.

Qayd etish lozimki, prezident Shavkat Mirziyoyev 2018 yilning 28 dekabr kuni parlamentga qilgan Murojaatnomasida «2019 yilda hokimning ayni vaqtda Xalq deputatlari kengashi raisi sifatida faoliyat ko‘rsatishiga doir tartib bekor qilinishi lozim. Oliy Majlis palatalari rahbarlariga ikki oy muddatda ushbu masalalarni deputat va senatorlar o‘rtasida hamda joylardagi vakillik organlarida atroflicha muhokama qilib, amaliy choralar dasturini qabul qilish tavsiya etiladi. Hokim hokimligini qilsin, lekin kengash oldida hisobot bersin», degan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring