Hindistonda egasini pichoqlab qo‘ygan xo‘roz sud qilinadi
Hindistonning Telangana shtatida xo‘roz urishtirishdan oldin jangovar parranda o‘z egasini o‘ldirib qo‘ydi, deb yozadi «Times of India».
Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, 45 yoshli Tanugul Satish xo‘roz urishtirishda qatnashish uchun parrandasini Jagital shahriga olib kelgan. Jang boshlanishidan sal oldin xo‘roz qochishga urinib, panjasiga bog‘langan pichoq bilan tasodifan egasining chov qismiga zarba berib yuborgan. Qonga belangan Satish mahalliy shifoxonaga yuborilgan, ammo u yo‘lda vafot etgan.
Huquqni muhofaza qilish organlari qasddan bo‘lmagan odam o‘ldirish holatini qayd etib, xo‘rozni politsiya mahkamasiga yetkazishdi. Shunga qaramay, ular yangiliklar telekanallarining parranda hibsga olingani haqidagi bayonotlarini rad etishmoqda.
«Politsiya tergov paytida xo‘rozni himoya qilish va unga bog‘langan pichoq bilan birga sudda taqdim etish uchun javobgardir», — dedi subinspektor B.Jivan.
Uning qo‘shimcha qilishicha, parrandaga ayblov e’lon qilinmaydi, lekin odam o‘limiga sababchi sifatida sudga taqdim etilishi kerak. Xo‘rozning taqdirini sudya hal qiladi.
Jivanning so‘zlariga ko‘ra, politsiya parranda o‘rniga Telangana shtatida taqiqlangan xo‘roz urishtirishlarida qatnashgan odamlarni hibsga olib, sudga topshiradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter