Haydovchilarga yana bir majburiyat yuklaydigan hujjat loyihasi ishlab chiqildi
SSV ishlab chiqib, jamoatchilik muhokamasiga qo‘ygan vazirlik buyrug‘i loyihasiga ko‘ra, haydovchilar uchun yana bir majburiyat yuklaydigan tartib amaliyotga joriy qilinishi mumkin.
Gap shundaki, vazirlik yo‘l transport hodisalarida jabrlangan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatilishini tashkil etishga doir yangi tartibni ishlab chiqqan. Ya’ni, yo‘l-transport hodisalarida jabrlangan shaxslarga ko‘rsatiladigan tibbiy yordam hodisa yuz bergan joyning o‘zida tibbiyot xodimlari yetib kelguniga qadar birlamchi shoshilinch yordam (birinchi tibbiy yordam) ko‘rsatish tartibi tasdiqlanmoqda.
Ushbu buyruq tasdiqlangandan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi hududida yo‘l-transport hodisalarida jabrlangan shaxslarga yagona birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish tartibi joriy etiladi.
Buyruq loyihasiga ilova qilingan «Yo‘l transport hodisalarida jabrlangan shaxslarga birlamchi shoshilinch yordam ko‘rsatilishini tashkil etish tartibi»da esa birinchi tibbiy yordam ko‘rsatadigan shaxslar, holatlar va ushbu holatlarda tibbiy yordam ko‘rsatish ketma-ketligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Jumladan, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatadigan shaxslarning «maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan bo‘lishi» sharti kiritilmoqda.
Buyruq loyihasiga ko‘ra, «maxsus tayyorgarlikdan o‘tishi zarur» bo‘lganlarga quyidagilar:
- ichki ishlar xodimlari;
- harbiy xizmatchilar;
- milliy gvardiya xodimlari;
- favqulodda vaziyatlar vazirligining qutqaruvchilari;
- avtotransport haydovchilik guvohnomalari mavjud shaxslar kiritilmoqda.
Oldindan taxmin qilib aytganda, mazkur loyiha kuchga kirsa, haydovchilik guvohnomasi mavjud bo‘lgan har qanday shaxsdan ehtimoliy birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilishi kerak bo‘lgan holatlar uchun «maxsus tayyorgarlik»dan o‘tganlik haqidagi istalgan bir hujjat so‘ralishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, vazirlik hujjati loyihasida «maxsus tayyorgarlik»ning qay tartibda bo‘lishi, yuqoridagi shaxslarning «maxsus tayyorgarlik»dan o‘tganligi qanday tartibda tekshirilishiga aniqlik kiritilmagan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter