«Hokimlar haqorat qilgani bo‘yicha bizga hech bir fuqaro murojaat qilmagan» — IIV matbuot kotibi
«Facebook» ijtimoiy tarmog‘ida «Otabek Nuritdinov» taxallusi bilan voqea-hodisalarga o‘z munosabatini bildirib kelgan fuqaro Abdufatto Nuritdinov 15 sutka ma’muriy qamoq bilan jazolangani haqida xabar berilgan edi.
IIV matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov ushbu masala yuzasidan munosabatini «Daryo»ga ma’lum qildi.
«Birinchidan, hech kimning birovning shaxsiyatiga tegishga, haqorat qilishga haqi yo‘q. Agar siz jamiyatimizda mavjud biror kamchilikning guvohi bo‘lsangiz, shu haqda ijtimoiy tarmoqlarga bemalol yozishingiz mumkin, bong uring, ularning bartaraf etilishi haqida davlat organlaridan talab qiling, lekin boshqa bir fuqaroning, u kim bo‘lishidan qat’i nazar shaxsiyatiga tegmang. U odamning farzandlari, qarindosh urug‘lari, turmush o‘rtog‘i bor. Ayrimlari huquq tartibot organlariga murojaat qilish o‘rniga, sizga nisbatan jismoniy tazyiq o‘tkazishi mumkin. Shuni esingizdan chiqarmang.
Abdufatto Nuriddinov ishiga keladigan bo‘lsak, ochiq aytsam, agar biz tezkorlik bilan uning qilmishiga nisbatan chora ko‘rmaganimizda edi, bilmadim, hozir u Yangi yilni huquq tartibot organlarida emas, kasalxonada kutib olgan bo‘larmidi.
Omma oldida birovning yaqinlarini haqorat qilish yomon (sog‘liq uchun) oqibatlarga olib kelishini nafaqat bu yosh blogerga, balki tajribasi ortgan boshqa blogerlarga ham tushuntirish zarurati tug‘ilmoqda.
Bu haqda shov-shuv ko‘tarayotgan blogerlarga maslahatim, yosh blogerlarga maslahat bering, «Qiziqqonlik qilma, sendan battar qiziqqonlar chiqadi, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga tayangin, kamchiliklarni ommaga yetkazishning qonuniy tartibi bor», deb.
Yana ko‘p eshitamiz, nima uchun hokimlar hammani haqorat qiladi, ularga chora ko‘rmaysizlar deb. Shuni barcha fuqarolarga yetkazmoqchiman, agar bizga «mening huquqim poymol bo‘ldi, shu odam meni haqorat qildi, chora ko‘ring», deb murojaat qilsa, biz albatta tezkorlik bilan chora ko‘ramiz. Agar biror bir ichki ishlar organi xodimi sizning murojaatingizni ko‘rib chiqishni kechiktirsa yoki chora ko‘rmasa, uning o‘zi javobgarlikka tortiladi. Hokimlar haqorat qilgani bo‘yicha bizga hech bir fuqaro murojaat qilmagan.
Yana bir qo‘shimcha, ayrim deputatlar ichki ishlar organlari uchun «qadamba qadam yurish» va «ma’lumot to‘plash» pastkashlik deb fikr bildirishibdi. Men shu deputatga O‘zbekiston Respublikasining «Tezkor qidiruv faoliyati to‘g‘risida»gi qonun bilan tanishib chiqishlarini tavsiya qilgan bo‘lardim. Agar ertaga biror kor-hol bo‘lib, ushbu deputatga nisbatan no‘malum shaxs tomonidan jinoyat sodir etilsa, shu «pastkash» xodimlar «qadamba qadam yurish» va «ma’lumot to‘plash» orqali mazkur jinoyatni fosh etadi.
Blogerlar bir chetda qolib, deputatlarimizga ham o‘ylab gapirishni tavsiya qiladigan vaqt keldimi deb ajablanyapman», degan O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbayev ushbu holat yuzasidan munosabat bildirgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter