«O‘zgidromet» havo keskin sovib ketishidan ogohlantirmoqda
Joriy yilning 17-20-mart kunlari O‘zbekiston hududiga Erondan iliq va nam havo, so‘ngra Volga bo‘yi hududlaridan sovuq havo massasi kirib kelishi kutilmoqda.
Bu haqda «O‘zgidromet» xabar berdi.
17-18-martda respublika hududining katta qismida vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. 18-martda ba’zi joylarda yomg‘ir qisqa muddatga qorga aylanishi mumkin.
17-martda Buxoro, Navoiy viloyatlarida ba’zi joylarda kuchli yomg‘ir yog‘adi.
18-martda, Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Qashqadaryo, Surxondaryo, Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlarida ba’zi joylarda kuchli yomg‘ir yog‘adi.
Respublikaning tog‘li hududlarida yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor), vaqti-vaqti bilan kuchli bo‘ladi.
17-18-martda respublikaning ayrim joylarida shamol tezligi 15-20 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda;
17-martda Jizzax, Surxondaryo viloyatlarida 22-27 m/s gacha kuchayishi mumkin;
18-martda Surxondaryo, Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlarida 22-27 m/s gacha kuchayishi mumkin.
19-20-martda kechalari havo harorati 0-3° iliqgacha pasayadi, Buxoro, Navoiy, Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida ba’zi joylarda havoda va tuproq yuzasida 1-2° sovuqgacha bo‘lishi mumkin.
19-20-martda Qoraqalpog‘istonda, Xorazm viloyatida va cho‘l hududlarida 2-6° sovuqgacha, Qoraqalpog‘istonning shimolida ba’zi joylarda 7-10° sovuqgacha bo‘ladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter