Habib Nurmagomedov Dog‘istonda ahvol juda og‘irligini bildirdi
Yengil vazn toifasida UFC chempioni Habib Nurmagomedov koronavirus sabab yuzaga kelgan og‘ir vaziyat tufayli Dog‘iston xalqiga murojaat bilan chiqdi.
«Dog‘istonda ahvol juda og‘ir. Shifoxonalar kasallarga to‘lgan, juda ko‘plab qurbonlar bor. Aynan hozir birlashadigan vaqtimiz keldi. Tartib va intizomni namoyish qilish vaqti keldi. Faqat birlashgan holda bu virusni yengish mumkin.
Shifokorlar va ularning talablariga quloq tutishimiz kerak. Chunki ular vaziyatni yaxshi bilishadi. Ular kasal bo‘lishimizni xohlamaydi, shifoxonalar to‘lib ketishini istamaydi. Shundoq ham u yerda joy yetmayapti, tibbiy jihoz va dori-darmonlar yetishmayapti. Nafaqat Dog‘iston yoki Rossiya, butun dunyo bunga tayyor emas edi...
Bu kasallikni yengib o‘tgan o‘nlab mamlakatlar bor. Ular faqat birlashgan holda va shifokorlar gapiga quloq solgan solib, uni yengib o‘tdi. Bu endi boshlangan vaqtda Dog‘istondagi ko‘pchilik shifokorlarning gapiga ishonishmadi. Bundan kimlardir manfaatdorligini aytishdi, bilmadim bu vaziyatdan kimlar manfaatdor bo‘lishi mumkin? Hamma kasallanyapti, farroshmisan yoki prezident, farq yo‘q, kasallik barchaga yuqmoqda...
Juda og‘ir vaziyat. Yaqin qarindoshlarimning 20 nafardan ortig‘i reanimatsiyaga tushdi. Ularning ko‘pchiligi endi yo‘q, juda ko‘plab tanishlarim, yaqin do‘stlarimning ota-onalari vafot etdi. Biz yoshlarda immunitet bor, biroq keksalar buni juda og‘ir o‘tkazmoqda. Ota-onalarimiz, bobo-buvilarimiz haqida o‘ylang...» — dedi Habib o‘z murojaatida.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyada koronavirus qayd etilganlar soni qariyb 300 mingni tashkil etadi. Mamlakatda har kuni 10 mingga yaqin kasallanish holati aniqlanmoqda. Shu vaqtga qadar 2 800dan ortiq kishi vafot etgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter