Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Hokim obodonlashtirish boshqarmasi ayollari uchun bayram uyushtirdi

Hokim obodonlashtirish boshqarmasi ayollari uchun bayram uyushtirdi

Foto: Xabar.uz

«Hali quyosh ko‘tarilmay turib, tong saharda o‘zim yashab turgan yotoqxona pod’yezdini supirib-tozalab qo‘yish uchun xonam eshigini ochishim hamono bir dona gul va otkritka tushib ketdi. Kimdir adashib, mening eshigimga ilib ketgan, shekilli, deb o‘yladim. Shunday bo‘lsa-da, qiziqishlarim ustun kelib, otkritkani ochdim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, unda mening ismi-sharifim yozilgan va Buxoro shahar hokimi nomidan men 8-mart xotin-qizlar kuni munosabati bilan o‘tkaziladigan bayramga taklif etilgan ekanman.

Avvaliga ko‘zlarimga ishonmadim. Taklifnomani qayta-qayta o‘qidim, yig‘lab yubordim... Mana, ko‘rib turganingizdek, shohona restoranda, bayram dasturxoni atrofidaman», — ko‘zlarida yosh bilan to‘lqinlanib so‘zladi Shahnoza Boboyeva «Xabar.uz» muxbiri bilan suhbatda.

Buxoro shahar hokimligi tomonidan ayollar va qizlarni sharaflab yozilgan dasturxon atrofida bu gal rahbar ayollaru, fan, sport, adabiyot va boshqa sohalarda yutuqqa erishgan xotin-qizlar jamul-jam bo‘lmagan. Bu gal bayram tantanalari Obodonlashtirish boshqarmasida faoliyat olib borayotgan 600 nafardan ziyod xotin-qizlar ishtiroki ta’minlangan.

Tantana qatnashchilarini qutlug‘ shodiyona bilan samimiy qutlagan Buxoro shahar hokimi Jamol Nosirov bu soha vakillarining sabr-matonati va fidokorligi ehtiromga munosibligini bildirgan.

«8 Mart —  har kuni tong sahardan ko‘zgu oldida faqat o‘ziga chiroyli qaragan ayollarninggina emas, gektarlab dalada ter to‘kayotgan, ko‘chalarni oynadek toza qilib, yon atrofni gulzoru bog‘ga aylantirayotgan xotin-qizlarniki ham ekanini unutmaylik. Biz, qanday kasb, qanday lavozimda faoliyat ko‘rsatmaylik, borar yo‘llarimiz ham, kirar eshiklarimiz ham aynan shu ayollarning zahmatli mehnati bilan fayziyob, toza va chiroyli. Har kunimizda ko‘rayotganimiz atrofimizdagi jamiki  go‘zalliklar, ozodaliklar mana shunday ayollarning fazilati uchun. Ulardan umrbod qarzdormiz» — dedi shahar hokimi.

Ayniqsa, ular o‘rtasida o‘tkazilgan «Balli, qizlar!» ko‘rik-tanlovi bayramning yanada qizg‘in kayfiyatda o‘tishini ta’minlagan. Ishtirokchilar tikuvchilik, sartaroshlik, oshpazlik, bolalar hamshiraligi, san’atga qiziqishlarini namoyish etishgan.

«37 yoshdaman. Ishonasizmi, bunday tadbirlarda birinchi marta ishtirok etayapman. Tirikchilik odamni ne ko‘ylarga solar ekan. Mana, ikkinchi yildirki, farroshlik qilaman. Bolamni boqayapman. Birovdan kam bo‘lmasligi uchun mehnatning oqu-qorasini tanlamadim. «Farrosh» deya kamsitilgan paytlarim ham ko‘p bo‘lgan. Biroq, shahar hokimining biz bilan tez-tez uchrashib, holimizdan xabar olib turishi, ro‘zg‘orlarimizga ko‘maklashayotgani ishchanligimizni oshirgan. Hatto, mashinada ketayotgan bo‘lsa ham, erinmay tushib, «hormanglar» deb qo‘yishni kanda qilmaydi.  Bu bizga dalda berayapti. Bugun ko‘zgu qarshisida o‘tirib, to‘g‘risi, o‘zimni taniy olmay qoldim. Boshqa ayollar qatori ayol ekanimni his qildim. Hammasi uchun rahmat!» — dedi Nargiza Eshova.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring