Harbiy xizmat oldidan xizmat. Armiyaga ketishi kechikkan yoshlarga boshqa ish topib berishdi (foto)
Muddatli harbiy xizmatga fuqarolarni yuborish tadbirlari kechiktirilgan bo‘lsa-da, saralashdan o‘tib, «komanda»ga tushgan chaqiriluvchilar ko‘ngilli ravishda dizenfeksiya ishlarida qatnashmoqda. Bu harbiy jurnalist G‘ayrat Madrahimov Xabar.uz’ga ma’lum qildi.
Markaziy harbiy okrugiga qarashli Samarqand (775), Navoiy (580) hamda Jizzax garnizonida (302) jami 1657 nafar bo‘lajak askar viloyatlarning mudofaa ishlari bo‘yicha boshqarma va bo‘limlari mas’ullari hamda sanitariya-epidemiologiya nazorat markazlari bilan hamkorlikdagi taktik-maxsus o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etmoqda.
Natijada katta masshtabdagi hududlarda virus infeksiyasiga qarshi samarali kurash olib borilyapti. Ko‘ngillilar safi esa kun sayin ortmoqda.
Shuningdek, harbiy okrug kesimidagi kuch tuzilmalarining 30 ga yaqin maxsus texnikalari yo‘llar, ko‘pqavatli binolar atrofi, ko‘chalarda tozalash tadbirlariga jalb qilingan.
Chaqiriluvchilar uyda qolishdan ko‘ra infeksiyaga qarshi kurashishni afzal bilishmoqda. Har bir tumanda yoshlardan iborat 4-5 ta, viloyatlarda esa 40 ga yaqin otryadlar tuzilib, bozorlar, maishiy savdo do‘konlari hamda aholi yashash manzillariga yuborilmoqda.
Bundan tashqari harbiy texnikalarga o‘rnatilgan ovoz kuchaytirgichlar orqali fuqarolardan zaruratsiz ko‘chaga chiqmaslik so‘ralmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, Markaziy harbiy okrugda fuqarolarni muddatli harbiy xizmatga yuborish va askarlarni xizmatdan kutib olish tadbirlari 20 martdan 10 aprel kuniga qadar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan edi. Biroq O‘zbekistonda karantin tadbirlari sababli, fuqarolarni muddatli harbiy xizmatga yuborish vaqtincha kechiktirildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter