Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Hayf bo‘lsin!» Oliy Majlis deputati «Nuritdinov ishi» bo‘yicha yana munosabat bildirdi

«Hayf bo‘lsin!» Oliy Majlis deputati «Nuritdinov ishi» bo‘yicha yana munosabat bildirdi

Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev yana bir bor andijonlik bloger Otabek Nuritdinovning 15 sutkaga qamalishi bo‘yicha fikr bildirib o‘tdi. Eslatib o‘tamiz, Andijon viloyat hokimligi tomonidan bu borada bayonot berilgan edi. Kusherbayev o‘sha bayonotga javob qaytargan.

«Otabek Nuritdinovning mas’ullar ishini tanqid qilgani uchun Asakadagi bir guruh mansabdorlar tomonidan o‘zaro til biriktirib jazolatgani yana ham oydinlashmoqda.

Shu o‘rinda Andijon viloyati hokimiyati matbuot xizmati tomonidan o‘ta noxolis, ishonchsiz va bir yoqlama tayyorlangan bayonotni ko‘rib chiqib, ularga quyidagilarni eslatmoqchiman.

Birinchidan, fuqaro-bloger ishlatgan haromi, degan so‘z haqoratga kirmaydi. Bu Farg‘ona misolida o‘z isbotini topgan.

Ikkinchidan, bir fuqaroning ortidan poylab qadamba qadam yurib, materiallar to‘plash IIB xodimi uchun pastkash ish. Men bilgan «forma» kiyganlar mard va oliyjanob, eng muhimi haqiqiy erkak kishilar. Xaliyam bu fikrimda qolaman: ularga pastkashlik yarashmaydi.

Uchinchidan, fuqaro-bloger ustidan arz qilganlar ushbu fuqaro tomonidan tanqidga uchragan shaxslar bo‘lgani bois, bu ishni ko‘rib chiqib, qaror qabul qilinishida xolislik bo‘lmagan, deb o‘ylayman. Aylanib ham o‘rgilib ham fuqaro mas’ullarning faoliyatini tanqid qilgani uchun jazolangani faktligicha qolayapti. Bu fuqarolik jamiyatini rivojlantirish yo‘lida juda yomon signal.

To‘rtinchidan, qonunlarni amalga tadbiq qilishda tenglikka rioya qilinmay mansabdorlar uchun o‘ta yengil yondashuv fuqaro uchun o‘ta og‘ir yondoshuv bo‘lmoqda. Hokim haqorat qilsa isbotlanmaydi yoki nari borsa kechirim so‘raladi, fuqaro haqorat emas tanqid qilsa ham qamaladi.

Beshinchidan, eng yomoni uyushtirilgan shu ishni ko‘rib chiqib, adolatli qaror qabul qilish imkoni bo‘lgan sud ham adolatsizlik qilib, O‘zbekiston nomidan bir fuqaroni fikr bildirgani, tanqid qilgani va o‘zining fuqarolik pozitsiyasini namoyon qilgani uchun jazolagan. Essiz, zo‘ravonlik asli biz suyangan, ishongan, mustaqil qilamiz va taqdirimizni ishonamiz, degan dono sud orqali qilinmoqda. Hayf bo‘lsin.

Bundan chiqdi vaziyatdan kelib chiqib, fuqaro sifatida konstitutsiyaviy huquqimdan foydalanib bildirgan tanqidiy fikrlar uchun ham meni sud qarori bilan jazo kutmoqdami?

So‘nggida aytar so‘zim: Asaka mas’ullari hayf sizga, siz adolatsiz, tanqidni ko‘tara olmaydigan, davlat rahbari namuna bo‘lib olib borayotgan ochiqlik yo‘lidagi islohotlarni tushunmaydigan, o‘z o‘rniga nomunosib shaxslar ekansiz. Yaxshisi o‘rningiz xalqparvar, adolatli, davlat rahbarining siyosatini to‘g‘ri anglab qo‘llab quvvatlaydiganlarga bo‘shatib bering!» — deydi Kusherbayev.

E’tiborli tomoni, 28-dekabr kuni Andijon viloyat hokimligi tomonidan mahalliy jurnalist va blogerlar uchun dasturxon yozilib, faollar taqdirlangan. Jumladan, Otabek Nuritdinov ham viloyat hokimligi nomidan qimmatbaxo planshet bilan siylangani aytilmoqda. Oradan bir kun o‘tib, bloger qamoqqa olingan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring