Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Harbiylar qiyin vaziyatda qolgan donorlik xizmatiga yordamga keldi. Og‘ir bemorlar uchun qon topshirilmoqda

Harbiylar qiyin vaziyatda qolgan donorlik xizmatiga yordamga keldi. Og‘ir bemorlar uchun qon topshirilmoqda

Bugun, 10 aprel kuni Markaziy harbiy okrug harbiy xizmatchilari karantin vaqtida potensial donorlar soni keskin kamayib ketganligi sababli ko‘ngilli ravishda qon topshirishdi. Bu haqda harbiy jurnalist, kapitan G‘ayrat Madrahimov Xabar.uz’ga ma’lum qildi.

Mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida korxona va tashkilotlar faoliyati hamda fuqarolarning harakatlanishi vaqtincha cheklanib, donorlik qoni zaxirasi ham kamaydi. O‘tgan vaqt ichida onkogematologik va davolash qiyin bo‘lgan kasalliklarga chalingan bemorlar uchun donorlar yordamiga muhtojlik sezila boshladi.

Muammoni bartaraf etishga hissa qo‘shish maqsadida harbiy xizmatchilar savobi ulkan saxovat tadbiriga bosh qo‘shdilar. Ya’ni Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi bilan kelishgan holda hududiy qon quyish markazlari mutaxassislari tomonidan Samarqand, Jizzax hamda Navoiy garnizonlarida xizmatni o‘tayotgan ko‘ngilli harbiy xizmatchilardan donorlik qoni olish yo‘lga qo‘yilib, buning uchun yetarlicha shart-sharoit yaratildi.

«Ezgulik albatta qaytadi» shiori ostida o‘tkazilgan tadbirda donorlik qoni topshirgan harbiy xizmatchilar tibbiyot punktining o‘zida oqsil moddalarga boy mahsulotlardan tanovvul qilishdi. Ular bir sutkaga dam olishga yuborildi hamda 3 kunga jismoniy mashqlardan ozod qilindi.

Ma’lumot o‘rnida, viloyat qon quyish ko‘chma stansiyasining kunlik quvvati 150 nafar donordan qon olishga mo‘ljallangan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring