Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Hokimlarga nisbatan ishonchsizlik votumini taqdim etish instituti joriy etiladi – loyiha

Hokimlarga nisbatan ishonchsizlik votumini taqdim etish instituti joriy etiladi – loyiha

Mahalliy ijroiya hokimiyati rahbari (hokimlar)ning mahalliy vakillik organi oldidagi mas’uliyatini oshirish maqsadida hokimga nisbatan ishonchsizlik votumini taqdim etish institutini joriy etish taklif etilmoqda.

Taklif muallifi bo‘lgan Adliya vazirligi bunda, xalq deputatlari Kengashlarining deputatlari umumiy sonining kamida 1/5 qismi hokimga nisbatan ishonchsizlik votumi bildirish taklifi bilan chiqish huquqiga ega bo‘lish kerak deb hisoblaydi.

Shuningdek, ishonchsizlik votumini qabul qilish uchun quyidagi 5 ta asoslarni belgilash:

  • hududni rivojlantirish bo‘yicha dasturdagi tadbirlarning kamida 1/3 qismi bajarilmaganligi;
  • xalq deputatlari Kengashlarining qonuniy talablari 2 martadan ortiq bajarilmaganligi;
  • hokim tomonidan davlat fuqarolik xizmatchilarining odob-axloq qoidalarini buzilganligi;
  • hokimning boshqa haq to‘lanadigan lavozim va kasblarni egallashdagi cheklovlarga rioya qilmaganligi;
  • hokim yoki uning o‘rinbosarlari tomonidan davlat xaridlarini amalga oshirishda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yganligi, budjet mablag‘larini sarflashda qonunchilik talablari juda ko‘p miqdorda buzilganligi kabi mezonlar belgilash taklif qilingan.

Vazirlik taklifiga ko‘ra, ishonchsizlik votumi xalq deputatlari Kengashlari tomonidan 10 kun muddat ichida ko‘rib chiqilishi va deputatlar umumiy sonining kamida yarmidan ko‘pi ovoz berganda votum qabul qilingan hisoblanishi lozim.

Qabul qilingan ishonchsizlik votumiga asosan viloyatlar va Toshkent shahar hokimini lavozimidan ozod etish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan, tuman va shahar hokimlarini esa yuqori turuvchi hokim tomonidan amalga oshirilishi belgilanmoqda.

Ma’lumot uchun, Qozog‘istonda mahalliy ijroiya rahbari akimga nisbatan ishonchsizlik votumini bildirish tartibi mavjud bo‘lib, mahalliy vakillik organ – Maslihat deputatlari umumiy sonining kamida 1/5 qismining tashabbusi bilan akimga ishonchsizlik votumi bildirish masalasi qo‘yilishi mumkin.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring