Yangi hisoblagich odatdagidan ko‘p «tok yeyapti»mi? Antimonopol qo‘mita surishtiruv boshladi
Xonadonlarga o‘rnatilayotgan yangi elektr hisoblagichlar avvalgilariga qaraganda 2,5 baravar ko‘p elektr energiyasini sarflashi haqida iste’molchilardan e’tirozlar tushayotgani haqida xabarlar tarqalgandi.
Avvalroq elektr energiyasi sarfini hisoblovchi yangi priborlarni o‘rnatish va uni ishlashi bilan bog‘liq ushbu murojaatlarga Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi munosabat bildirgandi.
Antimonopol tashkiloti o‘zining navbatdagi xabarida vaziyatni aniqlashtirishda iste’molchilarni hamkorlik qilishga chaqirdi:
«Hurmatli, iste’molchilar!
Elektr energiyasi sarfini hisoblovchi yangi priborlar bo‘yicha kelib tushayotgan ko‘plab murojaatlarni to‘laqonli o‘rganish uchun «Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi» AJ, «O‘zstandart» agentligi, elektr energiyasini hisobga olish priborlarini ishlab chiqaruvchi korxona hamda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi vakillari tarkibidan iborat ishchi guruh tuzilib, mazkur murojaatlar joyiga chiqqan holda o‘rganilmoqda.
Agar Sizning xonadoningizga o‘rnatilgan yangi hisoblagich haqiqatda iste’mol qilingan elektr energiyasidan ko‘proq sarfni ko‘rsatyotgani to‘g‘risida shubha uyg‘ongan bo‘lsa, ushbu holatni ishchi guruh orqali to‘laqonli o‘rganish maqsadida Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga murojaat qilishingiz hamda ishchi guruh bilan hamkorlikda faol ishtirok etishingiz taklif qilinadi.
Ma’lumot uchun: hozirda ishchi guruh vakillari tomonidan Toshkent shahrining Sergeli tumanida ish olib borilmoqda», deyiladi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi axborot xizmati xabarida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter