«Hokim bo‘lish uchun 80 ming dollar» — soxta amaldorlar ushlandi
O‘zini Prezident administratsiyasi xodimi sifatida tanishtirib, tuman hokimi lavozimiga tayinlash evaziga fuqarodan 80 ming AQSh dollari talab qilgan shaxslar qo‘lga olindi.
IIV matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, joriy yilning 18 may kuni IIVga Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanida yashovchi fuqaro ariza bilan murojaat qilgan.
Unga ko‘ra, shu yilning aprel oyida o‘zini Prezident administratsiyasi xodimi sifatida tanishtirgan shaxs va uning sherigi Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik va Beshariq tumanlari hokimlari referendum o‘tganidan so‘ng lavozimidan bo‘shatilishini, ularning o‘rniga nomzod qidirib yurishganini aytishgan.
Ular ariza muallifini Uchko‘prik tumaniga hokim etib tayinlash evaziga undan 80 ming AQSh dollari, shundan hujjatlarni rasmiylashtirish uchun oldindan 25 ming AQSh dollari talab qilishgan.
Arizaga asosan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Mirobod tumanida ikki nafar shaxs ariza muallifidan 25 ming AQSh dollarini olgan vaqtda ushlanganlar. Ularning yonidan bir necha fuqarolarning rahbar lavozimlariga tayinlash uchun Prezident administratsiyasiga yozgan arizalari tekshirish uchun olingan.
Mazkur holat yuzasidan JKning 168-moddasi 4-qismi «a» bandi va 211-moddasi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilar qamoqqa olingan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter