«Hokimlar hududning begi emas, xalqning yollanma ishchisi» — Ruslanbek Davletov
Adliya vaziri Ruslanbek Davletov jamoatchilikka an’anaviy yillik hisobotini taqdim etish davomida hokimlar hududlarda bek emasligini, ular xalqning yollanma ishchilari ekanini eslatib o‘tdi.
Vazir e-qaror (e-qaror.gov.uz) tizimi ishga tushirilganidan so‘ng, hokimiyat qarorlari shaffof chiqishni boshlagani, rezonanslar bo‘layotgani, ajratilayotgan pullarni jamoatchilik nazorat qila boshlagani va bu ochiqlik ayrim hokimlarga yoqmayotganini aytdi.
Davletovning qo‘shimcha qilishicha, hokimliklarning 2500ta noqonuniy qarori aniqlangan. «Bu juda katta raqam», deydi vazir.
Hokimliklardan ma’muriy islohotlar so‘ralganda, Adliya vazirligi tanqid qilingani ham qayd etildi.
«Ayrim hokimlar aytyapti, "bu Adliya tizimidagilar faqat sakkiz soat ishlaydi, boshqa ish qilmaydi". Qonun bo‘yicha o‘zi 8 soat ishlanishi kerakku, ko‘ryapsizmi, ayrim rahbarlarning qadriyatlari qanday? Konstitutsiyada yozilgan mehnat huquqi bo‘lsa, Mehnat kodeksida yozilgan normalar bo‘lsa, 8 soat ishlashni tanqid sifatida majlislarda gapirish — bu endi qay darajada qoloqlikdan iborat bo‘lgan hodisa ekanini anglatadi. Har doim aytamiz, hududlardagi yoki sohadagi rahbarlar hudud yoki sohadagi bek emas, o‘zi xalqning yollanma ishchisi ekanini tan olsa, qadami o‘zgaradi», — dedi Ruslanbek Davletov.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter